Buyuk ajdodlar siymosi: yangi nigoh va zamonaviy yondashuvlar

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” mavzusidagi “Maʼrifat karvoni” doirasida “Buyuk ajdodlar siymosi: yangi nigoh va zamonaviy yondashuvlar” mavzusida maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

    Islom sivilizatsiyasi markazi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Kinematografiya agentligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi vakillari, yetakchi olimlar, sanʼatshunoslar, professor-oʻqituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirokidagi tadbirni Jaloliddin Safoyev olib bordi.

    Anjumanda soʻzga chiqqanlar mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilgan “Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” mavzusidagi “Maʼrifat karvoni” sarhisobi va buyuk allomalarning yagona siymosini yaratish va qabul qilish, tarixiy filmlar tayyorlashning ahamiyati haqida gapirdi. Unda sotsiologiya fanlari doktori, professor Mansur Bekmurodov, “Maʼrifat” targʻibotchilar aʼzosi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Toʻlqin Eshbek maʼruzalari tinglandi.

    Tadbirda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilishi mega loyihasining taqdimoti va Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan tayyorlangan buyuk ajdodlar haqidagi videorolik namoyish qilindi. Shuningdek, 100 nafar buyuk allomalarning yagona siymosini gavdalantirish boʻyicha bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

    – Xalqimizda ajdodlar bilan faxrlanish hissi bor ediyu, biroq ularni yaxshi tanimasdi, – deydi sotsiologiya fanlari doktori, professor Mansur Bekmurodov. – Farobiy, Beruniy, Xorazmiylar der ediyu ularni batafsil bilmasdi. Dunyoga mashhur “Algoritm” soʻzini koʻp aytishadi, lekin uning mohiyatini anglamaydi. Biz Islom sivilizatsiyasi markazi boshida turgan ulugʻvor ishni keng jamoatchilikka targʻib qilish va ajdodlarimiz siymosini, ulardan qolgan boy maʼnaviy merosni yetkazishga shaymiz. Shu oʻrinda oʻzimning bir qator takliflarim ham bor: Afrosiyob shaxsi haqida ham ish olib borilsa, uning tamaddunimizga qoʻshgan hissasi oʻrganilsa, Samarqand qalasini buyon ettirilishidan tortib, uning qizgʻin faoliyatigacha tadqiq etilsa degandim. Tarixda oʻnlab Nasafiylar oʻtgan, ularning qaysi biri dinga, qaysi biri maʼrifatga, yana qaysi biri adabiyotga hissa qoʻshganligi haqida maʼlumotlar yetarli emas. Ushbu maʼlumotlar shunchaki toʻplanib, tarqatilishi emas zamonaviy va xalqchil yoʻlda keng jamoatchilikka yetkazilsa maqsadga muvofiq boʻlardi.

    Maʼlumot oʻrnida, Islom sivilizatsiyasi markazi Badiiy akademiya bilan hamkorlikda bugungi kunga qadar yagona siymosi mavjud boʻlmagan oʻzbek allomalarining qiyofasini gavdalantirish boʻyicha ish olib bormoqda. Taniqli rassomlar Alisher Aliqulov va Husan Qosimovlar tomonidan markaz foyesi ravoqlari uchun Buyuk ajdodlarimiz siymosi aks etgan 14 ta mahobatli rang tasvir asarlari yaratildi. Shundan hozirda 5 ta mahobatli rangtasvir asarlari mikromozaika uslubida tayyorlanib, markaz foyesi ravoqlariga montaj qilinib, qolganlari mikromozaikaga oʻtkazilib, yakuniy jarayonlari olib bormoqda.