– Mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish sohasida salmoqli ishlar amalga oshirildi, – dedi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov. – Biroq, sud hujjatlarini ijro etish sohasida shakllangan ilgʻor xalqaro tajriba va amaliyot tahlili tizimda oʻzgarishlar amalga oshirish ehtiyoji mavjudligini koʻrsatdi. Oʻrganishlar natijasida Majburiy ijro byurosining tuzilma va vazifalari majburiy ijro tizimi rivojlanishining zamonaviy talablari va jahon tendensiyalariga toʻliq javob bermayotgani maʼlum boʻldi.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ham fuqarolar, jamiyat va davlatning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shuningdek, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish orqali odil sudlov samaradorligini taʼminlash nazarda tutilgan.

Shu maqsadda qabul qilingan yangi qonunda ijro ishlarini takomillashtirishga qaratilgan yangi normalar qonunchilikka kiritildi. Qonunga koʻra, ijro hujjatini shakllantirish chogʻida ijro hujjatiga undiruvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami yoki undiruvchi yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami majburiy kiritiladi.

Sud hujjatlariga asosan berilgan ijro hujjatlari taraflarga elektron shaklda taqdim etilishi hamda yuborilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham qonunchilikdan joy oldi.

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi qonunga fuqarolarning qarzdorliklari boʻyicha undiruv qaratilishi mumkin boʻlmagan eng kam kafolatlangan daromad belgilanishini, shuningdek, majburiy ijro harakatlarini amalga oshirish chogʻida davlat ijrochilari tomonidan mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Aytib oʻtish kerakki, 2023-yilda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalari bilan 129 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, birgina ishga tiklash haqidagi ijro hujjatlari tahlil qilinganda, 2022-yilda 1 ming 632 ijro hujjatidan 1 ming 12 tasi, 2023-yilda jami 1 ming 622 ijro hujjatidan 894 tasi ijrosi majburiy ijro harakatlari amalga oshirilgan holda taʼminlangan.

Aslida ushbu toifadagi ijro hujjatlari Majburiy ijro byurosi organlariga taqdim etilguniga qadar taʼminlanishi kerak. Ijro hujjati ijrosini taʼminlamagan davlat organi, tashkilot yoki mansabdor shaxslari Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 198-2-moddasi bilan tegishli javobgarlikka tortilishi lozim.

Shu bois, davlat organi, tashkilot yoki uning mansabdor shaxslari tomonidan ijro hujjati ijrosi taʼminlamagani uchun javobgarlik kuchaytirildi. Ilgari ijro etish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solingan boʻlsa, endilikda jarima miqdori BHMning yigirma baravarigacha oshirildi.

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi qonunning 8-moddasiga undiruvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini va undiruvchi yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqamini ijro hujjatida koʻrsatish zarurligi kiritildi. 221-moddasiga ijro ishini yuritish doirasida qabul qilingan qarorlar va boshqa hujjatlar ijro ishini yuritishda ishtirok etuvchi jismoniy shaxslarga ularning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti orqali, shuningdek, yuridik shaxslarga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.

Qarzdor jismoniy shaxslarning banklardagi yoki boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida hamda omonatlarida turgan yoki saqlashga qoʻyilgan pul mablagʻlariga undiruv qaratilishi lozim boʻlgan pul mablagʻlari miqdorini aniqlashda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining yarmi miqdoridagi pul mablagʻlari inobatga olinadi. Bu miqdorga undiruv qaratilmaydi.

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi qonun majburiyatlar reyestrini yuritish normasi bilan toʻldirildi. Majburiy ijro byurosi ijro hujjatlariga doir maʼlumotlarni qamrab olgan Majburiyatlar reyestrini yuritadi.

Ijro hujjatlariga doir maʼlumotlar Majburiyatlar reyestriga avtomatlashtirilgan tizim orqali kiritiladi va oʻn yil davomida saqlanadi.

Qonun fuqarolar, jamiyat va davlatning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda inson omilini kamaytirish, majburiy ijro etish tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu qonun 2-moddasi 9-bandining uchinchi xatboshisi qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran ikki oy oʻtgach amalga kiritiladi.