Go‘yoki, Katta Farg‘ona kanalining zilol suvlari ham ana shu quvonchli xabardan, taradduddan mavjlanib, tashrif buyurishi kutilayotgan aziz mehmonlar ismini takrorlayotgandek: O‘zbekiston xalq hofizi Jo‘raxon Sultonov, mohir sozanda va bastakor G‘anijon Toshmatov, andijonlik so‘z ustalari Abdulhay Qozoqov va Rahmonqul Umarovlar, qo‘qonlik askiyachilar Odil Normatov, G‘oyib Toshmatov va Muhiddin Darveshovlar...
Majnuntollar ostidagi supalarga joylar hozirlanib, palovxonto‘ra damlanmoqda. To‘rqovoqlardagi bedanalarning sayrog‘idan dillar mast... Va nihoyat... Askiya kechasini O‘zbekiston xalq artisti Jo‘raxon Sultonov “Ashula” payrovi bilan boshlab berdi:
– G‘oyib tog‘a, tuppa-tuzuk ketmon chopadigan yigitsizu... o‘zingizni salqinga qo‘yib, kampir-xotinlarni dalaga chiqarib, shiyponda ashula qilib yotarmishsiz “Onam derman” deb...
– Ha, nima qilaylik, hofiz, endi keksayib qoldik. Mana Abdulhayni qarang, bilagi kuchga to‘lgan, ayni gullagan chog‘i... dalaga chiqib mehnat qilayotgan odamlarni ko‘rib vijodi qiynalsa bo‘lardi “Na insonman, na hayvonman”, deb...
– Odil aka, siz ham keyingi paytlarda juda ustasi farang brigadir bo‘lib ketyapsiz. Ikkita komissiya kelsa vahimaga tushib o‘lib qolasizu yana bu yoqqa kelib maqtanasiz “Indamadi” deb...
Bugungi Marg‘ilon. 2021 yil 28 sentyabrь. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ulug‘ san'atkorlarning nomlarini abadiylashtirish maqsadida Marg‘ilon shahar bog‘i hududida ularning byustlari o‘rnatilib, “San'atkorlar bog‘i” barpo etilishini ma'lum qildi. Bu xabar nafaqat farg‘onalik, balki yurtimizdagi ko‘hna merosimizga, milliy qadriyat va an'analarimizga befarq bo‘lmagan barcha insonlarni to‘lqinlantirib yubordi. Yana go‘zal vodiy bog‘larida askiya kechalari tez-tez tashkil qilina boshladi.
Sahnaga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muhammadsiddiq Sherayev va uning shogirdlari Abdulla Akbarov, Hotamjon Teshaboyev, Mansurjon Oxunov, Bahodirjon Shokirov, Anvarjon Ne'mataminovlar kirib kelishganida yig‘ilganlar ularni o‘rinlaridan turib davomli qarsaklar bilan kutib olishdi.
– Assalomu alaykum, aziz mehmonlar, – deydi Muhammadsiddiq Shiryaev. – Mana, 2023 yil 17 iyulь kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada milliy askiya va qiziqchilik san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi. Hotamjon, Mansurjon, Bahodirjon, zakiy xalqimiz milliy qadriyatlariga, yuksak san'atiga bunday e'tibor bizga juda katta ilhom bag‘ishlamoqda. Shunday emasmi...
– Albatta, ustoz. Ayniqsa, maqom va askiya san'atini rivojlantirish bo‘yicha chiroyli qarorlar e'lon qilinib, xalqaro anjumanlar, tanlovlar tashkil qilinayotgani bizni quvontiradi.
– Bilasizlarmi, – deydi Muhammadsiddik Shiryaev askiya shinavandalariga yuzlanib. – Mumtoz qo‘shiqlarimizni, askiya san'ati durdonalarini eshitganimda ota-bobolarimizning bir gapi esimga tushadi: “Qaysi odamning qalbida dardi bo‘lsa, bunday ashulalarni, askiyalarni eshitganida “doood” deb yuboradi”. Men 2021 yildan beri ichimga sig‘may xursand bo‘lib yurgan edim. Prezidentimiz Farg‘onaga tashrif buyurganida Askiya markazini ochib beraman, degandilar.
