Toshkent viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev Zangiota tumani hokimligida sektor rahbarlari, mahalla raislari va tuman hokimining mahallalardagi yordamchisi lavozimiga tavsiya etilgan nomzodlar bilan uchrashdi.

Muloqotda mahalla tizimida amalga oshirilayotgan bir qator vazifalarning amaldagi ijrosi, yosh kadrlardan saralanayotgan hokim yordamchilari bilan ishlash borasidagi belgilangan vazifalar muhokama qilindi.

Viloyat rahbari mahallada namuna koʻrsatib ishlagan yordamchilar kelgusida hokim yoki eng kamida hokim oʻrinbosari boʻlishini alohida taʼkidladi. Xususan, nomzod ushbu lavozimga tayinlangan kundan boshlab milliy kadrlar zahirasiga kiritiladi. Kelgusida tuman, shahar, viloyat, Respublika darajasida rahbarlik lavozimlariga nomzodlarni tavsiya etish, tayinlash faqat va faqat hokim yordamchisi lavozimida samarali mehnat qilayotgan kadrlardan tanlab olinadi.

Shuningdek, yigʻilishda viloyat hokimi har bir nomzod bilan birma-bir suhbatlashdi. Unda asosiy eʼtibor mahalladagi har bir oilani “xonadonbay” oʻrganib, aholining bandlik darajasi, oilalarning daromadli mehnatga boʻlgan intilishi va ehtiyojlarini tahlil qilish orqali mahalla boʻyicha kompleks maʼlumotlar bazasi (pasporti)ni yaratishi lozimligiga qaratildi. Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ichki imkoniyatlarni oʻrganib, ularni ishga solish orqali mahallaning iqtisodiy oʻsishini taʼminlash lozimligi aytib oʻtildi.

Shu bilan birga, viloyat yetakchisi Zangiota tumanidagi mahallalarda Yoshlar ishlari agentligi vakili lavozimlariga tavsiya etilgan nomzodlar, ularning faoliyati va ular bilan amalga oshirilishi kerak boʻlgan ishlar xaqida ham fikr yuritdi. Bu haqda hududdagi masʼullar hisoboti eshitildi.

Mahallalarda yoshlar oʻrtasida sogʻlom muhitni barqarorlashtirish, ular bilan ishlashni chuqurlashtirish masalalariga eʼtibor qaratildi.