Qozogʻistonda esa hatto epizootik holat avj olgani, epidemiya kelib chiqmasligi uchun karantin joriy etilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Xoʻsh kuydirgi qanday kasallik, uni oldini olish uchun qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak? Ushbu savollarga javob olish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi epidemiologiya va oʻta xavfli yuqumli kasalliklar boʻlimi boshligʻi Farhod Qurbonbekov javob berdi.

— Aytingchi kuydirgi haqiqatdan ham shunchalik vahimali kasallikmi?

— Kuydirgi (Cibir yarasi) – Bacillus anthracis bakteriyasi sababli yuzaga keladigan xavfli infeksion kasallik boʻlib, asosan hayvonlardan yuqadi.

Kuydirgi oʻta xavfli yuqumli kasalliklar guruhiga kiradi. Organizmning umumiy zaharlanish holati, bezgak tutishi hamda teri, oʻpka va ichaklar zararlanishi bilan taʼriflanadigan infeksion kasallikdir. Kuydirgi kasalligi bilan barcha turdagi qishloq xoʻjalik, yovvoyi va uy hayvonlari hamda odamlar kasallanadi.

— Kasallik qanday yoʻllar bilan yuqadi?

— Odamlarga kasallik asosan kuydirgi kasalligi bilan kasallangan hayvonni parvarish qilgan paytda, veterinariya xizmati xodimlari koʻrigidan oʻtmagan hayvonlarni soʻyib, terisini shilganda, goʻshtini nimtalab, yaxshi termik ishlov bermasdan isteʼmol qilganda yuqishi mumkin, Kuydirgi kasalligidan oʻlgan hayvon terisi va junidan tayyorlangan har xil moʻyna buyumlar orqali ham kasallik yuqishi mumkin. Hatto 100 darajada qaynatilgan goʻsht ham xavfli boʻlishi mumkin faqat toʻliq qizdirilgan, ichida pushti joy qolmagan goʻsht xavfsiz hisoblanadi.

— Qanday shakllari farqlanadi?

Kuydirgi kasalligi aksariyat hollarda teri shaklida (98,0 – 99,0 foiz) uchraydi va kasallikning bu turida bemor toʻliq tibbiy davo muolajalaridan soʻng, hech qanday asoratsiz sogʻayib ketadi.

Kasallikning septik, ichak, oʻpka shakllari ham mavjud boʻlib, juda ogʻir kechadi va odatda oʻlim bilan tugaydi.

Kasallikning “teri yarasi” shaklidagi yara boshqa yaralardan tubdan farq qiladi:

  • yaraning ogʻriqsiz boʻlishi (agar ikkilamchi infeksiya qoʻshilmagan boʻlsa);
  • yara ustini koʻmirga oʻxshash qora poʻstloq qoplashi;
  • yara atrofi qizarib, shish paydo boʻlishi;
  • baʼzida yaraga yaqin joylashgan limfa tugunlari yalligʻlanib, kattalashishi kuzatiladi (limfadenit).

Shuningdek, yara atrofida pufaksimon toshmalar paydo boʻlishi ham mumkin.

Kuydirgi yarasi asosan badanning ochiq qismlarida (qoʻl, oyoq, yuz, boʻyin) koʻproq uchraydi.

Bunday holatlarda zudlik bilan tibbiyot xodimlariga murojaat qilish zarur. Ayrim holatlarda bemorlar yaraning ustidagi qora poʻstloqni oʻtkir tigʻli jismlar yordamida olib tashlashga urinishadi va natijada kasallikning teri shakli septik shakliga oʻtib, kasallik oʻlim bilan yakun topishi mumkin.

Shu sababli, badanda yara paydo boʻlsa va bu yaraning paydo boʻlishi kasallangan mollarni suyish, terisini shilish, goʻshtini maydalash va oshqozon – ichaklarini hamda kalla – pochasini tozalash bilan bevosita bogʻliq deb hisoblansa, unda zudlik bilan hududiy davolash – profilaktika muassasalariga murojaat qilish kerak.

— Kasallikni oldini olish choralari qanday?

— Kuydirgi kasalligini kelib chiqishini oldini olish uchun quyidagi qoidalarga qatʼiy rioya qilish kerak:

  • xonadonlarda boqilayotgan chorva mollarini hududiy veterinariya xodimlari tomonidan kuydirgi kasalligiga qarshi har yili bir marotaba albatta emlatish zarur;
  • chorva mollarini uy sharoitida soʻyish taqiqlangan. Ularni faqat qushxonalarda va soʻyish maydonchalarida, veterinariya xodimi nazorati ostida soʻyish kerak;
  • kasallangan chorva mollarini nobud boʻlmasligi uchun ularni uy sharoitida majburiy soʻyish zaruriyati yuzaga kelganda, bu tadbir albatta veterinariya vrachi ishtirokida amalga oshirilishi zarur;
  • kasallik alomatlari kuzatilganligi sababli soʻyilgan chorva mollarining goʻshti, terisi va kalla-pochalarini qoʻni-qoʻshnilarga tarqatish yoki bozorlarda sotishga faqat veterinariya xodimining xulosasi asosida ruxsat beriladi;
  • veterinariya xodimlari chorva mollarida kuydirgi kasalligiga gumon qilsa yoki aniqlasa, bunday hayvonlarni soʻyish mumkin emas, oʻlgan mol, qoʻy tanasi kuydirish yoʻli bilan yoʻqotilishi shart;
  • mahallalarda majburiy soʻyilgan va koʻcha-kuylarda sotilayotgan chorva mollari goʻshti xatarli boʻlishi mumkin, shu sababdan goʻshtni faqat doʻkonlardan va bozorlardan xarid qilish tavsiya etiladi, chunki ular tekshirilgan va xavfsizligi kafolatlangan boʻladi.

Kasallangan chorva molini soʻygan va soʻyishda ishtirok etgan odamda bir hafta mobaynida qoʻlida yoki tanasining boshqa joylarida yara paydo boʻlsa, darhol hududiy shifoxonaga murojaat qilishi zarur. Uyda oʻzi bilganicha davolanish ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin. Shifoxonalarda bunday xastaliklarni barvaqt aniqlash va samarali davolash uchun barcha sharoit yaratilgan.

Bunday muammolar kelib chiqishining oldini olish har bir insondan tibbiy madaniyat va oʻz salomatligiga eʼtiborli boʻlishni talab etadi. Buning uchun sogʻlom turmush tarziga, sanitariya-gigiyena qoidalariga toʻla rioya etish lozim. Uylarda qoramol boqishda molxonalarni toza tutish, goʻng va boshqa chiqindilarning yigʻilib qolishi oqibatida turli

infeksiyalarning paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik hamda dezinfeksiya, dezinseksiya tadbirlarini oʻtkazish, hayvonlarni yiliga bir marotaba kuydirgi kasalligiga qarshi profilaktik emlatish darkor.

— Respublikamiz hududiga kasallik kirib kelishini oldini olish uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

— Respublikamizda kasallikni oldini olish uchun gumon etilgan holatlar yuzaga kelganda tashxislash, davolash uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Bundan tashqari kasallik oʻchoqlarida tuproqdan namunalar olib, laboratoriya sharoitida doimiy nazorat olib boriladi.

Kasallikni mamlakatimiz hududiga kirib kelishini oldini olish maqsadida esa 55 ta chegara punktlarimizdan oʻtuvchilar chuqur tekshiruvdan oʻtkaziladi. Ushbu punktlarda kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida oʻtkazilishi zarur boʻlgan barcha chora-tadbirlar nazoratga olingan.