Mana hozirgi kunda respublikamizda nafaqat O‘zbek milliy maqom san'ati, Respublika baxshichilik san'ati markazlari, balki Respublika askiya va qiziqchilik san'ati markazi ham faoliyat olib bormoqda.
– Ustoz, biz bu kunlarni qanchalar orziqib kutganmiz, – deydi shogirdlar. – Mana, Farg‘ona san'at kollejida askiya maktabi ochildi. Ustozlarimizdan o‘rgangan bor mahoratimizni bolalarga o‘rgatyapmiz. Keling, ustoz, eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz shodiyonalari boshlangan shunday onlarda kechamizni “Ashula” payrovi bilan boshlaylik!
– Eh, nimasini aytasiz, zamonamizda bo‘layotgan ishlarni ko‘rib turib bir qo‘shiqni boshlagim kelyapti-da, “Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor” deb...
– Oh-oh, o‘ziyam bugungi fayzni, mana shu davraga yig‘ilgan otaxonu onaxonlarimizni, pahlavon yigitlaru go‘zal qizlarni ko‘rib turib “Shuncha bo‘lurmi, hay-hay” degingiz kelyaptiya, ustoz, – deydi Hotamboy Teshaboyev lutf ko‘rsatib...
Davrani oltiariqlik so‘z ustasi Abdualla Akbarov har doimgidek “qitmirlik” bilan ilib ketdi:
– Ustoz, men doim shogirdlaringizga aytamanki, “Ashula aytadigan bo‘lsalaring ustozdan o‘rnak olib mumtoz qo‘shiqlardan aytinglar, fonogrammani qo‘yvolib bitta so‘zni yigirma marta qaytaradigan bo‘lsalaring zukko shinavandalar darhol dashnom beradi “Bo‘ldiye, “Qilpillama”, deb...
Maqolamizning xuddi mana shu joyiga fonogrammaga yozib olingan kulgi ovozlariyu qarsaklarni qo‘yishimiz shart emas, chunki bu hozirjavoblikdan keyin tomoshabinlar san'atkorlarni olqishlarga ko‘mib yuborishdi.
Yusufjon qiziq tan bergan o‘tinchi chol hikoyasi
Xalq ijodida o‘ziga xos o‘rni bo‘lgan, xususan, Farg‘ona vodiysida keng tarqalgan askiyaga bolaligimizdan mehr qo‘yganmiz. To‘ylar, sayil va tomoshalar askiyasiz o‘tmasdi. “Gulmisiz, rayhonmisiz, jambilmisiz?” deb boshlanadigan ikki guruhning taraf-taraf bahsi, so‘z o‘yinlariyu qiziq-qiziq hangomalaridan yurakdan otilib chiqqan qah-qahali davralarning fayzi boshqacha-da...
– Ana shunday fayzli davralarning birida ustozimiz Yusufjon qiziq Shakarjonov bizga nasihat qilib bir hayotiy latifani aytib bergan, – deydi Mamasiddiq Sherayev. – Ustoz 5-6 ta oshnalari bilan ko‘chada hangomalashib tursa, eshakaravaga o‘tin yuklagan bir chol kelib qolibdi. “Usta buva, o‘tiningiz qanchadan endi?” deb so‘rabdi Yusufjon qiziq. “Atigi bir tanga, ya'ni yigirma tiyin, qimmat emas,” depti chol. Shunda ustozimiz “Ie, buva, eshakaravasi bilanmi?” debdi atay... Bu gapdan keyin biroz jahli chiqqan o‘tinchi “Yo‘q, eshshaksiz, Yusufjon!” deb ketib qolgan ekan. Avvaliga bu javobni atrofidagi sheriklari uncha anglamabdi. Ustoz qaytadan o‘tinchi bilan bo‘lgan suhbatni aytib bergach, rosa kulishgan va oddiygina cholning zakovatiga tan berishgan ekan. Yusufjon qiziq ushbu latifani shogirdlariga aytib bo‘lgach “Hech qachon zo‘rman deb kibrga berilmanglar, hamisha sahnada kutilmagan askiyalarga tayyor turinglar.
