Zotiljamdan qanday saqlanish mumkin?

    Shamollash kasalliklaridan yetarli darajada davolanmaganda ogʻir respirator asoratlar rivojlanishi va oʻpkani surunkali kasalliklari, masalan, pnevmoniyani kuchaytirishi mumkin. Xoʻsh, pnevmoniya nima, undan qanday saqlanish lozim?

    Kuz-qish oylari koʻpchilik shamollash yoki grippdan aziyat chekadi. Buning ustiga koronavirus infeksiyasi xafvi har daqiqa ehtiyot boʻlish, oʻzni asrashni taqozo etmoqda. Shamollash kasalliklaridan yetarli darajada davolanmaganda ogʻir respirator asoratlar rivojlanishi va oʻpkani surunkali kasalliklari, masalan, pnevmoniyani kuchaytirishi mumkin. Xoʻsh, pnevmoniya nima, undan qanday saqlanish lozim?

    Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy tekshirish instituti bosh ilmiy xodimi, professor Egamberdi ESHBOYEV shu xususda soʻz yuritdi:

    Zotiljam (pnevmoniya) oʻpkaning oʻtkir yoki surunkali yalligʻlanishi kasalligi sirasiga kiradi. Nafas olish aʼzolari xastaliklari ichida tez-tez uchraydi, aksariyat hollarda oʻpka toʻqimalaridagi alveola, oraliq toʻqima, mayda kapilyar qon tomirlari yalligʻlanadi. U burun, tomoq, bronx kasalliklarining ikkilamchi asorati sifatida ham paydo boʻlishi mumkin. Xastalik koʻproq yosh bolalar va keksalarda uchraydi, ammo bu boshqa yoshdagilarda kuzatilmaydi, degani emas. Bemor oʻz vaqtida, toʻgʻri va samarali davolansa, undan asorat qolmaydi. Agar har xil bahonalarni pesh qilib, davolanishdan qochsa yoki notoʻgʻri davolansa, turli asoratlar yuzaga keladi. Hatto nimjon va immun tizimi past odamlar vafot etishi ham mumkin.

    Zotiljam kasalligini keltirib chiqaradigan sabablar talay. Uning birinchisi bakteriya, yaʼni pnevmakokk (shuning uchun ham kasallik “pnevmoniya” deb ataladi), stafilakokk, strepkokk, enterakokk, fridlender tayoqchasi, koʻk tayoqcha, ichak tayoqchasi va boshqa infeksiyalardir.

    Viruslar, gripp, paragripp, koronavirus, rinosinsitial viruslar, adenovirus, mikoplazma, rikketsiya va zamburugʻlar ham zotiljam kasalligiga sabab boʻlishi mumkin. Oʻtkir zotiljam xastaligi turli boshqa yuqumli (ornitoz, koʻkyoʻtal, qizamiq, brutsellyoz, ich terlama kabi) kasalliklarning asorati tufayli ikkilamchi boʻlib rivojlanishi ham kuzatiladi.

    Biroq zotiljam kasalligiga 50-57 foiz holatlarda pnevmokokklar sabab boʻladi. Oʻtkir resperator kasalliklar, gripp va koronavirus keltirib chiqaradigan zotiljam esa epidemiya, hatto pandemiya sifatida avj olishi mumkin. Bu vaziyatda aksariyat holatlarda unga mikrob qoʻshiladi va kasallik shu tariqa ogʻirlashadi.

    Shifokor agar kasallik chaqiradigan infeksiya manbaini yaxshi va mukammal bilmas ekan, u faqat dori-darmonning quli boʻlib qolaveradi. Kasallikni qoʻzgʻatuvchi pnevmakkoklarni 1871-yilda nemis mikrobiologi Robert Kox aniqlagan. Keyinchalik Lui Paster (1881-yil) bemor balgʻamidan uni ajratib olishga muvaffaq boʻlgan. Oradan besh yil oʻtib, (1886-yil) K.Frenkel pnevmakokk zotiljam kasalligining qoʻzgʻatuvchisi ekanini isbotladi.

    Bu mikrob odatda juft-juft boʻlib joylashadi. Baʼzan zanjirsimon koʻrinish oladi. Kattalagi 0,5 - 1,26 mkm ni tashkil qiladi. Biroz choʻzinchoq, ovalsimon koʻrinishga ega. Tashqi muhitda ustida spora hosil qilmaydi. Ammo odam yoki hayvon organizmiga tushsa kapsula paydo boʻladi. Kapsula mikrobni tashqi tomondan oʻrab olib, uni har xil tashqi taʼsirlardan himoya qiladi.

    Pnevmakokklarni laboratoriya sharoiti, yaʼni sunʼiy oziq muhitida oʻstirish ancha qiyin. Boyitilgan oziq muhitida 37 daraja issiqlikda undirish mumkin. Ammo pnevmakokklarni 28-42 daraja issiqda ham koʻpayishi kuzatilgan. Ular, asosan, qonli muhitni xush koʻradi. Shuning uchun ham zotiljamning dastlabki kunlari ular oʻpkaning mayda qon tomirlariga zarar yetkazadi. Keyinchalik oʻpkada shish va yalligʻlanishi yuz beradi va bu holat pnevmakokklarning keskin koʻpayishiga olib keladi. Ular agressiv fermentlarni hosil qiladi. Saxaroza, laktoza, maltozalarni parchalaydi.

