FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, bo‘lajak mundialda 40 yoshdan oshgan futbolchilar soni oldingi 22 ta Jahon chempionatidagi umumiy ko‘rsatkichdan ham ko‘p bo‘ladi.

Eng mashhur yoshi katta futbolchilar orasida — Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu ham bor, u hozir 41 yoshda.

Shuningdek, turnirda Meksika terma jamoasining 40 yoshli darvozaboni Gilermo Ochoa hamda turnir vaqtida 39 yoshga to‘ladigan Lionel Messi ishtirok etishi kutilmoqda.

Ronaldu va Ochoa uchun 2026-yilgi Jahon chempionati faoliyatidagi oltinchi mundial bo‘lishi mumkin. Shu tariqa ular mundiallarda ishtirok etish soni bo‘yicha rekordni takrorlaydi.

Ayni vaqtda turnirning eng keksa futbolchisi — 43 yoshli Shotlandiya terma jamoasi darvozaboni Kreyg Gordon. Jahon chempionatlari tarixida faqat misrlik futbolchi Esam al-Hadarining yoshi undan katta bo‘lgan, u 2018 yilgi jahon chempionatida 45 yoshida o‘ynagan.

Turnirda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan 40 yoshli futbolchilar ro‘yxatiga Germaniya terma jamoasi darvozaboni Manuel Noyer (40 yosh), Xorvatiya yarim himoyachisi Luka Modrich, Kabo-Verde terma jamoasi darvozaboni Vozinya va Urugvay darvozaboni Fernando Muslera ham bor. Muslera turnir boshida 40 yoshga to‘ladi.

Shu tariqa, bir vaqtning o‘zida sakkiz nafar 40 yoshdan oshgan futbolchi jahon chempionati maydoniga chiqishi mumkin, deb xabar berdi Kazinform.

Eslatib o‘tamiz, ushbu turnir FIFA tarixidagi eng yirigi bo‘ladi. Unda 48 ta mamlakatdan 1248 nafar futbolchi ishtirok etishi kutilmoqda. Musobaqa 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.