Qoraqalpogʻistonda bir ayol va uning ikki voyaga yetmagan farzandi suvga choʻkib, halok boʻldi

    Qoraqalpogʻistonning Ellikqalʼa va Beruniy tumanlari orasida joylashgan Aqchakoʻl suv havzasida bir oilaning 3 nafar aʼzosi choʻkib ketdi.

    Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, 23-iyul kuni soat 15:00 atrofida Beruniy tumanida yashovchi 38 yoshli erkak Aqchakoʻl koʻliga turmush oʻrtogʻi farzandlari va jiyanlari bilan dam olish maqsadida borgan. U koʻlga oʻzining shaxsiy qayigʻi bilan tushgan, biroq qayiq koʻl oʻrtasiga borganda ehtiyotsizlik oqibatida choʻkib ketgan.

    Oqibatda erkakning 36 yoshli turmush oʻrtogʻi Z.R. hamda 10 va 13 yoshli qizlari suvga choʻkib, voqea joyida vafot etgan.

    Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 102-moddasi (Ehtiyotsizlik orqasida odam oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.