Tergov qilish davomida aniqlangan kripto-aktivlarni olib qoʻyish tartibi belgilandi

    Kripto-aktivlar bilan bogʻliq tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlarini oʻtkazish kripto-aktivlar bilan ishlash koʻnikmalariga ega boʻlgan mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilishi shart.

    “Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirishda va jinoyatlarni tergov qilish davomida aniqlangan kripto-aktivlarni olib qoʻyish, xatlash, saqlash hamda topshirish tartibi toʻgʻrisidagi” yoʻriqnoma Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi (roʻyxat raqami 3591, 25.12.2024-y.)

    Unga koʻra, kripto-aktivlar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish va jinoyatlarni tergov qilish davomida xatlash, musodara qilish, yetkazilgan zararni qoplash uchun olib qoʻyilishi hamda dalil sifatida eʼtirof etilishi mumkin.

    Kripto-aktivlar bilan bogʻliq tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlarini oʻtkazish kripto-aktivlar bilan ishlash koʻnikmalariga ega boʻlgan mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilishi shart.

    Quyidagi maʼlumotlar kripto-aktivlar bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga oid axborot manbalari boʻlishi mumkin, jumladan:

    • shubhali operatsiyalar toʻgʻrisidagi xabarlar;
    • xizmatlar provayderlari va maynerlar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar;
    • nazorat qiluvchi (litsenziyalovchi) organlarning maʼlumotlari;
    • ochiq axborot manbalaridan olingan maʼlumotlar.

    Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish va jinoyatlarni tergov qilish davomida kripto-aktivlar bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga oid maʼlumotlar va dalillar quyidagilarda aniqlanishi mumkin:

    • axborot tashuvchi qurilmalar;
    • kripto-hamyonlar;
    • qogʻoz, bloknot yoki boshqa narsa va buyumlarda qayd etilgan qoʻlyozma va yozuvlar.

    Olib qoʻyilgan, xatlangan va dalil sifatida eʼtirof etilgan kripto-aktivlarning hisobi surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan yuritiladi.