Mazkur suhbat orqali otashin shoir, tarjimon, dramaturg Usmon Nosir haqidagi baʼzi maʼlumotlarga oydinlik kiritishga harakat qildik.
“...tintuv tugagach, Mansurov Usmon Nosirni oldiga solib tashqariga chiqadi. Usmon hovlida turgan otasi va Qoʻqondan ulardan xabar olgani kelgan amakisi Ibodjon bilan quchoqlashib xayrlashadi, singillarining peshonasidan oʻpadi. Qoʻshni xonada hamon hushidan ketib yotgan singlisi Ravzaxonga koʻz qirini tashlaydi-da, Mansurov ketidan koʻcha eshik tomon yuradi. Xolambibi aya, “Usmonjon, bolam, ayang oʻlsin!.. Bizni oʻzing kimlarga tashlab ketyapsan?!” deb faryod qiladi… Onaning koʻz oʻngida Usmon siymosi qoʻlidagi oppoq kepkasini gʻijimlagan koʻyi bir umr muhrlanib qoldi…”
1988-yilda matbuotda Nodira Rashidovaning “Men hayotga qaytishim kerak!” nomli maqolasi eʼlon qilinadi. Otashin qalb egasi boʻlgan Usmon Nosir hayoti va ijodi bilan bogʻliq maʼlumotlarning birinchi marta matbuotda oshkora chop etilishi sheʼriyatga oshno qalblarni larzaga solgani yodimizda. Shundan buyon oradan 34 yil oʻtdi. Oʻtgan vaqt orasida Nodira opa togʻasining hayoti va ijodi bilan bogʻliq qanday izlanishlar olib bordi? Savollarimizga javob topish va ayni paytda qutlugʻ yetmish olti yoshni qarshilagan tadqiqotchi va yozuvchi Nodira Rashidovani ziyorat qilish istagida poytaxtimizning Akmal Ikromov koʻchasidagi xonadonga kirib bordik.
– Nodira opa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorini eshitganingizda Xolambibi aya bilan boʻlgan suhbatlaringiz, Magadan va Kemerevoda olib borgan izlanishlaringiz yodingizga tushgan boʻlsa kerak...
– Bu qarorni eshitganimda ich-ichimga juda katta yorugʻlik, nurli toʻlqin kirib kelgandek boʻldi. Men soʻzim avvalida Prezidentimiz haqida dil soʻzlarimni aytib oʻtmoqchiman. Shavkat Mirziyoyev yuragini kaftiga qoʻyib, oʻz qalbidagi yolqin bilan xalqimizning borar yoʻllarini yoritayotgan bir qahramondir. Allohga shukr, yomonlikka, yovuzlikka qarshi kurashadigan, xalqimizning beayb qurbon boʻlgan farzandlari nomini yorugʻlikka chiqaradigan shunday mard inson bor ekan... Toʻgʻrisi, bu kunlarni kutmagan edim. Chunki koʻplab odamlar shu paytgacha ichimdagi adolatparvarlik yolqinini oʻchirishga harakat qilishdi. Shu bois hech qachon hech kim bilan yayrab gaplashmaganman. Mana, bugun davlatimiz rahbari men bir umr orziqib kutgan adolat tantanasini eʼlon qildi. Demak, Allohga qilgan iltijolarim qabul boʻlgan ekan.
