“Yoshlar daftari”ga kiritilgan oʻgʻil-qizlarning 2 ming 560 nafariga amaliy yordam koʻrsatildi

    251 nafariga mehnat qurollari olib berilib, 525 nafar yoshning toʻlov-shartnoma mablagʻi toʻlangan hamda boshqa amaliy yordamlar berildi.

    Ayni kunda Toshkent viloyatidagi 1022 ta mahallada yoshlar yetakchisi samarali faoliyat yuritmoqda.

    — Joriy yil boshidan buyon “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oʻgʻil-qizlarning 2 ming 560 nafariga amaliy yordam koʻrsatildi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshligʻi Miraziz Mirsultonov. — Ularning bandligi, taʼlim, oilaviy, ijtimoiy va salomatlik holatlaridan kelib chiqib amaliy yordamlar koʻrsatilmoqda. Xususan, daftarga kiritilgan yoshlarning 251 nafariga mehnat qurollari olib berildi. Bundan tashqari, 525 nafar yoshning toʻlov-shartnoma mablagʻi toʻlangan hamda boshqa amaliy yordamlar berildi.

    Navbatdagi muloqot ham mazkur ishlarning mantiqiy davomi boʻldi. Suhbatda yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi.

    Muloqot davomida yoshlarning tadbirkorlik, bandlik va taʼlim sohasiga oid murojaatlari va takliflari tinglandi.

    Viloyat yoshlari yetakchisi oʻgʻil-qizlar va ularning ota-onalari tomonidan yoʻllangan har bir murojaatni qogʻozga tushirib bordi va yechimi yuzasidan zarur tavsiya va maslahatlarini berdi.

    Muloqotdan soʻng Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshligʻi Miraziz Mirsultonov yoshlar tomonidan bildirilgan har bir masala boʻyicha Yoshlar ishlari agentligining tuman-shaharlardagi masʼullari bilan birgalikda ijrosini nazoratga olishini maʼlum qildi.

    Yoshlar bilan ishlash, ular bilan yaqindan hamkorlik qilishning imkoniyati va yoʻllari koʻp. Vaqt tigʻizligi, vazifalar koʻpligi yuma-yuz koʻrishib, gaplashish imkonini bermasligi mumkin. Ammo gʻayrati nigohidan seziladigan yoshlarning savollariga bugun javob bermaslik, ularning shiddatini soʻndirib qoʻyishi ham hech gapmas.

    Shu bois bu kabi muloqotlarni muntazam tashkil etib borish, muammolarni oʻz vaqtida yechimiga imkon boʻlishi bilan birga, yoshlar uchun alohida motivatsiya vazifasini oʻtashi shubhasiz.

    Shuningdek, yoshlarimizning oʻz imkoniyatlarini toʻlaqonli yuzaga chiqarishiga yordam berish, ularning faolligini, jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik hissini, oʻziga, yurtimizning porloq kelajagiga boʻlgan ishonch va umidini oshirishga xizmat qilmoqda.