Norin sohillari zamonaviy sayyohlik maskaniga aylantiriladi

    Namangan viloyatida turizmni rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalarga start berildi.

    Viloyat hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, Namangan viloyatida Norin daryosi hamda 5 ta yirik kanalga yondosh hududni turistik markazga aylantirish ishlari boshlandi.

    Shu yilning 21-iyul kuni Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Norin GESlar kaskadi hududidagi yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

    Loyihaga koʻra, kaskadning Uychi tumani hududidagi 20 gektar yer maydonida turistik saylgoh tashkil etilishi, koʻp qavatli uylar qurilishi koʻzda tutilgan. Xususan, «Boʻston« MFY hududidan oqib oʻtuvchi Norin daryosi qirgʻoqlarida turizm loyihasi amalga oshiriladi. Undan sport maydoni, dam olish maskani, choʻmilish havzasi, kemping zonasi joy oladi.

    Shuningdek, hokim tadbirkorlar bilan muloqot chogʻida loyihalarga oʻz takliflarini berdi va jadallik bilan ishga kirishishni taʼkidladi.

    Xususan, Uchqoʻrgʻon tumanidan 12 km masofada Norin daryosi hamda 5 ta yirik kanal oʻtishi, tabiiy landshaftning jozibadorligi, tiniq va zilol suv zaxiralari ushbu hududda turizmning barcha yoʻnalishlarini rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratib beradi.

    Viloyat hokimi 30 gektarlik maydonda barpo etiladigan turistik mega-loyiha taqdimoti bilan tanishdi va qurilish ishlariga start berildi.

    Loyiha doirasida akvapark, kapsula dam olish xonalari, interaktiv attraksionlar, gullar bogʻi, amfiteatr,salomatlik yoʻlaklari, restoranlar va koʻprikli saylgoh quriladi. 450 dan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratiladi.