Uzoqqa bormaylik, 2016-yilda bolalarni maktabgacha taʼlim tizimiga qamrab olish darajasi 27 foizdan oshmasdi. Muassasalar moddiy-texnik bazasi oʻta nochor ahvolga kelib qolgan, binolari deyarli yaroqsiz edi. Bogʻchalarni malakali tarbiyachilar bilan taʼminlash masalasi barchani tashvishga solardi. Maktab taʼlimida ham, oliy taʼlimda ham ahvol deyarli qoniqarsiz edi. 2016-yilgi maʼlumotlarga koʻra, yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 9 foizdan oshmagan. Shu davrda mamlakatimizda birorta nodavlat oliy taʼlim muassasasi tashkil etilmadi. Sirtqi taʼlim yopildi.

Bugun esa tizim butkul oʻzgardi. Bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi oxirgi yetti yilda 27 foizdan 74,6 foizga koʻtarildi. Kelgusi besh yilda buni 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Maktab taʼlimiga zamonaviy metodika, sifat va raqobat kirib kelishi, darsliklarning eng ilgʻor xorijiy tajribalar asosida toʻliq yangilanishi, minglab xorijiy mutaxassis taklif etilishi maktab taʼlimi yaxshilanishida alohida rol oʻynadi. Yangi maktablar qad rostlamoqda, kapital taʼmirlanmoqda. Ayniqsa, oʻqituvchi va murabbiylar mehnatiga munosib haq toʻlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrilishi soha vakillari nufuzini qayta yuksaltirmoqda.

Nufuzli reytinglardagi eʼtirof

Bugun yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 42 foizga ortdi. Oliy taʼlim muassasalari soni 2016-yilda 77 ta boʻlgan, ayni paytda 213 tani tashkil etmoqda. Shuningdek, 67 ta nodavlat oliy taʼlim muassasasi ochildi.

2023/2024 oʻquv yili uchun 48 ta davlat oliy taʼlim muassasasining 20 ta xorijiy mamlakat bilan hamkorlikdagi qoʻshma taʼlim dasturlari ekspertizadan oʻtkazildi. Ijobiy xulosa berilgan 289 ta qoʻshma taʼlim dasturi uchun 6818 ta kvota berildi.

QS “Fan sohalari reytingi”da 2 ta oliygoh “TOP-500”, “QS Osiyo universitetlari reytingi – 2024” roʻyxatida 14 ta oliygoh “TOP-1000”, “QS Sustainability Rankings – 2024” reytingida 3 ta oliygoh “TOP-1000” universitetlar roʻyxatiga kiritildi.

Fargʻona davlat universitetining eng nufuzli oliy taʼlim muassasalari va reyting tashkilotlari bilan xalqaro aloqalari kengaydi. Oʻtgan yillarda Avstraliyaning “UniRank” reyting platformasida mahalliy miqyosda 23-oʻrinni band etdi. Gruziyaning xalqaro universitetlar reyting tashkiloti — “Round University Ranking” – “RUR” reytingida oʻqitish indikatori boʻyicha 883-oʻrinni egalladi. Buyuk Britaniyaning nufuzli “THE” reyting agentligi reytingida esa FarDU eng kuchli 500 talikka kirdi. Bunda oliygoh sifatli taʼlim mezoni boʻyicha alohida oʻrin tutdi.

Shuningdek, Kanadaning Xalqaro yutuqlar tadqiqot markazi — “IARS” reytingida universitet “Yil universiteti – 2023” xalqaro tanlovi gʻolibi boʻldi. Indoneziyaning “UI Green Metric World University Ranking” xalqaro reytingida barqaror rivojlanayotgan universitet sifatida dunyo oliygohlari ichida 738-oʻrinni, Turkiyaning “HE” – “Higher Education” xalqaro reytingida esa 303 universitet orasida 3-oʻrinni egalladi.

