Orzu-niyat samarali g‘oyalar bilan uyg‘unlashgandagina yangi natijalarga erishish mumkin. Shu ma’noda, nazarimizda, yangi O‘zbekiston orzusi — hozirgi davrning taqozosi. Qolaversa, uning asl qiyofasi, harakatlantiruvchi kuchlari va omillarini belgilaydigan g‘oyaviy-ma’naviy asos, xalqimizga xos buyuk bunyodkorlik hissi bilan yashash fazilatlari va keng ko‘lamli islohotlarning yaqqol ifodasidir.
“Yangi O‘zbekistonni barpo etish, — deb yozadi Prezidentimiz, — bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilish¬lariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan obyektiv zaruratdir”.
Davlatimiz rahbarining mazkur fikrlarida bir nechta muhim xulosa bor. Birinchidan, yangi O‘zbekiston quruq joyda, o‘z-o‘zidan barpo etilayotgani yo‘q. U tarixiy asoslarga ega. Xalqona aytganda “oqqan daryo oqaveradi”. Ikkinchidan, bugun dunyodagi va yurtimizdagi real vaziyat davlatchiligimiz tarixida, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda mutlaqo yangi davlat va jamiyat qurishni talab etmoqda. Uchinchidan, yangi O‘zbekistonni barpo etish bugun mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha ijtimoiy qatlam vakillarining, siyosiy-ijtimoiy kuchlarning, millati, dini, e’tiqodi, jinsi, g‘oyaviy-mafkuraviy qarashidan qat’i nazar, hammaning manfaatini o‘zida ifoda etadi.
Bu esa, o‘z navbatida, davlat siyosati va jamiyat taraqqiyoti yo‘lida tanlangan strategik maqsad va vazifalarni muvofiqlashtirib, rivojlanishning istiqbolli yo‘nalishlarini tanlab olishni talab qiladi. Kerak bo‘lsa, bu — hayotiy ehtiyoj, hozirgi taraqqiyot bosqichida yagona to‘g‘ri yo‘lni tanlab olishni taqozo etayotgan zaruratdir. Bu zarurat bugun ongli ravishda anglangan haqiqatga aylanib bo‘ldi.
Mana, biz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotning avvallari xayolimizga ham kelmagan, ammo har birimizning yurak-yuragimizda kimgadir qimtinib bildirib, ko‘pincha pinhona tutib kelgan o‘zgarishlaru islohotlar davriga kirib olganimizga ham o‘n yil to‘ldi. Bu yurtimizda istiqomat qilayotgan odamlarning orzusi ro‘yobidir.
Esimizda: bundan to‘qqiz-o‘n yil avval xalqimiz birdan uyg‘ongan, qator yopiq mavzular ochiq-oydin aytila boshlagan edi. Barcha sohada tub islohotlar boshlangan, xalqimiz esa ularning faol ishtirokchisiga aylangan edi. O‘quvchi va talabalarsiz ham paxta yig‘im-terim ishlarini uddalash mumkinligini, majburiy mehnatni ham huquqiy, ham amaliy jihatdan bartaraf etsa bo‘lishini, qo‘shni davlatlar bilan chegaralarni ochib qo‘yib, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish har ikki tarafga ham foydali ekanini, mamlakatimizda uy-joyi yo‘q odamlar ko‘pligi, biroq ularni zamonaviy turar joylar bilan qisqa muddatda ta’minlash imkoniyati borligini endi bilyapmiz!
Ha, o‘tgan so‘nggi o‘n yil xalqimizning turmushi va tafakkur tarzini o‘zgartirib yubordi. Endi biz boshqacha xalq bo‘ldik. O‘z so‘zini dadil ayta oladigan, haqqoniy talab¬lari, haq-huquqlarini talab qila oladigan millatga aylandik. O‘tgan o‘n yil bizga yana bir narsani o‘rgatdi: mamlakat va jamiyatdagi ¬muammoni ko‘rmay, uning borligini anglamay turib, ularni hal etib bo‘lmas ekan. Shu o‘rinda davlatimiz rahbarining 2017-yildayoq “O‘zbekistonda kambag‘allik bor”, “ko‘plab sohalarda korrupsiya mavjud”, “ularni hal etmasdan turib, yangi jamiyatni barpo etish aslo mumkin emas” degan fikrlarini nazarda tutyapman.
Yaratganning inoyati, xalqimizning xohish-irodasi bilan tub islohotlar boshlandi. Ularning aniq natijalari mamlakatimiz rahbari tomonidan davlat mus¬taqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda qayd etildi.
Mana, ulardan ba’zilari:
“iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 foiz yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik;
ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozir 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda;
yangi davrda 650 ming oila zamonaviy, barcha talabga javob beradigan uy-joyli bo‘ldi;
izchil sa’y-harakatlar tufayli bugun kambag‘allik darajasini 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishildi;
o‘tgan o‘n yilda aholi 8 millionga ko‘paygani holda bog‘chaga qamrov 78 foizga yetkazildi, maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni ochildi;
oliy ta’lim muassasalari talabalari bugun 1 million 600 mingga yetdi;
aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetdi, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaydi.
