Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 15 martdan buyon 7,5 mingdan ortiq gumonli holat qayd etilgan bo‘lib, ularning 900 dan ziyodi laboratoriyada tasdiqlangan. Bu 2025 yil bilan taqqoslaganda keskin o‘sish hisoblanadi — o‘tgan yil davomida jami 125 ta holat aniqlangan edi.
UNICEF (BMT Bolalar jamg‘armasi)ning Bangladeshdagi vakili Rana Flowersga ko‘ra, hozirgi epidemiya minglab bolalar, ayniqsa, eng yosh va himoyasiz qatlam uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. U vaksinatsiya bolalar hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi omil ekanini ta’kidladi.
Mutaxassislar fikricha, epidemiyaning kuchayishiga emlash tizimidagi uzilishlar sabab bo‘lgan. Bangladeshda bolalar odatda 9 oylikdan emlanadi, ammo so‘nggi holatlarda kasallanganlarning taxminan uchdan biri aynan shu yoshdan kichik chaqaloqlardir. Shuningdek, 2020 yildan beri maxsus emlash kampaniyalari o‘tkazilmagani, avval pandemiya, keyin esa siyosiy beqarorlik bu jarayonga ta’sir qilgani qayd etilmoqda. Vaktsina ta’minotidagi muammolar ham holatni yanada og‘irlashtirgan.
Hukumat xalqaro tashkilotlar, jumladan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda qizamiq va qizilchaga qarshi shoshilinch emlash kampaniyasini boshladi. U 30 ta hududni qamrab olib, 6 oydan 5 yoshgacha bo‘lgan 1,2 mln nafar bolani emlashni maqsad qilgan. Ayniqsa, avval emlanmagan va og‘ir asoratlarga moyil bolalarga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shu bilan birga, aholi o‘rtasida kasallik alomatlari va uning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda.
Qizamiq — yuqumli havo-tomchi yo‘li orqali tarqaladigan kasallik bo‘lib, og‘ir asoratlar va o‘limga olib kelishi mumkin. Uning asosiy belgilari yuqori harorat, ko‘z qizarishi va yoshlanishi, yo‘tal hamda aksirishdan iborat.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda dunyo bo‘ylab 95 mingga yaqin inson qizamiqdan vafot etgan bo‘lib, ularning aksariyati 5 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Mutaxassislar kasallik tarqalishini to‘xtatish uchun aholining kamida 95 foizi emlangan bo‘lishi kerakligini ta’kidlmoqda.