Fargʻonada diniy oqim aʼzosi ikkinchi bor qamaldi

    Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan fargʻonalik “Hizb ut-tahrir al-islomiy” diniy ekstremistik oqimi aʼzosi qoʻlga olinib, sud hukmi bilan 7-yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

    Odam bolasi bu hayotda bilib-bilmay xato qilishi, adashishi mumkin. Ammo Margʻilon shahrilik Vahob Akramov tanlagan yoʻli razolatligini bilsa-da, undan chekinmadi. 1999-yilda “Hizb ut-tahrir” tashkilotiga qasamyod qilib, uning safiga kirgan.

    Jamoat joylarida, bozorlarda diniy oqimning varaqalarini tarqatib kelgan chogʻda qoʻlga tushgan. Bu qilmishi uchun Jinoyat Kodeksining 159-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilib, 6-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

    Ming afsuski, mazkur jazoni toʻliq oʻtab, ozodlikka chiqqach ham xulosa qilmadi. Oila-aʼzolarini olib, noqonuniy yoʻl bilan qoʻshni Qirgʻiz Respublikasiga qochib oʻtadi. Vahob Akramov xavfli retsidivist boʻlgani holda “Hizb ut-tahrir al-islomiy” xalqaro terroristik tashkilotiga “sodiqlik qasamyodi”ni qabul qilib, Oʻzbekiston Respublikasi hududida, keyinchalik butun dunyoda shariat qonunlariga asoslangan xalifalik davlatini qurish bilan bogʻliq jinoiy harakatini davom ettiradi.

    Qirgʻiz Respublikasida bu tashkilotning aʼzolari bilan uchrashib, jonli “halqa” yigʻinlarida ishtirok etgan. Shu bilan birgalikda tashkilot safiga yangi aʼzolarni jalb etish va qabul qilingan aʼzolarga diniy taʼlim berish ishlari bilan shugʻullangan. U “masʼul” lavozimga tayinlanib, Oʻzbekistonda, xususan, Fargʻona viloyati Bagʻdod va Buvayda tumanlarida tashkil etilgan tashkilot “halqa”sining aʼzolari sanalgan M.Soliyev, P.Soliyev, X.Mamajonov, Gʻ.Bekmirzayev va boshqalarga diniy ekstremistik ruhdagi adabiyotlardan saboq berib kelgan.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Bagʻdod sudi tomonidan Vahob Akramovning jinoyat ishi koʻrib chiqilib, sud hukmi oʻqildi.