Bu ko‘rsatkichlar o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmadi. Avvalo, bizning har tomonlama rivoj¬lanishimizga xalal berayotgan qanchadan qancha foydasiz, odamlarni behuda ovora qiladigan ma’muriy to‘siqlarni olib tashlash, xalqimizning samarali tashab¬buslari va intilishlarini so‘ndiradigan huquqiy-me’yoriy rasmiyatchiliklarni bartaraf etishga to‘g‘ri keldi. Bular oson ish emas edi.
Ammo xalqimizning kuchli qo‘llab-quvvatlovi va Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan eskicha tafakkur tarzidan xalos bo‘ldik. Tevarak-atrofga, dunyoga boshqacha ko‘z bilan qaray boshladik. Muammolarni hal etishning yangi yo‘llarini topishni o‘rgandik.
Natija uzoq kuttirmadi. Belgilagan rejalarimizni muddatidan avval ado etish odat tusiga kira boshladi. Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda davlatimiz rahbari mamlakatimiz o‘tmishi, buguni va istiqboli haqida bildirgan fikrlari, fundamental ilmiy xulosalari bilan davlatimiz va xalqimizning kelgusidagi taraqqiyot yo‘lini belgilab berdi.
Ana shu tantanali tadbirda kelgusi o‘n yil “Milliy yuksalish davri” va “Vatanimizning oltin davri” deb atalishi qayd etildi. Har bir inson, har bir jamiyat va davlat o‘z taraqqiyoti haqida o‘ylar ekan, yaqin va uzoq muddatga mo‘ljallangan strategik maqsad va vazifalarini belgilab oladi. Ular qanchalik haqqoniy va xolis tanlansa, ichki va tashqi omillar e’tiborga olinsa, imkoniyatlar to‘liq sarhisob qilinsa, ro‘yobga chiqish imkoniyati shu qadar aniq bo‘ladi. Biroq bularning o‘zi yetarli emas. Eng muhimi, bu maqsad va vazifalar shu jamiyatda yashayotgan odamlarning manfaatiga mos kelishidir.
Prezidentimizning mazkur tantanali tadbirdagi o‘ta samimiy nutqini qunt bilan o‘rganar ekanman, unda juda ko‘p masalalarga mutlaqo yangicha yondashuvni, ularni innovatsion, kreativ tarzda hal etishga intilishni ko‘rdim. Gapning ochig‘i, davlatimiz rahbarining har bir ma’ruzasi va uning ratsional mag‘zini chaqib ko‘rishga harakat qilaman.
Bu safargi nutq masalaning qo‘yilishi va hal etilishi nuqtayi nazardan avvalgilardan fundamental farq qilishini e’tirof etish kerak.
Masalan, ushbu tarixiy nutqda kelgusi o‘n yillikda milliy yuksalish davrida belgilangan to‘rtta muhim g‘oyani anglab yetdim. Birinchidan, taraqqiyotimizning yangi bosqichida biz uchun eng ustuvor g‘oya inson qadri masalasidir. Ta’kidlanganidek, bugungi O‘zbekistondagi barcha islohotlar faqat va faqat inson qadr-qimmatini oshirishga yo‘naltirilgan.
Haqiqatan, inson qadrini ulug‘lash barcha islohotlarning markazida turgan eng muhim masaladir. “Amalga oshirilayotgan barcha islohotlarimizning markazida, — deydi davlatimiz rahbari, — inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu g‘oya mujassam. Chunki bizning muqaddas dinimizda ham, buyuk allomalarimizning boy ilmiy va ma’naviy merosida ham, inson — hayot gavhari, tengsiz mo‘jiza sifatida ulug‘langan”.
O‘tgan o‘n yillikda yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash borasida jiddiy yutuqlarga erishildi. Buning sababi esa davlat o‘z siyosati markaziga insonni qo‘ydi. Bejiz inson barcha islohotlarning o‘zagi deb aytilmagan. Sobiq sovet mustabid tuzumi davrida siyosat markazida davlatning o‘zi turgan. Qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, sovet davlatining dunyodagi “eng adolatli, insonparvar” ekanini isbotlash kerak edi. Ana shu yolg‘on siyosat sovun pufagidek yorilib ketdi. Buni odamlar ochiqdan ochiq qayd etmoqda.
Prezidentimiz tantanali tadbirda ilgari surgan ikkinchi muhim g‘oya tarix va kelajak uyg‘unligi masalasidir. Davlatimiz rahbarining nutqidan olgan yana bir muhim xulosam shu bo‘ldiki, yangi O‘zbekiston sharoi¬tida kecha, bugun va kelajakni yagona yaxlit zanjir tarzida ko‘rmasak, ushbu zanjirda ularning birortasini e’tibordan chetda qoldirsak, shubhasiz, ko‘zlagan maqsadga erishish aslo mumkin emas.
