Xabaringiz bor, Prezidentimizning 2024-yil 5-sentabrdagi tegishli qarori bilan sog‘liqni saqlash tizimida yangi moliyalashtirish tizimi joriy etildi. Bugunga kelib, ushbu islohot o‘zining dastlabki natijalarini bera boshladi.

Buni joriy yilning dastlabki olti oyi yakunlari ham tasdiqlaydi. Xususan, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jami 1 mln. 490 ming 126 nafar bemorga shifoxona sharoitida tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Buning uchun tibbiyot muassasalariga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jami 752,6 mlrd. so‘m o‘tkazildi. Natijada minglab oilalarning davolanish bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlari davlat tomonidan qoplab berildi.

Hududlar kesimida eng ko‘p mablag‘ Samarqand (105,6 mlrd. so‘m), Qashqadaryo (93 mlrd. so‘m) va Farg‘ona (74,2 mlrd. so‘m) viloyatlariga yo‘naltirildi. Moliyalashtirish hajmi barqaror o‘sib, iyunda eng yuqori ko‘rsatkichga (155,7 mlrd. so‘m) yetdi.