Yo'l — umumxalq mulki

    2021-yilning o'tgan 9 oyi davomida 4 847 ta ob'ektdagi avtomobil yo'llarida nazorat ishlari o'tkazildi.

    Tarixdan ma'lumki, qadimdan ham yo'l solish, ko'prik qurish — eng savobli amallardan hisoblanadi. Bu hayotiy tushuncha milliy qadriyatlarimizda ham o'z aksini topgan. Yana bir narsa aniqki, yo'l qurish qanchalik ulug'lansa, unga bevosita va bilvosita zarar yetkazish, yo'lni sifatsiz qurish va yoxud buzish shunchalik oqlanmaydi.

    Hech kim ataylabdan tayyor turgan yo'lni buzmaydi: bu ishning ham o'ziga yarasha sababi bo'lishi kerak. Ammo... eng avvalo, o'sha sabab oqibatni oqlashi, favqulodda muhim bo'lmog'i kerak. Ikkinchidan va asosiysi, huquqiy-demokratik davlatda yashayotgan, yangi O'zbekistonimizda inson qadri va manfaati ustuvorlik kasb etishini maqsad qilgan ekanmiz, har bir hatti-harakat qonun doirasida qilinmog'i lozim.

    Transport vazirligi huzuridagi Yo'l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspektsiyasi mamlakatdagi yo'llar qurilishi, shuningdek, yo'l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruktsiyalarini ishlab chiqarish sohasidagi qonuniy hujjatlar talablari bajarilishini nazorat qiluvchi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi. Binobarin, “O'zyo'linspektsiya” o'ziga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, muntazam ravishda avtomobil yo'llarida olib borilayotgan ishlar ustidan qat'iy sifat nazoratini amalga oshirmoqda.

    Jumladan, 2021-yilning o'tgan 9 oyi davomida 4 847 ta ob'ektdagi avtomobil yo'llarida nazorat ishlari o'tkazildi. Shundan: 52 tasi qurilish, 142 tasi rekonstruksiya qilish, 134 tasi mukammal ta'mirlash, 2246 tasi joriy ta'mirlash ob'ekti, 1555 tasi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarini saqlash, 146 tasi ko'kalamzorlashtirish, 47 ta tabiiy ofatni bartaraf etish obyekti, 39 ta noqonuniy qazish, 180 ta holatda yo'l qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalardagi ishlar. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan 294 ta qishloq, ovul va mahallalardagi ob'ektlar hamda 12 ta boshqa ob'ektda o'tkazilgan nazorat tadbirlari ham ana shular jumlasiga kiradi. Aniqlangan qoidabuzilish holatlarini bartaraf etish bo'yicha buyurtmachi, pudratchi, loyihachi, saqlovchi va boshqa tashkilotlarning mas'ul xodimlariga nisbatan 5 209 ta bajarilishi majburiy bo'lgan yozma ko'rsatmalar berildi.

    Raqam – raqam bilan-ku, ammo ularning har biri ortida sifatsiz yoxud sifati talabga to'la javob bermaydigan necha kilometrlab yo'l va tabiiyki, davlat xazinasidan sarflangan milliardlab mablag' yotibdi.

    Albatta, so'nggi yillardagi mamlakatning infratuzilma rivojida qurilayotgan avtomobil yo'llar, ko'prik va yo'l o'tkazgichlarning salmog'i ortib borayapti va bu — taraqqiyotimiz jadallashib borayotganidan dalolat. Lekin bir narsani nazardan soqit qilmaslik kerakki, avtomobil yo'llari qurilsa-yu, uni saqlash bo'yicha qoidalarga rioya qilinmasa, natijada ularning sifati tez orada ko'ngildagidek bo'lmasligi tabiiy.

    Piyodalarning ham, haydovchilarning ham haqli e'tirozlariga sabab bo'layotgan holatlardan yana biri — yo'llardagi qurilish yoki ta'mirlash yakunlanganidan so'ng, ko'p vaqt o'tmasdan turli xil vaj va sabablar bilan qilingan qazishlar oqibatida yuzaga kelayotgan noqulayliklardir.