Oʻn varaqlab konspekt yozdiriladigan kunlar oʻtdi

Taraqqiyotni belgilovchi asosiy kuch yuqori malakali kadrlardir. Bunday mutaxassislarni yetishtirish uchun esa taʼlim tizimi yaxshi ishlashi shart. Shu bois, sohada oʻquv rejalarni dunyodagi kuchli besh yuztalikka kirgan universitetlar oʻquv rejalariga moslashtirish, fan dasturlari va adabiyotlar avlodini yangilash, professional oʻqituvchilarni tayyorlash jarayonlari jadallik bilan kechyapti. Kredit-modul tizimi samarali yoʻlga qoʻyilyapti. Mazkur tizimning oʻziga xos jihatlaridan biri shundaki, talabalarga tanlov huquqi beriladi va ularning mustaqil fikrlashi oʻsishi asosiy oʻrinda turadi.

Ilgari mavzular konspekt qilib yozdirilar, uyga vazifa sifatida yodlab kelish berilardi, bu jarayon oʻquvchi va talabalarni fikrlashga, qoʻshimcha yangi bilimlar olishga ragʻbatlantirmaydi. Hozir davr oʻzgardi, har bir mavzudan soʻng yangi bilimlarni oʻzlashtirish, qoʻshimcha adabiyotlar bilan ishlash kerak. Shu bois, bugungi pedagog faqatgina darslik bilan cheklanmasligi shart. Ular chet elda nashr etilayotgan ilmiy maqolalarni oʻqishi muntazam zarur.

Kredit-modul tizimi kreativ fikrlaydigan, muammolarni mustaqil yecha oladigan kadrlar yetishib chiqishiga yordam beradi. Bu tizimda talabaga asosiy bilimlarning 30-40 foizi oʻrgatiladi. Fanlarning qolgan qismini talaba mustaqil oʻrganadi.

Mazkur tizimda talaba oʻqiyotgan paytda “Menga bu fan emas, boshqasi yoqadi. Muhandis boʻlaman, lekin tanlovim mana bunday”, deyishga haqli boʻladi. Aytaylik, u iqtisodchi boʻlishni xohlaydi va oʻz sohasiga bogʻliq fanlarni oʻrganishi mumkin. Eng muhimi, talaba oʻqishi uchun ixtiyoriy fanlar koʻp boʻladi. Shuning uchun bu talabani qiziqib oʻqishiga undaydigan tizim.

Yoshlar potensial ish beruvchi sifatida shakllanmoqda

Oliy taʼlim sohasidagi hozirgi islohotlar maqsadidan kelib chiqib, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish davr talabidir. Bunda taʼlim beruvchilarning xorijiy ilgʻor tajribalar va amaliyotni oʻrganishi muhim.

Oʻqituvchilar uchun nihoyatda koʻp jihatlar yengillashdi. Tarbiyaviy ishlar bilan ular emas, tyutorlar shugʻullanadi. Endi oʻqituvchilar grant olish ustida ishlashi lozim.

Aslida talaba taʼlimida tizim boʻlishi shart. Afsuski, aksar yoshlar institut yoki universitetga kirish uchungina oʻqiydi. Yaʼni maqsad oliygohga kirish bilan tugaydi. Yoshlar bitta kasbni yaxshi egallab, fanlarni chuqur oʻzlashtirishini taʼminlasak, ular oldiga qoʻygan maqsadiga erishadigan kadrlar boʻlib yetishadi.

Maktab davridayoq yoshlarda biror kasbga qiziqish uygʻonishi kerak. Ularni “Shu oliy taʼlim dargohida, shu yoʻnalishda oʻqiysan”, degan tushuncha bilan tarbiyalashdan voz kechish zarur. “Bu yoʻnalishda oʻqisang, 3,5-4 million soʻm oylik bilan qayerga borasan?”, deya majburiy tanlov qilinishi ham notoʻgʻri. Mehnat bozori global boʻlib, yaxshi mutaxassis har bir joyda qadrlanadi. Shu bois, oʻz tanlagan yoʻnalishi boʻyicha mutaxassis boʻlishi uchun talabani toʻgʻri yoʻnaltirish maqsadga muvofiq. Shunda yoshlar mavjud ish oʻrniga daʼvogar emas, balki potensial ish beruvchi sifatida shakllanadi.

