Fargʻona viloyatida qoramollarda hech qanday yuqumli kasalliklar aniqlanmadi

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Fargʻona viloyati Rishton tumanida qoramollar nomaʼlum kasallikdan qirilib ketmoqda” mazmunida turli xil xabarlar tarqatilgan edi.

    Holat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi mutaxassislaridan iborat Ishchi guruhi tomonidan oʻrganildi.

    Aniqlanishicha, Rishton tumani “Mevazor” mahalla fuqarolari yigʻinida shu yilning noyabr oyida qoramolning tana harorati koʻtarilishi, terida toshma paydo boʻlishi va oqsoqlanish kabi klinik belgilar bilan murojaat kelib tushgan.

    Murojaatlar joyiga chiqib oʻrganilganida qoramollar notoʻgʻri oziqlantirilishi, molxonalarning zooveterinariya meʼyorlariga toʻgʻri kelmasligi, shuningdek mollarning bir-biriga shikast yetkazganligi aniqlangan.

    Mutaxassislar tomonidan oʻz vaqtida yordam koʻrsatilib, zarur muolajalar amalga oshirilgan.

    Lekin bir holatda hayvon egasining juda kech murojaat qilganligi, boz ustiga tayinlangan veterinariya muolajalarini oʻz vaqtida amalga oshirmaganligi tufayli bir bosh mol nobud boʻlgan.

    Oʻrganishlar davomida mahalladagi mavjud 2000 boshga yaqin qoramol turli kasalliklarga oʻz vaqtida emlanganligi, hech qanday yuqumli kasalliklar xavfi yoʻqligi, nafaqat Rishton tumani, balki Fargʻona viloyati hududida epizootik vaziyat barqaror ekanligi aniqlandi.