Ijtimoiy tarmoqlarda yerini undan tortib olishayotganidan norozi fuqaroning murojaati ayrim muhokamalarga va tushunmovchiliklarga sabab boʻldi.

Kadastr agentligi axborot xizmatining xabar berishicha, Videoda daʼvo qilinayotgan yer maydoni Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Ibn Sino MFY, Toshkent halqa avtomobil yoʻli koʻchasi manzilida joylashgan.

Videoda “yerimni tortib olishyapti” deb davo qilayotgan fuqaro N.A. aslida ushbu yerni 2017-yildan buyon oʻzboshimchalik bilan egallab noqonuniy foydalanib kelgan. Boz ustiga mazkur yerda maysa (gazon) yetishtirib sotish amaliyotini yoʻlga qoʻygan.

Oʻtgan davr davomida davlatga tegishli boʻlgan yer maydonidan foydalanib, daromad topib kelgan boʻlsada, ushbu davrlar uchun yer soligʻi toʻlanmagan.

Qolaversa, ushbu yer maydoni nafaqat fuqaro N.A.ga balki, muqaddam biror bir shaxsga mulk yoki ijara huquqi asosida foydalanishga berilmagan. Yer maydoni tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan.

Mazkur yer Toshkent shahar hokimining 2022-yildagi tegishli qarori bilan Shayxontohur tumani aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga “Vaqtinchalik ishlarni tashkil etish byurosi”ni qurish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan qonun doirasida ajratib berilgan.

Bu esa, ushbu yerga oʻzining rejalari boʻlgan (videoda yerga quyilgan fundamentlardan koʻrishingiz mumkin) fuqaro N.A.ga yoqmagan va natijada ijtimoiy tarmoqlarga “Mening yerimni tortib olishyapti” qabilidagi davlat idoralari va mansabdorlarini obroʻsizlantirish kayfiyatiga ega boʻlgan videomurojaatni yoʻllagan.

Yaʼni, fuqaro N.A. ushbu yer maydoniga egalik huquqi boʻlmasa-da goʻyoki yeri tortib olinayotganligi toʻgʻrisida yolgʻon maʼlumot berib, keng jamoatchilikni chalgʻitishga va oʻzini “jabrlanuvchi” qilib koʻrsatishga harakat qilgan.

Aslida Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 60-moddasida yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olganlik, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud boʻlmagan holda ulardan foydalanganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Ushbu turdagi huquqbuzarlik uchun fuqaroga BHMning 25 baravari miqdorida jarima solinishi ham mumkin edi.

Qonunchiligimizda zaxiradagi yerlarni bemalol egallab olish, undan istalgancha foydalanish mumkin degan tushunchalar aslo yoʻq.