Zarchob 1-A kichik GES foydalanishga topshirildi

    Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yangidan barpo etilgan Zarchob 1-A kichik GES ochilishi marosimi oʻtkazildi.

    Taraqqiyot yoʻlidan ildam harakatlanib borayotgan yangi Oʻzbekistonda energiya resurslariga talab yildan yilga oshib bormoqda. Elektr energiyasi tarmogʻini izchil rivojlantirish, barqaror va uzluksiz elektr energiyasini ishlab chiqarish, xususan, ekologik toza va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga katta eʼtibor qaratilmoqda.

    Gidroenergetika sohasida yangi GESlarni ishga tushirish, mavjudlarini izchil modernizatsiya qilish borasida “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan keng koʻlamli faoliyat olib borilmoqda. Bu borada Prezidentimiz hamda Hukumatimiz tomonidan zarur normativ-huquqiy asoslar yanada mustahkamlanib, istiqbolli investitsiyaviy dasturlar asosida jamiyat tomonidan istiqbolli loyihalar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

    Mamlakatimizda yangidan yangi gidroenergetik inshootlar – GESlar barpo etilmoqda, uzoq yillar mobaynida faoliyat yuritib kelganlari zamonaviy standartlar asosida modernizatsiya qilinmoqda. Bu, oʻz navbatida, yangi gidroenergetik quvvatlarning yaratilishi, hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, aholining maishiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan arzon va ekologik jihatdan toza elektr energiya manbaining barqaror holatda ishlab chiqarilishiga mustahkam zamin yaratadi.

    Bugun, 30-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yilligiga munosib sovgʻa sifatida Toʻpolang boʻyida yangidan barpo etilgan Zarchob 1-A kichik GESning ochilish marosimiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda “Oʻzbekgidroenergo” AJ masʼul xodimlari, viloyat hokimligi mutasaddilari, hududiy tizim korxonalari vakillari, soha mutaxassislari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

    “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan Surxondaryo viloyatining olis tumani aholisi uchun quvvati 3 MVtga teng, yiliga oʻrtacha 13,3 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi Zarchob 1-A kichik GES foydalanishga topshirildi.

    Aytish joizki, ushbu kichik GESni ishga tushirish orqali Toʻpolang suvidan samarali va oqilona foydalangan holda, toʻrtinchi marotaba daryo suvi gidroagregatlar orqali oʻtkazilib, elektr energiya ishlab chiqariladi. Jamiyat tomonidan qurib bitkazilgan mazkur kichik GES Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-iyuldagi “Gidroenergetika sohasini isloh qilish chora-tadbirlarini jadallashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash doirasida foydalanishga topshirildi. Loyiha qiymati 3,33 million dollar. GESni ishga tushirish orqali yangi 5 ta ishchi oʻrni yaratildi. GESni qurilish ishlari “GIDRO TEXNIK” MCHJ tomonidan bajarildi. GESda Frensis turidagi vertikal 1 ta gidroagregat oʻrnatilgan.

    Hisob-kitoblarga koʻra, Zarchob 1-A kichik GES tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya 4750 ta xonadonni taʼminlaydi.

    Aytish joizki, gidroenergetika sohasining izchil taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlar aholisi turmush farovonligining yanada oshishiga, hududlardagi ishlab chiqarish subyektlarining elektr quvvatlari bilan taʼminlanishiga, eng muhimi, yurtimiz iqtisodiyotining yanada taraqqiy etishiga muhim hissa qoʻshadi.


    “Oʻzbekgidroenergo” AJ axborot xizmati


    Hamkorlik materiali