Aholi orasida esa bu vaziyat “Navoiyazot”AJ faoliyati bilan bogʻliq, degan fikrlar paydo boʻldi. Ushbu xabarlarga Navoiy viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.

2025-yil 19-iyul kuni soat 07:00 dan 09:00 gacha “Navoiyazot” AJ atrofida boshqarmaning tahliliy laboratoriyasi hamda mazkur korxonaga qarashli sanitar laboratoriya bilan hamkorlikda havo namunalari olib, EKOLAB gazoanalizator apparati yordamida tahlil qilindi.

Tahlillar natijasida ammiak 1,4 barobar, vodorod sulfidi esa 16,8 barobar meʼyordan yuqori ekani aniqlandi.

Shu bilan birga, Navoiy viloyati Gidrometeorologiya boshqarmasi ham havo sifati boʻyicha mustaqil tahlillar oʻtkazdi.

  • Zulfiya koʻchasida joylashgan 1-kuzatuv postida uglerod ikki oksidi 1,04 marotaba, ammiak 1,1 barobar meʼyordan yuqori boʻlgan.
  • Meʼmorlar koʻchasidagi 2-kuzatuv postida esa ammiak 1,2 barobar meʼyordan oshib ketgani qayd etildi.

Ayni paytda “Navoiyazot” AJ hududida aniqlangan kamchiliklarga oydinlik kiritish va qonunbuzarlik holatlarini aniqlash maqsadida Prezident huzuridagi Tadbirkorlik huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishilgan holda tekshiruv oʻtkazish uchun hujjatlar tayyorlanmoqda.

Oʻrganish natijalari boʻyicha qoʻshimcha axborot taqdim etilishi maʼlum qilindi.