Oddiy xalq ichidan chiqqan odam ham zo‘r javob berib mot qilib qo‘yishi mumkin”, deya tayinlagan edi.
Ustozlarning o‘ziga xos saboqlari haqida gap ketganida Abulqosim To‘ychiyevning nabirasi Sarvar To‘ychiyev aytib bergan mana bu voqeani ham keltirib o‘tishni joiz deb bildik:
– Bobom bilan bozordan qaytayotganimizda taksi to‘xtatdilar. Keyin ustozlarinikiga birma-bir kirib bozordan olgan narsalarimizni ulashib chiqdik. Va nihoyat mashina eshigimiz tagiga kelib to‘xtadi. Bobom u yoqlarini kovladilar, bu yoqlarini kovladilar oxiri kostyumlarining cho‘ntagidan kamroq pul topib shofyorga uzatdilar. Rosa aylanib kelganimiz uchun shofyor hayron bo‘lib “Shuncha yurdigu, otaxon, bu kamu, kamu”, desa, bobom sira o‘zlarini buzmay “Tebe, tebe” dedilar. O‘shanda shofyor o‘zini tutolmay kulib yuborgan va bobomning hozirjavobligidan zavqlanib bizdan rozi bo‘lib ketgan edi.
Amerika so‘zi o‘zbekchadan olinganmi?
Abulqosim To‘ychiyev bilan bog‘liq bu latifani eshitgach, Abdulla Akbarovning ham bir latifasi esiga tushib ketdi. Qani, eshitaylik-chi...
– Bizning tilimizga chet ellardan ko‘p so‘zlar kirib kelgani kabi chet elliklar ham bizning ko‘p so‘zlarimizni o‘zlashtirib olgan, – deydi Abdulla qiziq. – Masalan, Amerika so‘zi ham o‘zbekcha so‘zdan olingan. Xristofor Kolumbdan oldin Abu Rayhon Beruniy bobomiz : “Ana shu okeanning orqasida bir quruqlik bor”, deganidan keyin bizning qadimiy o‘zbeklar Amerikaga borib yovvoyi hindularga yashashni o‘rgatgan. Xristofor Kolumb bunday borib qarasa... do‘ppilardi kiyvogan, pichaqlardi taqvogan bitta o‘zbek hindularni boshqarib yurganmish. Kolumb hayron bo‘lib hindulardan “kim bu?” deb so‘raganda hindular “Amir aka”, degan-da... keyin o‘sha Xristofor Kolumb orqaga qaytib kelayotsa yana ikki nafar o‘zbek aylanib yurgan ekan. Kolumb ulardan: “Bu qanaqa joy?” deb so‘raganida, “Sen gapir!” degan ular bir-biriga tashlab. Shundan keyin Xristofor Kolumb: “Ha, bu yer Singapur ekan”, degan, ishanovring...
Qolaversa, anavi “kalьkulyator” so‘ziyam o‘zbekchadan kelib chiqqan-da... Jahon olimlari yig‘ilvolib “Elektron hisoblash mashinasini yaratamiz” deb o‘ylanib o‘tirishganda olimlarning ichida o‘zbek olimi bo‘lgan. U juda aqlli bo‘lgani uchun kal bo‘lgan-da... O‘sha olim boshqa olimlardan oldinroq EHM ni yaratib qo‘yib qolgan olimlarga qarab tirjayib o‘tiravergan. Keyin qolgan olimlar unga qarab “Kal kulayotir, bizdan oldin kashf qilib qo‘ydiyov”, deyishgan.