    Bu borada qonun nima deydi? O'zbekiston Respublikasining “Avtomobil yo'llari to'g'risida”gi qonuni talablariga ko'ra, avtomobil yo'llari qaysi yuridik shaxslar ixtiyorida bo'lsa, o'sha sub'ektlar bilan oldindan kelishmasdan, kanallar, aloqa va elektr uzatish liniyalari, quvurlar, temir yo'llar hamda boshqa kommunikatsiyalar — avtomobil yo'llarini kesib o'tishiga yo'l qo'yilmaydi. Avtomobil yo'llaridagi yoki ularning ayrim uchastkalaridagi harakatlanishni cheklash yoki ta'qiqlash – unga egalik qilayotgan yuridik shaxslar tomonidan berilgan ruxsatnomalar asosidagina amalga oshirilishi kerak. Ruxsatnoma berish jarayonida esa, tabiiyki, infratuzilma o'tkazgan, ya'ni yo'lni qazgan tashkilot yo'l qoplamasini sifatli tiklab berishni ham zimmasiga olishi shart. Biroq o'tkazilgan nazorat natijalari shuni ko'rsatmoqdaki, ko'p hollarda avtomobil yo'llaridagi qazish ishlari tegishli ruxsatnomasiz yoki ruxsatnoma talablariga rioya etmagan holda amalga oshirilyapti.

    2020-yil 22-yanvarda qabul qilingan qonun bilan O'zbekiston Respublikasi “Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksi”ning 147-moddasiga o'zgartirish kiritildi. Unga ko'ra, avtomobil` yo'llarini o'zboshimchalik bilan qazish, ularda sun'iy notekisliklar va to'siqlar yaratish, bu boradagi ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, shuningdek, yo'llarni saqlash qoidalarini buzish bilan bog'liq ishlar ma'muriy huquqbuzarlik hisoblanadi. Buning uchun fuqarolarga — bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravari miqdorida jarima solinishi belgilangan. Yo'llarni saqlash qoidalarini buzganlik bo'yicha “O'zyo'linspektsiya” mansabdor shaxslar tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi bayonnoma tuzish huquqiga ega..

    Shu o'rinda yuqorida sanalgan holatlar bo'yicha joriy yilda kuzatilgan ayrim raqamlarga murojaat qilsak. 9 oy mobaynida loyihalash, qurilish-montaj ishlari bajarilayotganda, qo'yiladigan talablarni buzish, inspektsiya xodimlarining ko'rsatmalarini bajarishdan bo'yin tovlash yoki o'z vaqtida bajarmaslik, shuningdek, avtomobil yo'llarini o'zboshimchalik bilan qazish, ularda sun'iy notekislar va to'siqlar yaratish, berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, qolaversa, yo'llarni saqlash qoidalarini buzish kabi holatlarga yo'l qo'ygan mansabdor shaxslarga nisbatan “Ma'muriy javobgarlik to'g'risida”gi Kkdeksning 99- va 147-moddalari asosida tegishli choralar qo'llanishi uchun 184 ta ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sudlarga yuborildi.

    Bular orasida noqonuniy qazish ishlari bo'yicha 10 ta holat kuzatilgan bo'lib, jami 63,05 million so'mlik zarar aniqlandi va sud organlariga taqdim etildi. 134 ta holat bo'yicha 5 318,46 million so'mlik sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlari hajmini to'lovdan chiqarish bo'yicha talabnoma kiritildi. Yo'l qurilish materiallari tayyorlovchi ayrim korxonalarning mahsulotlari sifatsiz ekani to'g'risida ogohlantirilib, ishlab chiqarishni vaqtincha to'xtatib turish haqida 22 ta ko'rsatma berildi.

    Ko'priklar masalasi ham “O'zyo'linspektsiya”ning doimiy nazoratida turibdi. Zero, 2021-yil 3-fevralda qabul qilingan Davlat dasturida 5 mingdan ortiq ta'mirtalab ko'priklarni ta'mirlash ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish vazifasi belgilab qo'yilgan.

    Inspeksiya tomonidan joriy yilning o'tgan 9 oyi mobaynida 90 ta sun'iy inshoot obyektlarida sifat nazorati o'tkazilib, 42 ta ko'prikdagi qurilish, ta'mir va saqlash ishlaridagi qoidabuzishlarni bartaraf etish bo'yicha ko'rsatmalar berilib, ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

    Albatta, huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning belgilanishi ham, lozim chora-tadbirlar ko'rilishi ham bu kabi holatlarning kamayishiga sabab bo'lishi mumkin. Lekin yo'llar to'g'risidagi qonuniy hujjatlar talablariga to'liq rioya etilishini ta'minlash mas'ul idoralar bilan bir qatorda hammamizga bog'liq. Chunki, yo'l — umumxalq mulki. Uni saqlashga, ravon bo'lishiga jamiyatdagi barcha baravar mas'ul.

    Faxriddin SOLIHOV,

    Transport vazirligi huzuridagi

    Yo'l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish

    inspektsiyasi boshlig'i