Soʻnggi yillarda giyohvandlik vositalarining yangi turlarining paydo boʻlishi hamda ularni kontrabanda yoʻli bilan mamlakatimizga olib kelib, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar orasida tarqatilayotganligi jamiyat uchun jiddiy xavfga aylandi.
Oʻz navbatida, bunday salbiy holatlarga qarshi kurashish esa mutasaddi davlat organlari va tashkilotlarining masʼuliyatini yanada oshirdi.
Xususan, huquq-tartibot idoralari tomonidan koʻrilgan zarur chora-tadbirlar natijasida Qirgʻiz Respublikasidan olib kelingan psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.
Jumladan, Andijon viloyatining Oltinkoʻl tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, “Neksiya” rusumli avtomashinada yoʻlovchi sifatida harakatlanayotgan, Andijon shahrida yashovchi, 1970-y.t., muqaddam sudlangan fuqaro D.J. aniqlanib, unga tegishli 1 dona polietilen qopda boʻlgan 1037 dona “Tropikamid” va 224 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 1778 dona “Regapen” hamda tarkibida psixotrop modda boʻlgan 500 dona “Sonnat” dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Taʼkidlash lozimki, ushbu dori vositalari Qirgʻiz Respublikasidan olib kelingan.
Fargʻona viloyatida kuzatilgan holatda, Qirgʻiz Respublikasidan “Rishton” chegara-bojxona posti orqali kirib kelgan, Oʻzbekiston tumanida yashovchi, 1975-y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan N.G. boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashina toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, unda 3527 dona “Zardeks” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Qoʻqon shahrida qayd etilgan holatda esa, 1988-y.t. U.X. boshqaruvidagi “BESTUNE” rusumli avtomashina toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning salonida 3360 dona “Regapen” va 1359 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi maʼlum boʻldi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, mazkur dori vositalari ham Qirgʻiz Respublikasidan olib kelingan.
Bunday noqonuniy harakat Toshkent shahrida ham aniqlanib, 1997-y.t. fuqaro V.J. “Oʻrikzor savdo kompleksi” MCHJ hududida joylashgan savdo doʻkonlaridan birida, Qirgʻiz Respublikasidan keltirilgan, lekin, bojxona va sifatini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan, tarkibida “Sibutramin” kuchli taʼsir qiluvchi modda boʻlgan jami 2153 dona turli xil mahsulotlarni kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.