Faxrimsan, gʻururimsan, betakror Ona tilim!

    Toshkent davlat tibbiyot universiteti 1-son akademik litseyida Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va haftalik oʻtkazildi.

    Inson bor ekan, u bilan birga til ham bor. Til — millatning oʻtmishi, buguni va kelajagi, uning qalb oynasi, maʼnaviyati va madaniyatining asosidir. Millat tarixi qogʻozlarda emas, balki ona tilida yozilgan asarlarda, el ogʻzida yurgan dostonlarda va xalq tilida aytilgan sheʼr hamda nasihatlarda namoyon boʻladi.

    Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36-yilligi munosabati bilan 2025-yil 21-oktyabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universiteti 1-son akademik litseyida “Faxrimsan, gʻururimsan, betakror Ona tilim!” shiori ostida Oʻzbek tili bayramiga bagʻishlangan tantanali tadbir va maʼnaviy-maʼrifiy haftalik boʻlib oʻtdi.

    Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarda ona tiliga boʻlgan muhabbat va hurmatni mustahkamlash, oʻzbek tilining nufuzini oshirish hamda uning davlat tili sifatidagi oʻrnini keng yoritishdan iborat boʻldi.

    Litsey hovlisida oʻtkazilgan bayramda rahbariyat, ustozlar, mehmonlar va oʻquvchilar faol ishtirok etdilar. Litsey direktori A. Gʻaniyev oʻz nutqida oʻzbek tilining tarixiy rivoji, zamonaviy jamiyatdagi ahamiyati va uning avlodlar ongidagi oʻrni haqida soʻz yuritdi.

    Shuningdek, ustozlar Z. Malikov va D. Ismolovalar tilimizning boy tarixi, adabiy merosi va uning davlat tili sifatidagi nufuzi haqida fikr bildirdilar.

    Bayramda oʻquvchilar tomonidan badiiy chiqishlar, raqslar va sheʼrlar namoyish etildi. “Ona tili”ga bagʻishlangan sahnaviy koʻrinishlar va musiqiy chiqishlar yigʻilganlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.

    Haftalik doirasida “Ommaviy diktant” tanlovi oʻtkazilib, oʻquvchilar oʻz savodxonlik darajalarini namoyon etdilar. Shuningdek, “Faxrimsan, gʻururimsan, betakror Ona tilim!” mavzusida devoriy gazetalar tanlovi tashkil etildi. Unda oʻquvchilar oʻz ijodiy mahorati va ona tiliga boʻlgan mehrini ifoda etdilar.

    “Yangi avlod” nashriyoti hamkorligida oʻtkazilgan kitoblar yarmarkasi yoshlarda kitobsevarlikni targʻib etishga xizmat qildi. “Men kutubxonamga kitob sovgʻa qilaman” chellendji litsey jamoasi tomonidan qizgʻin qarshi olindi.

    Tadbirlar yakunlangach, gʻoliblar va faol ishtirokchilar esdalik sovgʻalari hamda diplomlar bilan taqdirlandilar.

    Zero, bunday tadbirlar yosh avlod ongida ona tiliga nisbatan hurmat, faxr va masʼuliyat tuygʻusini mustahkamlaydi, milliy oʻzlikni asrashga xizmat qiladi.

    Zulxumor Akbarova

    Hamkorilk materiali