Fanlar akademiyasi Tarix instituti Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Qanqa yodgorligini “Ochiq osmon ostidagi muzey”ga tayyorlash boʻyicha izlanishlarni davom ettirmoqda.
Maʼlumki, Qanqa Turon tarixida muhim oʻrin tutuvchi yirik shahar yodgorligi hisoblanadi. Ayrim tadqiqotchilar uni “Avesto”da tilga olingan Qangʻdesh hamda “Shohnoma”da zikr etilgan Turon shohi Alp Er Toʻnga shahri — Qangʻdez bilan bogʻlaydi.
Institutning “Harbiy tarix markazi” va “Qadimgi dunyo tarixi” boʻlimlari xodimlaridan iborat ilmiy guruh tomonidan olib borilayotgan joriy yilgi qazuv ishlari davomida yodgorlik arki quyi qismida joylashgan ibodatxona oʻrganildi. Tadqiqotlar jarayonida metalldan ishlangan jangchi sovuti boʻlaklari topildi.
Tarixchilarning taʼkidlashicha, qadimda ibodatxonalar jamiyat madaniy hayotining markaziy qismi boʻlib, odamlar bu yerga oʻzlari tayyorlagan eng yaxshi mahsulot yoki buyumni sovgʻa sifatida taqdim etish anʼanasiga amal qilgan. Jangchi sovuti ham qurolchi usta tomonidan shu anʼana asosida ibodatxonaga topshirilgan boʻlishi ehtimol qilinmoqda.
Mutahassislar fikricha, bu topilmalar turkiy xalqlarning harbiy madaniyati va dunyoqarashi bilan bogʻliq muhim maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. 2021-yildagi qazuvlar davomida ibodatxona kirish qismida ot anjomlari aniqlangan boʻlsa, bu yil topilgan sovut boʻlaklari turkiy jangchilarning harbiy anʼanalariga katta eʼtibor qaratilganini yana bir bor tasdiqlaydi.








