Urganch va A380 trassasi oʻrtasidagi 81 km yoʻl rekonstruksiya qilinadi

    “D213 «Urganch — Xonqa — Hazorasp — Amudaryo daryosi — A380” avtomobil yoʻlining 0 — 84 km qismini rekonstruksiya qilinadi. Loyihaning umumiy qiymati 294,1 mln AQSH dollari.

    Bu haqda Prezidentning 13-noyabrdagi Prezidentining “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida xorazm viloyatidagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilandi.

    Loyihani amalga oshirish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan 18-yil muddatga, toʻrt yillik imtiyozli davr bilan 238 million dollar miqdorida kredit jalb etildi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 2041-yil noyabrigacha Oʻzbekiston bankka asosiy qarz va foizlar uchun 382,68 million dollar toʻlashi kerak.

    Uning realizatsiyasi 2-yillik kafolat muddati bilan 5-yilni (2024−2029) tashkil etadi.

    Dastlabki oʻrganish natijalariga koʻra, xarajatlarni 32,7 million dollargacha optimallashtirish imkoniyati aniqlangan. Mazkur mablagʻ Xorazm viloyatidagi D217 “Urganch — Gurlan — Mangʻit — Turkmaniston Respublikasi chegarasi” avtomobil yoʻlining 5 — 75 kilometrlik qismini rekonstruksiya qilish loyihasiga yoʻnaltiriladi.

    Prezident loyihaning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini va YETTB krediti boʻyicha prognoz toʻlov jadvalini tasdiqladi.

    Xorazm viloyati hokimligiga qoʻmita bilan birgalikda yashil hududlarni tashkil etish maqsadida rekonstruksiya qilinadigan avtomobil yoʻllarining yoʻlboʻyi hududlarida iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda 30 ming tup manzarali daraxt va buta koʻchatlarini ekishni taʼminlash topshirildi.