Endi... futboldagi “absayt” so‘zi ham o‘zbekchadan kelib chiqqanini aytib qo‘ysam... Inglizlar O‘zbekistonga kelishganida bizning o‘zbek yigitlari futbol o‘ynab yurishgan bo‘lgan. Futbolchilarning ichida epchil, chaqqon hujumchi bo‘lgan. Uning oti Abdusaid bo‘lgan. O‘sha yigitning to‘pdan oldinga tushib narigi darvozaning oldiga borib olaveradigan odati bo‘lgan. Shu bois sudьya “Qayt, Abdusayid, qayt”, deyavergan. Buni eshitgan inglizlar “Ha, o‘yindan tashqari holat bo‘lsa “absayt” bo‘larakan”, degan. “Aut” so‘zi ham o‘zbekchadan kelib chiqqan. To‘p chiziqdan nariga o‘tib ketganida sudьya chekkada turgan bolaga qarab “ob o‘t”, degan.
Abdulla qiziqning bu latifalari O‘zbekiston xalq artisti Ergash Karimovning mana bu gaplarini yodimizga soldi: “O‘zingizda qolar gap yo‘q. Abdullajon o‘sib ulg‘aygan Oltiariq turpu bodringi bilan nom qozongan. Oltiariqqa borib qolsangiz qayoqqa qarab qolsangiz hali turpu... hali bodring...yana turp...yana bodring...tomorqalarni qo‘ying simyog‘ochgacha turpu mo‘rigacha bodring...oltiariqliklar bu mahsulotlarni butun o‘zimizning yurtimizu qo‘shni respublikalarda mashhur qilib ulgurganlar. Abdullajonning o‘ziga o‘xshagan qitmir qahramonlari esa uning bir latifasida aytilganidek, bodringu turpini kosmosda pullab yurganimish. Bu haqda radio, televizor gapirsa gazeta jurnal yozsa ishonmaysiz. Lekin qiziqchining o‘zi gapirib berganda o‘ylab qolasiz. Kulgu va so‘z san'atida o‘z so‘zi va yo‘lini topish, uzoqni ko‘zlash deganlari mana shu-da!”
Laqab deganlari bejiz qo‘yilmas ekan-da...
Mabodo siz askiyachilar davrasiga yarmidan qo‘shilib qolsangiz ularning ba'zi qochirimlari va o‘xshatishlariga tushunmay qolishingiz tabiiy. Chunki askiyachilarning davrasidagi hazillar ko‘proq odamlarning laqablariga ko‘ra aytiladi, “nishonga olinadi”.
– Masalan, mahallangizdagi Soliboyni to‘yga borganida it talab qolgan bo‘lishi mumkin, – deydi Abdulla qiziq Akbarov. – Shundan so‘ng unga oshnolari, do‘stlari “it” deb laqab qo‘yib olishadi. Va qaysi davraga kirib borsa it haqidagi askiyalar, hangomalar o‘z-o‘zidan boshlanib ketaveradi. Bir kuni menga ham laqab qo‘yib olishgach, ustozimiz Muhammadsiddiq Sherayevdan laqab qo‘yish odati qanday paydo bo‘lgani, shu odatning qanday yaxshi tomonlari borligi haqida so‘radim.
– Bizning Farg‘onada har bitta odamning laqabi bor, – dedilar ustoz “jabr ko‘rgan bir sen emas” degandek jilmayib. – Xo‘sh, nima uchun laqab qo‘yish odati paydo bo‘lgan? O‘zing o‘ylab ko‘r, ota-bobolarimz juda zukko va aqlli bo‘lishgan. Choyxonada, ulfatchilikda, to‘ylarda o‘tirganda odamlar fisqu fasod har xil gaplarni kovlab gapirgandan ko‘ra bir-birining laqabiga ishora qilib aytolmagan gaplarini gapirib hazillashib o‘tirsin deyishgan-da...
