“Newslab” nashrining xabar berishicha, Rossiyaning Krasnoyarsk oʻlkasi Yemelyanovskiy tumanida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan “Korona” banket zalida maxsus operatsiya boʻlib oʻtdi.
maxsus boʻlinmalar xodimlari koʻngilochar maskanga bostirib kirgan bu joyda xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev konsert berayotgan boʻlgan.
Xabarda aytilishicha, reyd davomida jami 620 nafar shaxs tekshiruvdan oʻtkazildi. Tintuvning asosiy maqsadi Rossiyaga chet eldan kelgan fuqarolar va giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullanishi mumkin boʻlgan shaxslarni aniqlashdan iborat boʻlgan. Shunga qaramay, hech bir mehmondan taqiqlangan narsa yoki modda topilmadi.
Shu bilan birga, 26 nafar xorijlik politsiya boʻlimiga olib ketildi. Tekshiruvlar jarayonida ulardan sakkiz nafari Rossiya hududida noqonuniy ravishda boʻlgani aniqlandi. Qolganlariga nisbatan ham hujjatlar toʻliq oʻrganib chiqildi.
Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi mazkur holatga munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, Agentlikning Rossiyadagi vakolatxonasi tomonidan Oʻzbekiston fuqarolari huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida, litsenziyaga ega advokat voqea joyiga yuborildi.
Ayni paytda mazkur holat Rossiya Federatsiyasining amaldagi qonunchiligi doirasida oʻrganilmoqda.