Yangi binoda yangicha shukuh

FarDUning yangi oʻquv binosi — pedagogika va psixologiya fakultetida 100 oʻrinli 5 ta, 56 oʻrinli 6 ta maʼruza zali, 28 ta oʻquv auditoriyasi, talaba-yoshlarning media va axborot sohasiga qiziqishini oshirish, iqtidorlarini qoʻllab-quvvatlash, oliygohda axborot siyosatini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan yirik media markaz (studiya), 5 ta kompyuter sinfi, 14 ta yordamchi xona va 4 ta bufet joylashgan. Moddiy-texnika bazasini rivojlantirish maqsadida maʼruza zallari va oʻquv auditoriyalari 40 ta zamonaviy interaktiv doska va 219 ta kompyuter bilan taʼminlangan.

Ushbu binoda qoʻshimcha ravishda barpo etilgan 400 oʻrinli Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faoliyat koʻrsatmoqda.

Umuman olganda, bugungi kunda universitetda 13 ta fakultet va 48 ta kafedra boʻlib, 62 bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, 34 magistratura mutaxassisligi hamda 37 doktorantura ixtisosligida talabalar tahsil oladi. Barcha taʼlim yoʻnalishlarining malaka talablari va fan dasturlari ESTS modul tizimi asosida respublika va xorijiy OTMlar malaka talablari va fan dasturlari asosida ishlab chiqilgan. Universitetda bugungi kunda jami mingga yaqin professor-oʻqituvchi hamda ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda. Oʻqituvchilarning besh yuzga yaqini ilmiy daraja va unvonga ega, yuzdan ortiq professor-oʻqituvchi va xodim xorijda tahsil olgan va malaka oshirgan.

Taʼlim va sport bir qushning ikki qanoti demak

Mamlakatimizda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning jismoniy reabilitatsiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlashga katta eʼtibor berilmoqda. Shu bilan birga, yoshlarni sportga keng jalb qilish va ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, sport turlari boʻyicha yuqori natijalarni taʼminlaydigan mahoratli sportchilar bilan milliy terma jamoalarni shakllantirish va murabbiylar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish zarurati mavjud.

Bu borada Prezidentimizning 2019-yil 4-dekabrdagi “Oʻzbekistonda futbolni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida Fargʻona davlat universitetida yoshlarni sportga keng koʻlamda jalb etish, xususan, futbol sport turining ommaviyligini oshirish borasida istiqbolli loyihalar bajarilmoqda.

Dastlab oliygohda yangi futbol jamoasi tuzilib, millionlar oʻyini boʻlgan futbolni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratila boshlandi. Mazkur jamoaga esa yangi bosh murabbiy etib oʻzbek futbolining haqiqiy afsonasi, 5 karra Oʻzbekiston chempioni, 2 karra kubok sohibi, 1994-yilgi Osiyo oʻyinlari chempioni, 1997-yilgi jahon terma jamoasi aʼzosi, “Shuhrat” medali sovrindori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi Sergey Lebedov tayinlandi.

Hozirgi kunda “Neftchi” futbol jamoasining sobiq oʻyinchisi Asad Doʻrmonov, shuningdek, mahoratli futbolchi, “Neftchi” klubi faxriysi Ruslan Xudaydatov ham jamoa kelajagi uchun sidqidildan mehnat qilmoqda.

Bu harakatlar, albatta, oz fursat ichida natijasini koʻrsatdi. Universitet futbol maydonida boshlangan oʻyinlar eʼtibor va ragʻbatlardan ruh olib, bugun katta maydonga chiqib kelmoqda. Quvonarlisi, yaqinda ikkinchi liga bahslarida FarDU jamoasi “Jarqoʻrgʻon” klubiga qarshi toʻp surdi va gʻalabaga erishdi. Mazkur natija orqali jamoa birinchi liga yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Shubhasiz, bu xushxabar universitet jamoasi va talaba-yoshlari uchun quvonchli yangilik boʻldi. Chunki ikki yuzga yaqin oliy taʼlim muassasasi ichida FarDU futbol jamoasining birinchi liga yoʻllanmasiga ega chiqishi muhim tarixiy voqelik sifatida qayd etildi.

