Guruhning faoliyati Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fosh etildi.
Xabarda aytilishicha, ularga tegishli boʻlgan Namangan shahri va Uychi tumanidagi 5 ta manzildagi mavjud yashirin omborlar xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.
Natijada, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Fransiya, Italiya, Turkiya, Vyetnam, Isroil, Polsha, Ukraina, Germaniya va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan hamda tegishli hujjatlarga ega boʻlmagan, taxminiy qiymati 7,2 mlrd soʻmlik 1267 turdagi jami 102640 quti kontrafakt dori vositalari (“Geparin”, “Aktovegin”, “Xilak forte”, “Ursofalk” va boshqalar) mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.
Shuningdek, ular orasida tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar boʻlgan “Testosteron” va “Retobolil” nomli preparatlar mavjudligi ham maʼlum boʻldi.
Aniqlanishicha, mazkur kontrafakt dori vositalari mamlakatimizga Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali olib kelingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 186-3 va 251-1-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatish rejalashtirilib, hozirda tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.











