Zaharli buqoq oʻz vaqtida davolanmasa, ogʻir asoratlarni keltirib chiqaradi

    Salomatlik 21 Avgust 2022 12597

    Buqoq — dunyo aholisi orasida keng tarqalgan kasalliklardan biri va u oʻz vaqtida davolanmasa, jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

    Xoʻsh, ushbu xastalik nimasi bilan xavfli? Uning qanday salbiy asoratlari bor?

    Shu kabi savollar borasida Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh endokrinologi Feruza Haydarova fikri bilan oʻrtoqlashdi.

    — Buqoq qalqonsimon bezning kattalashuvi bilan kechuvchi kasallik boʻlib, u aʼzoning gormonal faoliyati kuchayishi, susayishi yoki oʻzgarmasligi bilan namoyon boʻladi, — deydi shifokor. — Ushbu kasallik haqida gapirishdan avval, qalqonsimon bez toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot berib oʻtsam. Sababi mazkur xastalik aynan shu aʼzoda rivojlanadi.

    Qalqonsimon bez — boʻyinning old qismida joylashgan. U tiroksin va triyodtironin gormonlarini ishlab chiqarish orqali tanadagi koʻplab jarayonlar, xususan, asab, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak va suyak-tayanch tizimlari faoliyatini boshqaradi. Hatto miyaning normal ishlashi ham qalqonsimon bez faoliyatiga bogʻliq.

    Buqoqdagi oʻzgarishlarning sabablari toʻliq oʻrganilmagan. Biroq uni keltirib chiqaruvchi bir qator omillar mavjud boʻlib, bularga turli autoimmun va infeksion kasalliklar, yod tanqisligi, stress, intoksikatsiya, oqsil va vitaminlar yetishmasligi kabilarni misol qilish mumkin.

    Qalqonsimon bezdagi oʻzgarishlarning xususiyatiga koʻra, diffuz buqoq, tugunli buqoq va aralash turlari tasniflanadi. Diffuz buqoq oʻz navbatida diffuz-eutoireoid va diffuz-toksik shakllarga boʻlinadi.

    Jumladan, uning diffuz-toksik turi xalq orasida zaharli buqoq deb ham ataladi. Mazkur xastalikka qalqonsimon bezning kattalashishi va funksiyasining ortib ketishi asos boʻladi.

    Bunda bemorlar asabiylik, yurak tez urishi, bezovtalik, ozish, soch toʻkilishi, teridagi turli toshmalar, qizib ketish, koʻp terlash, qoʻllarda titroq, koʻzlarning kattalashishidan shikoyat qiladi. Qolaversa, ular uyqusizlikdan qiynaladi. Kasallikka tashxis qoʻyish laborator-qon tahlillari va instrumental tekshiruvlar natijasida amalga oshiriladi.

    Bugungi zamonaviy tibbiyot zaharli buqoqni 3 xil usulda davolashni taklif etadi. Bular medikamentoz davo, yaʼni dori-darmon bilan, radioaktiv yod yordamida hamda jarrohlik usuli orqali muolaja qilish hisoblanadi.

    Agar tegishli tekshiruvlardan soʻng bemorga zaharli buqoq tashxisi qoʻyilsa, albatta, davolanish lozim. Chunki kasallik taʼsirida organizmda turli ogʻir asoratlar kelib chiqishi mumkin.

    Shu bois oʻz vaqtida shifokor maslahatini olib, zarur tibbiy tekshiruvlardan oʻtish zarur. Bu orqali xastalikka aniq tashxis qoʻyilib, kerakli davo choralari va muolajalar amalga oshiriladi.

    Mutaxassis bilan bu borada suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.