Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni (PF-18-son, 03.02.2025-y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ajratishda, tajriba-sinov tariqasida, ijaraga oluvchilarning mustaqilligi va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega ekinlar yetishtirishga asoslangan yangi tizim yaratiladi.
Yangi tizim doirasida:
- yer uchastkalari konturlar yaxlitligi va sugʻorish tizimini buzmagan holda 3 gektardan 50 gektargacha boʻlgan oʻlchamlarda “E-auksion”da savdolarga chiqariladi;
- elektron onlayn auksion savdolarida yashash joyidan, tashkiliy-huquqiy shaklidan, boshqa yer uchastkasi bor yoki yoʻqligidan qatʼi nazar, barcha jismoniy va yuridik shaxslar (rezidentlar), shu jumladan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ishtirok etishi mumkin.
Yangi tizim doirasida elektron onlayn auksion gʻolibi – ijaraga oluvchi Yer kodeksida belgilangan huquqlar va majburiyatlar bilan birga quyidagi huquqlarga ega boʻladi, jumladan:
- yer uchastkasidan 49-yil ijara huquqi asosida foydalanish;
- qishloq xoʻjaligi ekinlarining turlari, navlari va hajmlarini mustaqil ravishda belgilash;
- yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish;
- dala chetida 20 sotixdan koʻp boʻlmagan, qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi obyektlarni joylashtirish.