Darhaqiqat, mohirlik bilan katta maydon sari ildam borayotgan bu sport klubi oʻzbek futbolida yangi umid sifatida muxlislar koʻz oʻngida namoyon boʻlmoqda. Jamoaning yulduzli oʻyinlari, gʻalabali uchrashuvlari ketma-ket davom etyapti. Futbolchilarimizning maqsadlari esa juda yuqori, shunga yarasha yuksak marralar reja qilinmoqda.

Fargʻona davlat universiteti futbol jamoasi misolida koʻrish mumkinki, mamlakatda har tomonlama yetuk hamda jismonan sogʻlom insonni shakllantirish, iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya) jarayoniga innovatsion shakllar va usullarni joriy etish kelajakda, albatta, oʻz mevasini bermay qolmaydi.

Ziyolilar — jamiyatning lokomotivi

Ziyoli inson oʻzini oʻzi formatlaydi, idora qiladi. U oʻzlashtirgan ilmi bilan dunyoqarashida, tafakkurida yangilanishlar yaratadi. Fikr bunyodkori boʻladi va jamiyat fikrini ham tarbiyalashda muhim oʻrin tutadi. Taʼlim muassasalarining oʻziga xos xususiyati shundaki, bu yerda ziyoli boʻlishning oʻzigina yetarli emas. Professor-oʻqituvchilardan yuksak hayotiy mahorat, yuqori maʼnaviy yetuklik talab etiladi.

Maʼnaviyat shakllanishi va rivoji odatda uch tarkibiy boʻgʻinda namoyon boʻladi. Mafkura koʻrinishidagi birinchi boʻgʻin – maʼlumot, axborot toʻplash, asosan, soʻz, mulohaza, ibrat, gʻoya va nazariyalar darajasida ifodalanadi.

Ikkinchi boʻgʻin – insonga yoshligidan singdirilgan madaniy-maʼnaviy qarashlar, axloqiy qadriyatlar, anʼanalar, diniy-ruhiy tuygʻular. Bu boʻgʻinda u oilasi, qarindosh-urugʻlari, mahallasi, millati bilan birligini his etadi. Natijada uning ongi va qalbida milliy gʻurur, vatanparvarlik tuygʻusi shakllanadi.

Uchinchi boʻgʻin bilim, ijodiy izlanish, fahm-farosat bilan ifodalanadi. U tafakkurimizda maʼrifat, dunyoviy maʼnaviyat timsolida namoyon boʻladi. Buyuk allomalarimiz ana shu dunyoviy maʼnaviyatni ilohiy maʼnaviyat bilan uzviylikda kamolga yetkazgan. Agar birinchi boʻgʻin yangiliklarni qabul qilish, ikkinchisi qadriyatlarga, ajdodlar ruhiga tayanish boʻlsa, uchinchi boʻgʻin yangiliklarning ijodiy ravnaqidir. U ajdodlar merosiga haqiqiy voris boʻlib, ularning qadriyatga aylangan qismini ijodiy rivojlantirishni nazarda tutadi. Milliy qadriyatlarni tiklash, bobolar qoldirgan maʼnaviyatni ulugʻlash, undan ibrat olish, oʻzlikni anglash kabi yuksak insoniy fazilatlarga ega boʻlmoq lozim. Zero, maʼnaviyati qashshoq, mustaqil dunyoqarashi, fikriga ega boʻlmagan odamga har qanday vayronkor gʻoya oʻz taʼsirini oʻtkaza oladi.


Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

pedagogika fanlari doktori,

professor


Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 194-sonida (2024-yil 24-sentyabr) chop etilgan.


Hamkorlik materiali