Loyiha fazoviy maʼlumotlarni yaratish va ulardan foydalanish, Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yaratish, qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Taʼkidlash joiz, bugungi kunda iqtisodiyotning barcha sohalarida raqamlashtirish va innovatsion axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda geografik axborot tizimlari va veb-portallar shakllantirilmoqda hamda ular yordamida aholiga va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari va boshqa turdagi xizmatlar koʻrsatilmoqda. Xususan, navigatsiya xaritalari, geoportallar, internet veb-servislarning maʼlumotlar bazasi fazoviy maʼlumotlardan tashkil topgan. Bunda kosmik suratlar, dronlardan olingan maʼlumotlar, xaritalarda koʻrsatilgan yer, bino-inshoot, yoʻllar, daryolar, quvurlar va ular toʻgʻrisidagi qoʻshimcha maʼlumotlar fazoviy maʼlumotlarning tarkibiy qismi hisoblanadi.

Shu maʼnoda “Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi mazkur yoʻnalishdagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilashga xizmat qiladi. Qonun bilan fazoviy maʼlumotlarga kirish (foydalanish) huquqi va ularni himoya qilish, fazoviy maʼlumotlarni yaratish va ulardan foydalanishda idoralararo aloqalarni yoʻlga qoʻyishning huquqiy asoslari yaratiladi.