Unda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, taniqli ijodkorlar Shuhrat Orif va Javlon Jovliyev faol ishtirok etishdi.
Xalqaro tadbir SHHT Kotibiyati, Hindiston Taʼlim vazirligi va ushbu mamlakat Milliy kitob jamgʻarmasi hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiya ishtirokchilari “Raqamli davrda ijodiy makon dinamikasi: SHHT yosh mualliflarining muloqoti” mavzusini muhokama qilishdi. Anjumandan koʻzlangan maqsad bugungi kunda raqamli texnologiyalar sanʼat, adabiyot va intellektual almashinuvni qanday oʻzgartirayotganini muhokama qilish uchun SHHTga aʼzo davlatlarning yosh yozuvchi va ijodkorlarini birlashtirishdan iborat boʻldi.
Oʻzbekiston delegatsiyasining mazkur forumdagi ishtiroki mamlakatimizning SHHT faoliyatidagi, xususan, Tashkilotning yoshlarga oid siyosatini amalga oshirish jarayonidagi izchil va faol pozitsiyasini ifodalaydi. Anjuman mamlakat rahbariyatining iqtidorli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan tashabbuslarini ilgari surish uchun yana bir xalqaro muloqot platformasini bajardi.
Konferensiya dasturi doirasida oʻzbekistonlik yosh mualliflar asosiy sessiyalarda maʼruza qilishdi. Shuhrat Orif “Anʼanaviy va raqamli teleradioeshittirishning konvergensiyasi” mavzusidagi muhokamada soʻzga chiqib, Oʻzbekistonning zamonaviy kontentni yangi media formatlarga moslashtirish boʻyicha toʻplagan tajribasini taqdim etdi.
Javlon Jovliyev “Ijod va matbaa ishi” sessiyasida ishtirok etib, zamonaviy adabiy jarayonlar va raqamli asrda mualliflar oldida turgan dolzarb vazifalar haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
Oʻzbekiston vakillarining SHHT yosh mualliflar anjumani kabi muhim xalqaro tadbirlarda ishtirok etishi katta ahamiyatga ega. Bu nafaqat Tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi gumanitar va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, balki oʻzbek yoshlarining jahon miqyosida ijodiy va intellektual salohiyati yuksalib borayotganini ham yaqqol namoyon etadi.
SHHT yosh mualliflarining ikkinchi konferensiyasi Dehlida Oʻzbekiston, Hindiston, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Belarus va Erondan 30 ga yaqin muallif va ijodkorlarni birlashtirdi. Birinchi konferensiya ham 2023-yil aprel oyida Hindiston poytaxtida boʻlib oʻtgan.











