Kelajagimiz davomchilari boʻlmish qizlarimizning sogʻligʻi, taʼlim-tarbiyasi, ularning maʼnaviyatli boʻlishi haqida bugun qaygʻurmasak, ertaga uning oqibatini hech bir sabab bilan oqlab boʻlmasligini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda. Xalqimizda shunday naql bor: “Bir yigitni oʻqitsak, bir kishini oʻqitgan boʻlamiz. Bir ayolni oʻqitsak, butun bir jamiyatni oʻqitgan boʻlamiz”. Bundan koʻrinib turibdiki, farzandlar tarbiyasida onalar roli juda katta.
Biz koʻp yillar davomida xotin-qizlarning oila va jamiyatda tutgan oʻrni haqida yuksak minbarlardan turib maqtovli gaplarni aytdik. Lekin ularning haqiqiy sharoitlari, imkoniyatlari bilan kamroq qiziqdik. Koʻpincha muammolardan koʻz yumib oʻtildi. Shu bois yillar davomida yigʻilib boraverdi. Bugun esa, shukrki, opa-singillarimizning dilidagilari tiliga chiqmoqda.
Albatta, muammolarni erkin gapirish va ularni hal etish uchun sharoit va imkoniyatlar yaratilayotgani bejiz emas. Chunki oxirgi toʻrt yilda mamlakatimiz aholisining qariyb yarmi – 17 millionini tashkil etuvchi xotin-qizlarning manfaatlarini taʼminlash, jamiyat hayotidagi oʻrnini mustahkamlash davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yoʻnalishi sifatida qaralib, bu borada shu paytgacha boʻlmagan mutlaqo yangi tizim yaratildi.
Xususan, jamiyatda oliy maʼlumotli, bilimli xotin-qizlar safini kengaytirish maqsadida hukumatning tegishli qaror va hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritildi.
Savol tugʻiladi, xoʻsh bu oʻzgartirishlar xalqimiz uchun qanday qulayliklar va yengilliklar beradi?
Gap shundaki, oʻtgan oʻquv yilida 950 nafar ehtiyojmand oilalardagi xotin qizlar oliy taʼlimga kirgan boʻlsa, tegishli qarorga asosan 2021/2022 oʻquv yillarida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni ikki mingta etib belgilandi. Bundan koʻrinib turibdiki, ehtiyojmand oilalarning 2000 ing nafar xotin qizlari oliy dargohlarda oʻqiydi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor doimiy yashash yoki vaqtincha turar joyi boʻyicha tuman (shahar), mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimiga elektron shaklda murojaat qilishlari imkoniyatlari yaratildi. Bu esa xotin qizlarimizning ortiqcha sarf-xarajatlar va sarsongarchilikning oldini olishi bilan birga, shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi. Tavsiyanoma belgilangan mezonlarga mos kelgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga bir yil muddatda berilishi belgilandi.
Xotin qizlarimiz bu imkoniyatdan bir marta foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi, ikkinchi yil hujjat topshirishda bu imkoniyat berilmaydi.
Shuningdek, oilaning ehtiyojmandlik darajasini “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning qiz farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar orqali aniqlash tartibi joriy etilmoqda. Mazkur tizim haqiqiy ehtiyojmand oilalardan adolatli roʻyxat shakllanishiga zamin boʻladi.
Qizlarning sifatli taʼlim olishi, kasb egallab, ishli boʻlishi uchun katta imkoniyatlar yaratilgan. Talabalarning 48 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Oʻtgan yili yoʻlga qoʻyilgan tizimga muvofiq, 950 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj qiz oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilindi.
Ayollarning tadbirkorligi, tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanyapti. Oʻtgan yili 585 mingga yaqin xotin-qizlarning bandligi taʼminlangan, 36 mingdan ortiq ayollar kasb-hunarga oʻqitilgan.
Xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va manzilli hal etish maqsadida “Ayollar daftari” joriy etildi. Ushbu daftarga 9 ta mezon asosida 433 ming nafar xotin-qiz kiritilib, elektron baza shakllantirildi. Bugungi kungacha 80 ming xotin-qizlarning muammolari hal etilgan.
Oliy maʼlumotli boʻlishni istagan, qobiliyati, bilimi bor, lekin taqdir taqozosi bilan orzusiga erisha olmagan xotin-qizlarni ragʻbatlantirish tizimi joriy qilindi. Yaʼni, ota-onasining biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarning shartnoma toʻlovi hokimlik va oliy oʻquv yurti hisobidan qoplab beriladi. Bu yangi tizim, ilgari mahalliy rahbarlar bunday ishlarni amalga oshira olmasdi. Endi imkoniyat bor, chunki, tumanning mahalliy byudjeti oʻzida qoladi.
Bu yaratilayotgan yangicha tizimning toʻlaqonli shaffof boʻlishini taʼminlash mahalliy kengashlar deputatlari, qolaversa quyi palata deputatlarining ham ustuvor vazifasi sanaladi. Ular mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi faollari bilan hamkorlikda xotin-qizlar muammolarini aniqlash va ularning amaliy yechimlarini topishda tashabbuskor boʻlishlari shart.
Mavjuda HASANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati