Reyestrni yuritishning asosiy maqsadi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining funksiyalarini tizimlashtirish, monitoring qilish va ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning yagona ochiq elektron axborot bazasini shakllantirish, shuningdek, ularning faoliyati samaradorligi hamda natijadorligini oshirish boʻyicha taʼsirchan choralarni belgilash hisoblanadi.
Hujjat bilan Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari funksiyalari ochiq reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi, u quyidagilarni tartibga soladi:
- respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining funksiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ochiq reyestrga kiritish, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, undan maʼlumotlarni oʻchirish;
- reyestrga kiritilishi lozim boʻlgan ijro etuvchi hokimiyat organlarining funksiyalari toʻgʻrisidagi axborot manbalari va turlari;
- ijro etuvchi hokimiyat funksiyalari pasportini shakllantirish;
- vakolatli organ va ijro etuvchi hokimiyat organlarining huquq va majburiyatlari.
Reyestr Adliya vazirligi tomonidan «Davlat funksiyalari« avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimida shakllantiriladi va yuritiladi. Nizom talablari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari funksiyalarining ochiq reyestrini yuritishga ham tatbiq etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 03.12.2024-yildan kuchga kirdi.