Albatta, buvim – Xolambibi ayaning suhbatlari umrim kitobidagi eng qimmatli, eng iztirobli sahifalardir. Men bobom va buvimning katta va erkatoy nabirasi edim. Shu bois ular meni koʻpincha uylariga olib ketishardi. Tasavvur qiling: koʻchada qor boʻralab yogʻyapti. Sebzordagi Qozikoʻcha mahallasida joylashgan oʻsha qadrdon hovlimiz. Bozillagan sandalda issiqqina oʻtiribmiz. “Burjovka” pechkaning ustidagi choynakda suv qaynayapti. Oʻsha lahzalarni har safar eslasam yuragim hapqirib ketadi. Buvim oʻzini ham, meni ham ovutish istagida Navoiy, Fuzuliy, Bobur, Mashrab gʻazallaridan oʻqiydi. Bu gʻazallar arab imlosida yozilgani uchun men hech oʻqiyolmay qiynalaman va buvimga, “Nega siz bemalol oʻqiyapsizu, men oʻqiyolmayapman. Axir uyimizdagi boshqa kitoblarni oson oʻqiyman-ku”, deyman. Buvim menga jilmayib qaraydi-da, birozdan soʻng yana mungʻayib qoladi. “Bolam, sen ham togʻangga oʻxshab ketyapsan. U ham xuddi senga oʻxshab hamma narsaga qiziqar, koʻp oʻqirdi. Bugun men togʻangga koʻp narsani oʻrgatganimdan nihoyatda pushaymonman”, deydi ovozlari titrab... Sandalning narigi tomonida esa Nosirhoji bobom tasbeh oʻgirib oʻtirarkan, buvimning gaplaridan soʻng koʻzlarida yosh koʻringandek boʻladi. “Buvijon, qaysi togʻam haqida gapiryapsiz?” deyman qiziqib. “Ayangning Usmon degan akasi bor edi. Juda bilimli, chiroyli va jasur yigit edi.” Buvimning bu gaplaridan soʻng yanada qiziqishim kuchayadi: “Qani oʻsha togʻam? Qayerga ketdi?” Bu savolimdan soʻng buvim yigʻi aralash javob beradi: “Usmon togʻangni yoʻqotib qoʻydik, bolajonim. Hecham topolmayapmiz...” Men buvimni mahkam achom qilaman-da, unga taskin beraman: “Yigʻlamang, buvijon. Katta boʻlsam, men oʻzim topib kelaman Usmon togʻamni!” Bu gapimdan soʻng bobom asta oʻrnidan turib tashqariga chiqib ketadi. “Buvijon, togʻam kim boʻlgan, nima ish qilgan?” deb soʻrayman yana. “Togʻang shoir edi”, deydi buvim koʻz yoshlarini uzun yenglariga artib. “Ie, shoirlarni ham qamashadimi?” deyman hayratlanib. “Ha, shoirlarni ham qamashar ekan. Lekin qayerga qamashganini bilmaymiz, bolam”, deya buvim yana yigʻlay boshlaydi. Uning kitob sahifalariga tomgan koʻz yoshlariga qarab chidab tura olmayman. “Mana koʻrasiz, men oʻsha joyni, albatta, topaman. Togʻamni oʻzim izlayman!” deyman dadillik bilan. Buvim boshlarimni silab meni bagʻriga bosarkan, “Jon bolam, koʻchaga chiqqaningda men Usmon Nosir degan shoirning jiyaniman, deb aslo ayta koʻrma! Boʻlmasa hammamizni qamab qoʻyishadi”, deydi tayinlab. Oʻshanda bu gaplar mening yuragimga juda ogʻir botgan. Ha, men eng yaxshi koʻrgan aziz insonim – buvijonimning koʻz yoshlari ichida katta boʻlganman.
Shundan soʻng kim bilan gaplashmay togʻamni soʻraydigan, Qoʻqongami, Namangangami, qayerga bormay shoir Usmon Nosirni surishtiradigan boʻlib qoldim. Dadam meni hamisha oʻzi bilan birga olib yurardi. Hatto bir safar Qoʻqonga borganimizda Muqimiyning hujrasida shoir doʻstlari bilan boʻladigan suhbatga ham meni yetaklab ketgan. Oʻsha suhbatda Chustiy domla ham qatnashgan. Usmon Nosir degan shoir haqida soatlab gapirishgan. Men ularning gaplarini eshitib oʻzimcha xulosalar chiqarar, har bir maʼlumotni yodda saqlab qolishga harakat qilardim.
– Siz oʻz maqolalaringizdan birida Usmon Nosirning soʻnggi lahzalari haqidagi maʼlumotlar hujjatlarda boshqacha, qoʻshtirnoq ichidagi doʻstlari tilida boshqacha bayon etilgani haqida kuyunib aytib oʻtgansiz...
– Oʻsha paytlari menda maʼlumotlar koʻp emas edi. Surishtiray desam, yoʻllar toʻsiq. Maktabning 10-sinfida oʻqiyotganimda xunuk xabarlar kelgan uyimizga. Emishki, Usmon Nosirni Magadanda sovuq urib ketgan. Shu bois, shifokorlar uning oyoq-qoʻlini kesib tashlashgan, tishlari ham toʻkilib ketganmish. Goʻyo Ibrohim Nazir degan shoir va mashhur qahramon Tojixon Shodiyeva togʻamni koʻrgani Magadanga borgan emish. Bir burda qora non va tarvuz boʻlagini shoirga berishganida, “Yostigʻim ustiga qoʻyinglar hidlab yotaman. Ushlashga qoʻlim, yeyishga tishim yoʻq”, deya yigʻlagan emish. Ularning aytishicha, togʻam 1954-yilda Magadanda vafot etgan ekan. Endi tasavvur qiling, shuncha alam va iztiroblar ustiga bunday gaplarni eshitish qanchalar ogʻir! Kechasi hamma uxlagan chogʻida hech kimga bildirmasdan Magadanga xat yozdim oʻshanda. Buni qarangki, bir oyga yetmasdan menga javob xati kelgan. Taniqli rus generali menga bunday javob xati yozgan: “Usmon Nosir Magadanda 41 yilgacha boʻlgan. Bu yerda vafot etmagan”. Bu javobdan ancha yengil tortdim oʻshanda. Demak, togʻam haqidagi yomon gaplarni ataylab tarqatishgan ekan. Bir hafta oʻtgach, Kemerevodan ham maktub keldi. Unda yozilishicha, togʻam 1943-yilda Kemerevodagi lagerga joʻnatilgan. Bu gaplarni hech kimga bildirmadim.
Oradan ancha vaqt oʻtdi. Yozuvchi Oʻlmas Umarbekov Yozuvchilar uyushmasiga rais boʻlib keldi. 1986-yil edi oʻshanda. Bir kuni Oʻlmas aka meni yoniga chaqirib, “Anchadan beri kuzatib yuribman, yuragingizdagi dardingizni yaxshi bilaman. Oʻzingizga bir hamroh toping, men sizlarni Kemerevoga yuboraman”, dedi. Shunaqa xursand boʻlib ketdim. Biroq hech kim men bilan birga borishni istamadi. Hamma oʻzidan qoʻrqar edi. Bir kuni xonamda qogʻoz titkilab oʻtirsam, ikkita odam hamrohligida shoir Abdulla Oripov kirib keldi. “Nodiraxon, siz menga xudo bergan singilsiz-aaa? Shuni bilasizmi? Nega Kemerevoga bormoqchi boʻlyapsiz, bormang! Sizni yoʻlda oʻldirtirib yuborishadi!” dedi xavotir bilan. Men esa ularni tinchlantirib, “Abdulla aka, siz aslo siqilmang. Men bitta narsani bilaman, bir boshga bir oʻlim bor. Usmon Nosirdek togʻam tufayli mening shu boshim ketsa ketar. Ortimdan yana birontasi chiqib qolar!” dedim kulib. Abdulla aka mening gaplarimni eshitib biroz turib qoldi-da, keyin indamay chiqib ketdi. Oradan bir necha kun oʻtgach, ishxonamga yozuvchi Isfandiyor kirib keldi. “Sen Kemerevoga bormoqchi ekansan, chipta olaveramizmi?” dedi toʻgʻridan-toʻgʻri gap boshlab. “Voy, rostdan men bilan bormoqchimisiz?” dedim ishonmay. “Ha, endi sendek singlimni oʻsha joylarga yolgʻiz joʻnatmayman-ku!” dedi Isfandiyor aka kulib. Shunday qilib, 1986-yil oktyabr oyida Kemerevoga yetib bordik. Lekin bizni nimagadir qabristonga qoʻyishmadi. Runishkov va Lopatin degan generallar bizni qabul qilishdi. U yerda koʻplab doʻstlar orttirdim. Shu bilan birga, qaysi vrachlar togʻamga qaragani, zonada oʻsha paytda kimlar xizmat qilgani toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻpladim. Hatto Beryozovka koʻchasida kimlar yashagani borasida ham roʻyxat tuzib chiqdim.
Ikkinchi marta 1987-yilda Kemerevoga borganimda menga dugonam, jasoratli shoira Mukarrama Murodova hamrohlik qildi. Oʻsha yerlik ijodkorlar bizni kutib olishdi. Yozuvchilar uyushmasining raisi oʻshanda bizni poʻlat ishlab chiqaradigan zavodga olib borgan. Usmon Nosirning qabriga kitob shaklidagi lavh oʻrnatib, oʻsha lavhga, “Oʻzbek shoiri Usmon Nosir. 1912–1944-yil”, deb yozdirganmiz.
1988-yilda esa bir guruh shoir va yozuvchilar: Hojiakbar Shayxov, Usmon Azim, Muhammad Yusuf bilan birga bordik. Oʻtgan 2021-yili “Qismat” nomli 2 jildli kitobimni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Nasr kengashi muhokamasiga topshirdim. Barcha safarlarim davomida toʻplagan maʼlumotlarni hujjatlar asosida ushbu kitoblarimda jamlashga harakat qildim.
– Shoir Oʻtkir Rashidga – sizning dadangizga ham koʻp tazyiqlar boʻlgan ekan...
