Surxondaryoda fuqarolar qovundan zaharlanayotgani tasdiqlanmadi

    Ijtimoiy hayot 21 May 2025 781

    Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida yetishtirilgan qovun mahsulotlarida goʻyoki nitrat miqdori meʼyordan ortiq ekani va uni isteʼmol qilgan fuqarolar zaharlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

    Viloyat hokimligining maʼlum qilishicha, viloyatdagi barcha dehqon va oziq-ovqat bozorlarida poliz mahsulotlari, jumladan, qovunlar doimiy ravishda veterinariya-sanitariya laboratoriyalarida tekshiruvdan oʻtkaziladi. Ulardagi nitrat miqdori belgilangan sanitariya meʼyorlariga muvofiq deb topilgandagina savdoga chiqarilishiga ruxsat beriladi.

    Ayni kunga qadar viloyatdagi biror tibbiyot muassasasiga qovun isteʼmoli orqali zaharlanish holati bilan murojaat qilinmagan.

    Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardagi qovun navlari Surxondaryo viloyatida yetishtiriladigan mahsulotlarga hech qanday aloqasi yoʻq, — deyiladi viloyat hokimligining xabarida.