Vladimir Vinokur: “Bu san'atning talabi qattiq”
Ma'lumotlarga ko‘ra, “Askiya kecha”larida 30 ming nafargacha odam yig‘iladi. Restoran, choyxona va qahvaxonalarda askiyachilar uchun oldindan joy ajratilib, hatto ovqatlargacha buyurtma berib qo‘yilar ekan. Pandemiya davrida ham askiya ustasi, Muhammadsiddiq Sherayev va uning shogirlari Marg‘ilon shahridagi “Musiqiy maqom va askiya” teatrida muntazam ravishda tomoshabinlarsiz kontsertlar o‘tkazib turishgan.
– Askiya san'ati faqatgina bizda – Farg‘ona vodiysida rivojlangan san'at turi ekanligini Rossiya xalq artisti Vladimir Vinokur ham tasdiqlagan. U bir kuni “Vodillik kelin” filьmidagi askiyachilar gurungi aks etgan lavhani ko‘rib qolibdi. Va nihoyatda ta'sirlanib “Askiya san'ati doimiy hozirjavoblikni talab qiladigan faqatgina Farg‘ona vodiysiga xos bo‘lgan benazir san'at ekanligidan yana bir bora hayratga tushdim. Ayni paytda askiya san'atining mohir ustasi
Muhammadsiddiq Sherayev o‘z shogirdlarini tarbiyalayotganidan mamnunman”, deb yozibdi bir nufuzli elektron nashrlarning birida. Bu e'tirofni o‘qib rosa xursand bo‘ldim.
Muhammadsiddiq Sherayevning ta'kidlashicha, o‘z vaqtida yana bir taniqli qiziqchi Arkadiy Raykin O‘zbekiston xalq artisti Yusufjon Qizik Shakarjonovni o‘zining ustozi sifatida tan olgan, hurmat qilgan va e'zozlagan. Undan askiya, miniatyura san'ati sirlarini o‘rgangan va keyinchalik o‘zi Satira teatrini ochgan. Sovet kinosi va sirkining yana bir afsonasi Yuriy Nikulin esa arenada birga ishlaganida usta Yusuf Qiziqdan qiziqrli saboqlar olganini faxr bilan e'tirof etgan.
Asosiy maqsad kuldirish emas, tarbiyalashdir
Bugun yoshlar hazil-mutoyiba, masxaraboz va askiya ustasining farqini bilishyaptimi? Bu savolimizga Abdulla Akbarov shunday javob berdi:
– Hazrat Alisher Navoiy askiya va hazillar haqida so‘zlaganida qiziqchilar so‘zlayotgan voqeliklar me'yoridan chiqib odamlar axloqiga ta'sir qila boshladimi bunday holatdan kulish emas, yig‘lash kerakligini ta'kidlab o‘tgan. Hozirgi yoshlarimiz askiya ilohiy san'at ekanligini anglashi kerak. Bu janr ustasi tilning keng imkoniyatlarini – so‘z o‘yini, hazil, tashbeh, kinoya, omonimlar va mubolag‘ani mukammal egallashi kerak. Askiya har doim tayyorgarliksiz sahnaga chorlaydigan san'atdir. Mavzu belgilandimi – siz o‘sha zahotiyoq barchaning ko‘z o‘ngida ijod qila boshlaysiz. Buning uchun sizning dunyoqarashingiz keng, bilimingiz poydevori juda mustahkam bo‘lishi kerak.
Mana, aytalik, sahnada “O‘zbek xalq maqollari” mavzusi belgilandi. O‘sha zahotiyoq xalq og‘zaki ijodi borasidagi barcha ma'lumotlar, tushunchalaringiz ish bera boshlaydi.
***
Abdulla qiziq: Muhammadsiddiq aka, shu Hotamboyingizdan ozgina ranjigan joyim bor-da...
Muhammadsidiq Sherayev: Nimaga?
Abdulla qiziq: Chunki bu shogirdingiz sizdan ko‘p nasihatlar eshitadi-yu, hech aytganingizni qilmaydi-da. Shunday paytda xalqimizning bir maqoli esimga keladi-da. “Yaxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi”.
