Buni xalqaro tibbiy hamjamiyat ham alohida e’tirof etdi. Eng muhimi, markaz xalqimizga manfaat keltiryapti.
Shu markazda ishlayotganimga ikki yilga yaqin vaqt bo‘ldi. Bu yil davlatimiz mustaqilligining 31 yilligi arafasida “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Kuni kecha Prezidentimizning “Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga binoan, “Shuhrat” medaliga loyiq ko‘rildim. Ochig‘i, bu men uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Kamtarona xizmatim yuksak e’tirofga munosib topilganidan boshim ko‘kka yetdi.
O‘tgan muddatda kardiologiya yo‘nalishida erishilgan salmoqli yutuqlarga guvoh bo‘ldim. Qo‘llanayotgan yangi usullar tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan bolalarning darddan forig‘ bo‘lib, salomatligini tiklashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Bu jarayonda katta hajmdagi jarrohlik amaliyoti qisqa muddatda tanaga tig‘ tekkizmagan holda samarali bajariladi.
Yurak tug‘ma nuqsonini tomir orqali endovaskulyar usulda ham davolayapmiz. Buning noyobligi shundaki, qalinligi 2-3 millimetrli maxsus kateter kabi tibbiy anjomlar bola yuragiga tomir orqali kirgiziladi. Uning yordamida yurak ichi gemodinamikasi o‘rganiladi. Tomir va klapanlarda torayish aniqlangan taqdirda maxsus ballon kateter yordamida kengaytiriladi. Agar yurakda teshik aniqlansa, okklyuder o‘rnatish amaliyoti o‘tkaziladi. Bu ishlarning barchasi 30 daqiqada bajariladi. Qisqa muddat davom etgani uchun bemorga katta miqdorda narkoz yuborilmaydi. Tanada esa hech qanday jarohat izi qolmaydi. Xasta yurak egasi 30 daqiqada sog‘lom bolaga aylanadi.
Ilgari bu kabi operasiyalarning barchasi ko‘krak qafasini kesib, bola yuragini sun’iy qon aylanish apparatiga ulagan holda, 3-4 soat davom etgan. Jarrohlik amaliyotidan keyin bemor 3-4 kun jonlantirish bo‘limida yotgan, undan so‘ng 6 oylik tiklanish bosqichini o‘tagan.
Hozir ko‘krak qafasi, qorin bo‘shlig‘idagi tug‘ma nuqsonlar kaminvaziv va samarador usullarda qisqa muddatda tig‘ tekkizmasdan bartaraf etilyapti. Tabiiyki, bu, avvalo, bemor bolalarning ota-onasiga katta umid bag‘ishlaydi, ko‘ngliga xotirjamlik beradi. Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng ularning quvonchini ko‘rish, minnatdorligini eshitish bizni ham mamnun qiladi.
Bu amaliyot qiymati mamlakatlarda turlicha baholanadi — 10 mingdan 30 ming AQSH dollarigacha. Sababi buning uchun talab etiladigan barcha tibbiy anjomlar AQSH, Yaponiya, Germaniya kabi texnologik rivojlangan davlatlarda ishlab chiqariladi va narxi ham baland. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hozir bu kabi murakkab jarrohlik amaliyoti Bolalar milliy tibbiyot markazida mutlaqo tekin bajarilmoqda. Bu yil hisobidan shunday amaliyotlar soni mamlakatimiz bo‘yicha mingtaga yetdi. 2023 yilda bunday amaliyotlar sonini respublika bo‘yicha 2,5 mingga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Muhimi, sifatga alohida e’tibor qaratilmoqda. Eng innovasion, jahon standartlari darajasidagi bu kabi yuqori texnologik amaliyotlar yosh avlod salomatligini asrab-avaylash va mustahkamlashga qaratilayotgan e’tiborning yorqin namunasidir.
Ayni kunlarda Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida tug‘ma yurak nuqsoni bilan og‘rigan mingdan ortiq bolani ko‘rikdan o‘tkazyapmiz. Operasiyaga muhtojlarini saralab, jarrohlik amaliyotiga tayyorlayapmiz. Bemor bolalarning ko‘pi shu yerning o‘zida operasiya qilinadi. Bu ota-onalarning poytaxtga ovora bo‘lib borishi, ortiqcha sarf-xarajat, sarson-sargardonligining oldini oladi. Faqat eng murakkab jarrohlik amaliyoti talab etiladiganlari Bolalar milliy tibbiyot markaziga olib boriladi.
Muzaffar JOʻRALIYEV,
Bolalar milliy tibbiyot markazi
kardiologiya boʻlimi shifokori,
“Shuhrat” medali sohibi