– Bir kuni kechasi soat 11 larda uyimizga NKVD raisi Yoʻldosh Bobojonovning turmush oʻrtogʻi Ominaxon aya kirib keldi. “Shu bugun kechasiyoq Toshkentdan chiqib ketar ekansiz. Yoʻldosh aka bir oy ichida stoli ustida turgan orderni yoʻq qilar ekan”, dedi aya tutilib-tutilib. Oʻsha kuni kechasi dadam Nosirxoji bobomga uchrab, bizga qarab turishini tayinlagan va Fargʻona vodiysiga akasining uyiga yoʻl olgan.
1985-yilda Oʻzbekiston SSR Yozuvchilar uyushmasida plenum boʻlgan. Unda bir-ikkita maʼruzadan soʻng dadamga soʻz berishdi. Yuragim dukillab urib ketdi. Dadam tribunaga chiqib, maʼruzani oʻqiy boshladi. Yaxshilab quloq solsam, kechagi yuborilgan maʼruzani emas, oʻzi yozgan yangi maʼruzani oʻqiyapti. Mafkura kotibasi oʻtirolmay tipirchilab qoldi va sahna ortiga oʻtib ketdi. Men ham uning ortidan bordim. Qarasam, ruschalab atrofidagi yordamchilariga, “Nega qaramaysanlar, men bergan maʼruzani nega oʻqimadi”, deb baqiryapti. Dadam maʼruzasini oʻqib boʻlib, mardona qadamlar bilan joyiga kelib oʻtirdi. Eh, oʻshanda shunday dadam borligidan biram gʻururlanib ketdim! Zaldagilar ham boshqacha maʼruzani kutib oʻtirishgan ekan. Dadamning jasoratidan ruhlangan ishtirokchilar bor kuchi bilan qarsak va hushtak chala boshlashdi. Tashqariga chiqqanimizda odamlar dadam ikkalamizni oʻrab olishdi. Shu payt bir guruh shoir va yozuvchilar paydo boʻlib, dadamni mahkam quchoqlay ketishdi. “Biz sizning bunday jasur va mard odamligingizni bilmagan ekanmiz. Yashang, Oʻtkir aka!” deyishgan.
Dadam juda ogʻir-bosiq odam edi. Men umrim davomida uning ikki marta yigʻlaganini koʻrganman. Qoʻqonga ketayotganimizda yoʻlda birdaniga radiodan Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek vafot etgani haqida eʼlon qilishdi. Dadam ukamga mashinani toʻxtating, dedi. Keyin mashinadan tushib, sal nariga bordilar-da, bor ovoz bilan hoʻngrab yigʻlab yubordi. Bu birinchi voqea edi.
Ikkinchi voqea esa bunday boʻlgan. Kemerevodagi qabristondan tuproq olib kelganimizda, ayam bilan oʻsha tuproqni oq matoga oʻrab chiroyli qutiga soldik. Keyin Chigʻatoy qabristoniga olib bordik. Janoza oʻqilib, oʻsha tuproqni qabr kovlab koʻmishganida dadam bor ovozi bilan, “Usmo-o-o-on!!!! Usmon men uchun endi oʻldi!” deya yigʻlagan. Oʻshanda 1988-yil 18-iyul edi.
– “Meni hamon bitta jumboq qiynaydi: xoʻsh, Usmon Nosirning oʻlimiga aynan kimlar aybdor? Aybdorlarning nomlari bordir, axir?! Axir hamma fojialarni “shaxsga sigʻinish” degan mavhum atama ostiga koʻmib yuborib boʻlmaydi-ku!” deysiz bir maqolangiz xotimasida. Oʻsha savollaringizga shu kungacha javob topa oldingizmi?
– Men bu savolga hujjatlar asosida javob yozganman. Afsuski, Usmon Nosirni koʻrolmaydiganlar koʻp boʻlgan. 1937-yilda Moskvada Pushkinga bagʻishlangan plenum boʻlgan. Oʻsha plenumga oʻzbek shoir va yozuvchilari ham taklif qilingan. SSSR Yozuvchilar uyushmasi raisi Bezimenskiy minbarga chiqib maʼruza qilayotganida Pushkin nemis ijodkori Gyotening sheʼrlarini tarjima qilgani haqida soʻz yuritib, oʻsha tarjimadan misollar keltiradi. Shunda eng orqadagi oʻrindiqda oʻtirgan Usmon Nosir shartta oʻrnidan turib, “Kechirasiz, Nikolay Aleksandrovich, bu Gyotening emas, Shillerning misralari!” deydi. Shunda uyushma raisi dovdirab qoladi va uni sahnaga taklif qiladi. Togʻam oʻzini tanishtirgach, Nikolay Aleksandrovich undan, sen Shillerni oʻqiganmisan, deb soʻraydi. Usmon Nosir esa, nafaqat oʻqiganman, hatto yod olganman, deya Shillerning dostonini yoddan oʻqib beradi. Bezimenskiy hayratda qoladi. Togʻamning yelkasidan mahkam quchib, zalga qarab, “Hamma koʻrib qoʻysin! Sharqda Pushkin paydo boʻldi!” deydi. Bu eʼtirofdan soʻng zalda oʻtirganlar oʻrinlardan turib qarsak chalishadi. Oʻsha kuni ertasiga rus tilida chiqadigan koʻplab gazetalarda oʻzbek shoiri Usmon Nosirning rasmi va sheʼrlari chop etiladi. Afsuski, ushbu eʼtirof va shov-shuvlar togʻamning atrofidagilardan koʻpchiligiga yoqmagan.
