Bolalar ombudsmaniga fohishalikka majburlangan qiz murojaat qildi

    Bolalar ombudsmani kotibiyatiga “Istiqbolli avlod” NNT orqali Samarqand viloyati, Pastdargʻom tumanida yashovchi 2008-yilda tugʻilgan A.D. (qiz) dan murojaat kelib tushdi.

    Qizning bildirishicha, u uyidagi tazyiq va yaqinlari uni tushunmasligi tufayli uydan chiqib ketgan. Soʻng bir tanishi uni Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi qandaydir xonadonga olib borgan, mazkur xonadon egasi boʻlgan ayol esa uni fohishalikka majbur qilgan, lekin muayyan vaqtdan keyin u yerdan qochib keta olgan va koʻmak soʻragan.

    Bolalar ombudsmani soʻrovi asosida Qashqadaryo viloyati IIB tomonidan mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi.

    Tekshiruv natijasida 5-mart kuni G.N. ga (ayol) nisbatan Jinoyat kodeksi 131-moddasi, 4-qismiga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov olib borilmoqda.