Issiqxona xoʻjaliklari faoliyati samaradorligi oshiriladi

    Prezidentning “Issiqxona xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini koʻpaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni (PF–181-son, 08.10.2025-y.) qabul qilindi.

    Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan maqsad etib meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini koʻpaytirish, issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish hamda yangi zaxira va imkoniyatlarni ishga solish belgilandi.

    Farmonga koʻra, 2025–2027-yillarda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini oshirish, issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish hamda qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

    • meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini 2026-yilda – 3,5 milliard AQSH dollari, 2027-yilda 4 milliard AQSH dollariga yetkazish;
    • issiqxona xoʻjaliklarini tabiiy gaz bilan kafolatli taʼminlagan holda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmini
    • 2026-yilda – 620 ming tonnaga, 2027-yilda 670 ming tonnaga yetkazish, ushbu mahsulotlarning eksporti hajmini 30 foizdan 70 foizga oshirish;
    • 2026-yilda qoʻshimcha aniqlangan 20 ming gektar, 2027-yilda 15 ming gektar dala chetiga mevali koʻchat va sabzavotlar ekishni tashkil etish.

    Issiqxona xoʻjaliklari uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun ularga quyidagi imtiyozlar berildi:

    • 2026-yil 1-yanvardan boshlab 2028-yil yakuniga qadar ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib;
    • 2025-yil 1-oktyabr holatiga mavjud soliq qarzi yuzasidan toʻlov muddati foizlarni hisoblamagan holda 2028-yil yakuniga qadar uzaytiriladi.