Muhammadsiddiq Sherayev: Abdullajon, men Hotamboydan emas, Bahordirjondan xafaman. Biron joyda ishlamaydi, oilasiga mayda-chuyda qilib bermaydi. Ko‘chada ozgina ichib uning jig‘iga tegadi, buning jig‘iga tegadi. Shunaqa odamlarga ota-buvamiz bekorga bir ajoyib maqollar aytmagan-da: “Och bachchag‘ardan qoch bachchag‘ar”, deb...
Hotamboy Teshaboyev: Ikkovimizdan xafa bo‘lmang, ustoz, “Katta arava qaydan yursa, kichik arava ham shundan yurar”.
Muhammadsiddiq Sherayev: E, ota-bobolarimizning shunday ajoyib maqollari borki, ularni bugungi kunda internetdan ham topolmaymiz, to‘g‘rimi, men sizlardan xafa emasman hammangiz ajoyib shogirdsizlar – “O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir”sizlar-da...
***
– Ustozimizning yana bir odatlari bor, – deydi Abdulla Akbarov. – Qaysi davraga kirib borsak, eng avvalo o‘sha davrada ayollar ko‘pmi yoki erkaklarmi shunga e'tibor beringlar, deb tayinlaydi. Agar davrada ayollar va bolalar ko‘p bo‘lsa, mavzular ham shunga qarab belgilanadi.
Qiziqchilikning reviziyasi yo‘q!
Ohunjon qiziqning tanishlaridan biri ko‘chada hol-ahvol so‘radi.
– Ohunjon aka, ishlaringiz qalay?
– E uka, qalay nimasi, oltin!
– Rostdan-a?
– Ha-da! Qiziqchilikning reviziyasi bo‘lmagandan keyin yomon bo‘larmidi?
Biroq... sizni birov nazorat qilmagani bilan so‘z ustasi o‘z nomi bilan so‘z ustasi-da... Demak, tinimsiz izlanishi, kitob o‘qishi, maqol va she'r yodlashi, kerak bo‘lsa kechasi bilan uxlamay yozib chiqishi talab etiladi. Abdulla qiziq ham ushbu fikrlarni tasdiqlab shunday dedi:
– Mutolaa eng sevimli mashg‘ulotim. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov aytganidek: “O‘zbek askiyani unutsa, do‘stona hazillarni esdan chiqarsa, So‘zning latofatini anglamay qolsa – bu falokatdir!”. Ustoz shoirimizning “So‘z latofti” nomli kitobini varaqlasangiz, faxr bilan yozilgan mana bu mulohazalardan ilhomlanib ketasiz: “Olimlar, topib bering, qaysi tilda quyoshning o‘ndan ortiq ismi bor! Qaysi tilda osmonni kamalak ranglaridek yetti xil nom bilan ataydilar? Osmon, falak, samo, charx, gardun, fazo, ko‘k… Arsh, davvor, minu singari kam ishlatiladigan xos so‘zlar ham sanalsa ro‘yxat yanada uzayadi.”
Erkin Vohidov tabiatiga xos yumor tuyg‘usi ijodiga ham ko‘chgan. Mayin, beozor kulgi asarlarini yanada maroqli qilgan. Mana, shoirning ikki satri:
Qalbga gar istarsan orom, bo‘l yomon so‘zdan yiroq,
Karvalol ichmoq kerakmas, kar va lol bo‘lmoq kerak.
Aziz gazetxon, biz ham ushbu suhbatimiz xulosasi uchun ustoz shoirimizning mana shu misralarini tanladik:
Istaymizki, quvnok kulgining
Jarangiga ko‘milsin olam.
Nega kulmas ertangi kunning
Ishqi bilan yashagan odam.
Istaymizki, qalblarimizni
Chulg‘amasin g‘am-qayg‘u bir zum.
Bir nafas ham lablarimizii
Tark etmasin yorug‘ gabassum...
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri