Issiq va sovuqqa, suvsizlikka chidamli mahsulotlar yetishtirishga oʻtish zarurligi qayd etildi

    Davlatimiz rahbari xalqaro vaziyat kun sayin oʻzgarib borayotgani, yildan yilga takrorlanayotgan ob-havo injiqliklari, “anomal issiq” va “anomal sovuq” degan tushunchalar odatiy holga aylanib ulgurganiga eʼtibor qaratdi.

    Bunday qaltis sharoitda har bir eksport bozori mamlakatimiz uchun oʻta muhimligi, kerak boʻlsa, bu – iqtisodiy xavfsizlikning ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani koʻrsatib oʻtildi.

    Shu bois soha masʼullari va hokimlar ob-havoni bahona qilavermasdan, sharoitga moslashib, issiq va sovuqqa, suvsizlikka chidamli mahsulotlar yetishtirishga oʻtishi zarurligi qayd etildi.

    Oʻtgan 6 oyda oziq-ovqat eksporti 44 foiz oʻsib, 1 milliard 326 million dollar boʻldi. Eksport geografiyasi 16 ta davlatga koʻpaydi.

    Shu bilan birga, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari, Qoraqalpogʻiston meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportining surʼati boʻyicha qolgan hududlardan ortda qolayapti. Navoiy viloyati esa oʻtgan yilgi koʻrsatkichlariga ham chiqa olmadi.

    Ushbu hududlar va ularga Hukumatdan biriktirilgan vakillar bu boradagi ishlarini faollashtirishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.