– Usmon Nosir qamoqda oʻtirgan chogʻida I.V.Stalinga maktub yozadi. “Qamoqda oʻtgan 3 yillik umrim mobaynida, barcha qiyinchiliklarga qaramay, men bitta sheʼriy roman, 3 ta pyesa va turkum sheʼrlar tayyorladim”, deydi shoir. Siz oʻz izlanishlaringiz davomida shoir taʼkidlagan oʻsha ijod namunalarini ham topa oldingizmi?
– Buvim bilan ayam togʻamning qoʻlyozmalarini soʻrab Yozuvchilar uyushmasiga borishgan. Chunki togʻam bir tanishidan shunday qilishlarini tayinlab yuborgan ekan. Mana mening arxivimda togʻam yozgan oʻsha xat bor. 1940-yilda yozilgan. Stalinning imzosi ham saqlangan. Bu xat uch yilga kechikib, yaʼni 1943-yilda keladi. Keyingi yili komissiya tuzilib, uning buyrugʻiga binoan Usmon Nosir oqlanadi. NKVD xodimlari togʻamning arab imlosidagi sheʼrlarini oʻqiyolmagani bois ularni Yozuvchilar uyushmasiga yuborishadi. Oʻzbekiston SSR Yozuvchilar uyushmasi raisiga togʻamdan kelgan qoʻlyozmalarni olib kirishganida bir-ikki ijodkorlarning koʻz oʻngida uyushma raisi qoʻlyozmalarni goʻyoki axlat chelagiga tashlab yuboradi. Keyinchalik esa oʻsha qoʻlyozmalar boshqa birovning nomidan matbuotda eʼlon qilinadi.
– 2019-yilda sizning “Yetti sayyora” deb nomlangan kitobingiz nashr etildi. Unga “Usmon Nosir” nomli pyesangiz ham kiritilgan ekan. Mazkur pyesa bilan tanishib, bu asar bir necha yillar davomida toʻplangan hujjatlar va maʼlumotlar asosida yozilganligini angladim.
– Bu maʼlumotlarni toʻplash uchun men butun umrimni, hayotimni sarfladim, deya ayta olaman. Bu pyesa mening koʻz yoshlarim bilan sugʻorilgan. Uning har bir satriga qalb qoʻrimni qoʻshib yozganman. Keling, shu oʻrinda tergovchi Mavrin bilan boʻlgan suhbatda togʻam aytgan mana bu gaplarni sizga oʻqib bersam: “Mening yuragimda millatimning gʻururi Navoiy, Boburlar, Mashrabu Lutfiylar, Fuzuliyu Bedillar bilan birga Pushkinu Lermontovlar, Gyoteyu Bayronlar, Shekspiru Shillerlar, Yeseninlar yashaydi. Oʻzim esa ularning mehriyu sehri bilan yashayman. Men xoin, sotqinlarni yomon koʻraman. Xoh ular mening millatimning vakillari boʻlsin, xoh boshqa millatning... Oʻzlarining besh kunlik shuhratiyu shonini oʻylab, xalqlar oʻrtasiga nizo, doʻstlik oʻrtasiga raxna soluvchilarni yomon koʻraman. Yurak-yurakdan yomon koʻraman. Hali vaqt keladi, kelajak avlod oqni oqqa, qorani qoraga ajratib qoʻyadi... Vaqt yomgʻirga, suvga oʻxshaydi. Birovlar chaplab tashlagan loylarni yuvib ketishga qodir”.
Mana, bugungi kunlarimiz togʻam aytgan oʻsha vaqt kelganidan darak bermoqda. Allohga shukrkim, men shu kunlarni oʻz koʻzim bilan koʻrib turibman. Buning uchun yana Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga bir bora cheksiz minnatdorligimni bildiraman!
Muxtasar TOJIMAMATOVA
suhbatlashdi.