    Pnevmakokklarda uch xil antitana mavjud. Mikrob ustida, yaʼni kapsulasida joylashgan antitanalar 80dan ortiq, ularning odam organizmiga taʼsiri va qarshiligi har xil.

    Pnevmakokklar tashqi muhitga u qadar chidamli emas. Dezinfeksiyalovchi moddalar taʼsirida 1-2 daqiqada, 50-55 daraja qizdirilganda 10 daqiqada, qaynatilganda shu zahoti oʻladi. Ammo oqsil modda bilan oʻralganda, yaʼni qurib qolgan balgʻam, qon va boshqa patalogik materiallarda bir necha oy davomida saqlanadi. Nam va sovuq havoni yaxshi koʻradi. Shuning uchun ham nafas olish yoʻllari va oʻpkaning yalligʻlanishi (shamollashi) yilning sovuq fasllarida koʻp kuzatiladi. Tajriba tariqasida oq sichqon, dengiz choʻchqasi va quyon organizmiga yuborilganda 24-48 soat ichida kasallik rivojlanib, oʻlim holati kuzatilgan va yorib koʻrilganda ichki organlarida juda koʻp kapsulali pnevmakokklar borligi ayon boʻlgan.

    Hayvonlardan buzoq, choʻchqa bolalari va qoʻzichoqlar ham zotiljamga chalinadi. Pnevmokkoklar yuqori nafas yoʻllari orqali kirib, shu yerning shilliq sohasida uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin. Shuning uchun zotiljam tashqi (ekzogen) va ichki (endogen, qon va limfa) yoʻllar orqali rivojlanadi. Aksariyat hollarda havo-tomchi yoʻli orqali yuqadi. Ammo hamma vaqt ham kasallik yuzaga kelavermaydi. Odam shamollaganda, oʻta zax joyda yashab toliqqanida, avitaminozda, och nahor yashaganida, kamqonlikda, kasallik va ichkilikbozlikka ruju qoʻyganida, xullas, immunitet — organizmning himoya kuchi kamayib ketganida pnevmakkoklar yuqori nafas yoʻllaridan quyi aʼzolarga oʻtadi va kasallik keltirib chiqaradi. Pnevmakokk yuqori nafas yoʻllarining shilliq qavatida bronxit, zotiljam, qonga tushsa, bakteriya va sepsisni yuzaga keltiradi. Qariyalar va chaqaloqlarda butun aʼzoga tarqalib ogʻir kasalliklar, sepsis, meningitga olib kelishi mumkin. Undan tashqari, boʻgʻimlar yalligʻlanishi, endokordit, otit, peretonit, gaymorit, angina va boshqa qator kasalliklarga sabab boʻladi.

    Bemor sogʻaygach, koronavirusga qarshi oʻrtacha kuchdagi, uzoq davom etmaydigan maxsus immunitet hosil boʻladi. Immunitet har bir bemorda individual, serologik variantlarga xos boʻladi, shuning uchun odam umri davomida pnevmakokklarning bir necha tipi bilan koʻp bor kasallanishi mumkin.

    Oʻtkir zotiljam kasalligi har qanday yoshdagi odamda kuzatiladi. Ayniqsa sovuqda yupun kiyinadigan, zax va yelvizakda qolganlar koʻp chalinadi. Kasallik toʻsatdan boshlanib, bemorning harorati 38-39 gradusdan oshadi, eti uvishadi, sovqotadi, qaltirab, koʻp terlaydi.

    Dastlab quruq, keyin balgʻamli nam yoʻtal boshlanadi. Bu davrda bemorning koʻkrak qafasi sanchib ogʻriydi. Nafasi siqib, havo yetishmaslik boshlanadi. Koʻkrak atrofidagi ogʻriq yoʻtalganda va nafas olganda kuchayadi. Labi, burni va qulogʻi terisi biroz koʻkaradi. Hatto ogʻiz va burni terisi atrofiga mayda pufakli toshma (uchuq) chiqadi. Koʻkrak qafasidagi ogʻriq bemorning bir zaylda nafas olishiga yoʻl qoʻymaydi. Bemor tez-tez, chala nafas olishga harakat qiladi. Hatto shilliq balgʻamga biroz qon qoʻshilishi mumkin. Hadeb yoʻtalaverish uning tinkasini quritadi.

