Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2025-yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisoboti muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov axborot berdi, deb yozadi quyi palata axborot xizmati.
Majlisda mamlakatimiz barqaror iqtisodiy oʻsish yoʻlida aniq natijalarga erishayotgani maʼlum qilindi. Xususan, 2025-yilning birinchi yarim yilligida mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 7,2 foizga oshgan. Yalpi ichki mahsulot tarkibida
- bozor xizmatlari 8,2 foizga,
- sanoat ishlab chiqarish 6,6 foizga,
- qurilish ishlari 10,7 foizga,
- qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish 4 foizga oshdi.
Hisobot davrida “Yoshlar daftari” orqali yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 121,8 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan.
4 377 nafar yoshlar ilm-fan, zamonaviy kasblarga oʻqitilgan, 934 nafarining bandligi taʼminlangan. Yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ishsizlikni kamaytirish maqsadida “Yoshlar bandlik dasturlari” tasdiqlangan.
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish yoʻnalishida
- 156 290 nafar xotin-qizlar tadbirkorlik va kasb-xunarga oʻqitilgan,
- 1 771 nafarining uy-joyini yaxshilash choralari koʻrilgan,
- 99 nafari uy-joy bilan taʼminlangan.
Aholini tibbiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida 40 yoshdan oshgan 8,2 mln nafar aholi hamda 5 milliondan ortiq bolalar ommaviy skrining tekshiruvlaridan oʻtkazilgan.
“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida eng ogʻir ahvoldagi 1 042 ta mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, tuman va shaharlarda “Drayver” loyihalarni amalga oshirish hamda kompleks rivojlantirish xarajatlariga 3,2 trln soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika boʻyicha 55 ta “yashil bogʻlar” barpo etildi. 130 ming gektar maydonda oʻrmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirilgan. Orolboʻyi mintaqasidagi oʻrmonzorlar maydoni 2 mln. gektarga yetkazildi.
Majlisda qayd etilganidek, hisobot davrida jami 21 mlrd. dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, bu koʻrsatgich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 foizga oʻsgan. Qiymati 2,5 mlrd. dollarlik 30 ta loyihalarni ishga tushirish orqali 3 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilgan, 66 ta tumanga 50 mln. dollardan koʻp sarmoya kiritilgan.
Davlat byudjeti daromadlari 144, 2 trln. soʻmga yetib, 27,8 foizga koʻpaygan. Davlat byudjetining xarajatlari hisobot davrida 173,3 trln. soʻmni tashkil etib, 16,4 foizga oʻsgan. Shundan, ijtimoiy sohalarga yoʻnaltirilgan mablagʻ 86,2 trln. soʻmni tashkil qilib, oʻtgan oyning shu davriga nisbatan 16,4 foizga koʻp. Aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash uchun 14,7 trln. soʻm subsidiyalar ajratilgan.
Davlat dasturining har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish borasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 77 foizga, maktabga tayyorlov tizimida qamrov 96 foizga yetkazilgan.
Majlisda deputatlar ijtimoiy sohani rivojlantirish masalalariga ustuvorlik berilgani, yoshlar bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish borasida alohida Dasturlarning qabul qilinganini hamda raqamli industriya va AyTi-startaplar yoʻnalishida erishayotgan natijalarini yuqori baholadi.
Shu bilan birga, davlat dasturida ijro muddati uzaytirilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash choralarini koʻrish, bunda mutasaddi vazirlik va idoralarning masʼuliyatini yanada oshirish lozimligini taʼkidladilar. Budjet xarajatlari ustidan samarali nazorat oʻrnatish, oʻz vaqtida oʻzlashtirish, budjet intizomini mustahkamlash borasida taklif va tavsiyalar ilgari surildi.