Mamlakatimizda har yili millionlab oʻquvchi maktab partalariga oʻtiradi. Ular orasida bittagina oʻquvchi uchun dars oʻtiladigan maktab ham borligini eshitsangiz, ishonasizmi?
Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanida joylashgan Aspiduxtar qishlogʻi – togʻ bagʻridagi kam sonli xonadonga ega, moʻjazgina qishloq. U yerdagi maktab filialida esa atigi 15 nafar oʻquvchi tahsil oladi. Shu 15 nafarning ichida bir nafar 11-sinf bitiruvchisi – Muslima Toshtemirova ham bor. Uni oʻqitish uchun har kuni 3-4 nafar oʻqituvchi, haftalik jadvalga muvofiq jami 14 nafar pedagog 7 kilometr masofadan qatnab dars oʻtadi.
Bu maktab Kitob tumanidagi 60-maktabning filiali. Hudud Denovbola qishlogʻidan 7 kilometr olisda joylashgan. Lekin bu 7 kilometr – oddiy yoʻl emas, togʻli, qattiq yogʻinlardan keyin deyarli imkonsiz boʻlib qoladigan ogʻir sharoitli masofadir.
Atrofini choʻqqisi bulutlar bilan uygʻunlashib ketgan baland togʻlar oʻrab olgan, qor qoplagan yelkasida shamol urilsa ham oʻrnidan jilmaydigan archazorlar bagʻridagi bir maktab hayotning samimiy manzarasini tasvirlab turgandek.
Muslima Toshtemirova. Kuchli va irodali oʻquvchi qiz. Har kuni ustozlar turli yoʻnalishlardan qatnab, u uchun dars oʻtadi.
Bir qarashda moʻjizaga oʻxshaydi. Lekin bu fidoyilikdir. Bu kasbga sadoqatdir.
Yoʻl – sabot va muhabbat timsoli. Oʻqituvchi Sattor Xabibov qishning sovugʻini pisand qilmay, togʻ yoʻlidan “Niva” avtomobilida yoʻlga otlangan. Muslima kabi oʻquvchilarga dars berish uchun.
“Bugun 5 soat dars oʻtaman. Har kuni uch-toʻrt nafar hamkasblarim bilan navbatma-navbat kelamiz. Qor boʻlsa, bir kun avval kelib tunab qolamiz. Bir oʻquvchi boʻlsa ham – u kelajak.”
Bu soʻzlar nafaqat oʻqituvchilikning, balki insonparvarlik va masʼuliyatning yorqin ifodasidir.
Bir oʻquvchi – yuz umid. Muslima koʻzlariga kuchli ishonch uygʻunlashgan, qiziquvchan va jasur qiz. Har bir darsni intiqlik bilan kutadi, har bir oʻqituvchi uning orzusi sari bir qadam.
– Qishlogʻimizda shifokor yoʻq. Men yaxshi oʻqib, shifokor boʻlmoqchiman. Shu yerga qaytib, odamlarga yordam berishni orzu qilaman, – deydi u, hayotiy maqsadni qalbidan soʻzlab.
Yillar, qorlar, darslar…
11-yil – oʻylab koʻring: yomgʻirli kunlar, muzlab qolgan kechalar, qorli togʻlar orasidagi 7 kilometrlik yoʻl. Bu maktab faqat moslashuv emas, balki muhabbatning shakliga aylangan.
Har qatra sabr, har nafas mehnat – Muslimani bugungi kunga yetaklab keldi.
24-may – bitiruv kuni.
Muslima maktabni tamomladi. Davrada bitta oʻquvchi, atrofda esa yuzlab qalb. Ustozlar, ota-onalar, qishloq ahli unga tabrik yoʻlladi.
Qoʻngʻiroq chalindi. Bu nafaqat bitiruv, balki yangi sahifaning boshlanishidir.
– Faqat oʻzim emas, men bilan ustozlarim ham bu maktabni tugatishyapti, – deydi Muslima koʻzlari yonib.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bir oʻquvchiga – yuz fidoyi qalb. Bu hikoya – bilimga sadoqat, odamgarchilik va eng muhimi, inson hayotidagi bir zarra mehrning qanday tubdan oʻzgarishlarga olib kelishi haqidadir.
Yaponiyaning Xokkaydo orolida 2016-yili bitta oʻquvchi qiz uchun poyezd qatnovi tashkil etilgani butun dunyoda ilhom manbaiga aylangan edi. Agar Yaponiyada bitta oʻquvchi uchun poyezd yurgan boʻlsa, bizning togʻli qishloqda bitta oʻquvchiga taʼlim berish uchun oʻn toʻrt fidoyi ustoz togʻlardan oʻtgan. Bu ham xuddi shunday moʻjiza.