    Oʻtkir zotiljamda oʻpkaning har xil qismlaridagi yalligʻlanish va hattoki oʻchoqlarning katta-kichikligiga qarab klinik manzara bir-biridan farq qiladi. Masalan, krupoz zotiljamda oʻpkaning bitta yoki bir nechta boʻlagi yoki sigmenti yalligʻlanadi va undagi oʻzgarishlar uzluksiz ketma-ket davom etishi mumkin. Birinchi holatda oʻpkaning qonga toʻlish bosqichi roʻy beradi. Bunda qon tomirchalarining oʻtkazish xususiyati oshib, alveolar ichida yalligʻlanish suyuqliklari toʻplanadi. Bu davr 12 soatdan 3 kungacha davom etadi. Ikkinchi bosqichda qizil jigarrang tus oladi. Bunda alveolalar va kichik bronxlardan suyuqliklar tarkibi qon elementlari bilan toʻyinadi. Alveolardagi qon oʻrnini qizil zarrachalar egallaydi. Oʻpka toʻqimasi havosizlanadi va zichlashib qizil, keyinchalik jigarrang tusga kiradi. Bu bosqich yana uch kungacha davom etadi. Uchinchi bosqich 3-6 kungacha choʻziladi va oʻpka kulrangga moyil jigarrang tusga kiradi.

    Yiring hosil qiluvchi tanachalar koʻpayib ketadi. Keyingi tuzalish bosqichi samarali davodan soʻng boshlanadi va bu kasallikning 9-10 kunlarida yuz beradi. Bunda oʻpkada alveola boʻshligʻidagi qon elementlari keskin kamayib, suyuqlik asta-sekin soʻrila boshlaydi. Oʻpka toʻqimasi tiklanish tomon siljiydi, bemorning yoʻtali yumshaydi, koʻp balgʻam ajraladi. Koʻkrak qafasidagi ogʻriqlar yoʻqoladi. Bemorning nafas olish tezligi va harorati meʼyoriga tusha boshlaydi. Uning umumiy ahvoli yaxshilanadi. Krupoz pnevmoniyada oʻpkadan tashqari boshqa aʼzolar ham sezilarli darajada zararlanishi mumkin, ayniqsa, yurak urishi tezlashadi, qon bosimi pasayishi kuzatiladi.

    Zotiljam kasalligiga aniq klinik tashxis qoʻyish hozirgi “texnika zamoni”da unchalik qiyin emas. Bemorning qoni, balgʻami, peshobi laboratoriyada tekshiriladi. Tashxisda, ayniqsa oʻpkani rentgen usuli bilan tekshirish muhim rol oʻynaydi. Bemorning old va yon tomonidan tushirilgan rentgen tasviri yalligʻlanish oʻchoqlari oʻpkaning qaysi boʻlagida ekanini, uning hajmini belgilab beradi. Ayniqsa, hozirgi paytda tibbiyot amaliyotiga keng joriy qilinayotgan kompyuter tomografiya usuli oʻpkada yalligʻlanish oʻchoqlari har qanday koʻrinishda boʻlishidan qatʼi nazar aniqlab bera oladi.

    Bakterial zotiljam koronavirusli oʻpka kasalliklaridan bir muncha farq qiladi va bu, albatta, alohida mavzu. Kasalikka chalingan bemorlar kasalxona yoki uy sharoitida davolanishi mumkin. Koronavirusli zotiljamga nisbatan pnevmakokkli zotiljamda antibiotik va sulfalinamid pereparatlar yaxshi naf beradi. Bemorlar tana harorati koʻtarilganda uyda qolishi, koʻp suyuqlik ichishi, vitamin va oqsillarga boy ovqatlarni, meva va sabzavotlarni isteʼmol qilishi kerak boʻladi.

    Kasallikning oldini olish chora-tadbirlari aholi va jamoatchilik kundalik hayotiga keng tatbiq etilishi lozim. Buning uchun tanani chiniqtirish, oqsil va vitaminlarga boy ovqatlarni oʻz vaqtida isteʼmol qilishi kerak. Tomoq, burun va bronxlardagi har xil yalligʻlanish kasalliklarining oldini olish, ayniqsa, oʻtkir bronxit va zotiljamni oʻz vaqtida davolatish, kasallikni keltirib chiqarishda ishtirok etadigan omillar, tamaki, nos chekish, sovuq kunlari yengil-yupun yurish, muzlatgichdan qattiq sovitilgan gazli, shakarli suyuq ichimliklarni ichish man qilinadi. Zotiljam kasalligining oldini olishda toʻgʻri mehnat tartibi, havoning chang-gazlar bilan ifloslanishi hamda atrof-muhitning tozaligi muhim ahamiyatga ega.

    Dushman bilan kurashishda, agar uning kuchi, texnikasi, shart-sharoiti va qudrati nimalarga qodir ekanini yaxshi bilsak, samarali natijaga erishish mumkin. Buning uchun esa, eng avvalo, zotiljamni keltirib chiqaradigan pnevmokokk, bakteriya, stafilakokk, streptokokkning xususiyatini bilish, uning nimaga qodir ekanini baholay olish lozim. Mukammal ishlay oladigan mikrobiologik laboratoriyalar va ularda ishlash uchun yosh mikrobiologlarni tayyorlash bugungi kunning muhim vazifasi sanaladi.