Shu ma’noda, biz milliy taraqqiyotimiz to‘g‘risida haqqoniy qayg‘ursak, hech istisnosiz, buyuk davlatchiligimiz, mutafakkir allomalarimiz yaratgan hamda butun ma’rifatli dunyo e’tirof etayotgan Birinchi va Ikkinchi Renessans fenomenining haqli merosxo‘rlari ekanimizni, bugungi yutuqlarimiz zamirida o‘sha mutafakkirlarning ruhiga sodiqlik yotganini aslo unutib bo‘lmaydi. Nazarimda, milliy taraqqiyotimizning muhim omili “o‘tmish ilmiy-madaniy merosidan ruhiy-ma’naviy quvvat olib, bugun o‘zining mustahkam siyosiy, iqtisodiy, mafkuraviy zaminiga ega bo‘lib, buyuk kelajakni ko‘zlab taraqqiyot sari yuzlanish”dan iborat bo‘lishi kerak.
Davlatimiz rahbarining taraqqiyotning muhim kafolati kecha — bugun — kelajak zanjiridan uzilib qolmaslik, deya ta’kidlagan purma’no, chuqur e’tiqodga aylangan xulosalari bugun yangi O‘zbekiston taraqqiyotining oltin qoidasiga aylanishi lozim. Bugunni deb kechadan, kechani deb bugundan ayrilish har doim yo‘qotishlarga sabab bo‘lgan.
Milliy yuksalish davrida yangi O‘zbekis¬ton jamiyatini taraqqiyot sari yetaklaydigan yana bir g‘oya “Yoshlar — kelajakning hal qiluvchi kuchi” g‘oyasidir. O‘zbekiston — yoshlar mamlakati. Mamlakat taqdiri ular qo‘lida. Bugun mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash tizimi yaratildi. Ularning huquq va manfaatlari aniq moddalar bilan muhrlab qo‘yildi. Natijada hozir davlat va mamlakat taqdirini belgilab bera oladigan yoshlar siyosati shakllandi.
Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining quyidagi fikrlariga quloq tutaylik: “Yoshlarga oid siyosatimiz falsafasining tub mohiyatini qisqacha qilib shunday ifodalagan bo‘lardim: yoshlarimiz zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni chuqur egallagan, keng dunyoqarashga va intellektual salohiyatga ega, aqlli, ilmi yetuk, zukko, biz erishgan marralardan ham yuksakroq cho‘qqilarni zabt etishga qodir, sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lishi va bu hayotda baxtiyor yashashi shart!”
Men davlatimiz rahbarining mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ish-langan tantanali tadbirdagi nutqini eshita turib, yoshlarga qarata otalarcha mehr-muhabbat bilan aytgan fikrlarida ikki muhim jihatga e’tibor qaratdim. Birinchisi — mas’uliyat, ikkinchisi — ishonch masalasi.
Haqiqatan, har ikki tushuncha bugun alohida, o‘zgacha ma’no kasb etadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ular bir-biri bilan mohiyatan uzviy bog‘langan, bir-birini to‘ldiruvchi tushunchalardir. Ishonch tuyg‘usi mas’uliyatni uyg‘otadi. Ishonch insonning boshqa bir odam, narsa yoki o‘zining harakatlari, so‘zlari va va’dalariga to‘liq tayanishi. Mas’uliyat esa odamning o‘z so‘zlari, qarorlari, ularning natijalari uchun javobgarligi.
Biroq ishonch va mas’uliyat faqat ikki shaxs o‘rtasidagi munosabatlar tarzida jo‘n tushunishdir. Tom ma’nodagi ishonch va mas’uliyat, avvalo, jamiyat a’zolari va davlat o‘rtasidagi ishonch hamda mas’uliyat masalasi. Bugun davlat bundan o‘n yil avval bergan va’dasining ustidan chiqdi. O‘shanda “Va’dalar berilaveradi, bunday va’dalarning ko‘pini ko‘rganmiz, hali ¬ko‘ramiz uning natijalarini!” deganlar kam emas edi.
Yangi O‘zbekiston o‘z fuqarolarini strategik maqsadlariga ishontira oldi. Davlat barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Uni bajardi. Xalq davlatga ishondi. Ana shu ishonch endi taraqqiyotimizning yangi — milliy yuksalish davri sari yetaklayapti. Bu yo‘lda davlat va xalqimizning ishonchi mas’uliyat hissini sezishga qodir yoshlarga qaratilayotgani bejiz emas. Qolaversa, yosh avlod qadrlangani uchun ham mas’uliyatni sezyapti. Qadrlangan yigit-qizlar ishonchni oqlashga intiladi, yaratadi, bunyod etadi. Bunga o‘tgan o‘n yillik qisqa, ammo tarixiy taraqqiyot yo‘limiz misol bo‘la oladi.
Davlatimiz rahbari nutqda e’tirof etgan to‘rtinchi g‘oya rivojlanishda milliylik va umuminsoniylik tamoyillarining uyg‘unligi masalasidir. Bugungi dunyoning chuqur ma’naviy inqirozga uchrab borayotgani, globallashuvning insoniyat taqdiriga ko‘rsatayotgan ta’siri, milliylik va umuminsoniylik tamoyillari tarafdorlari o‘rtasidagi g‘oyaviy-mafkuraviy kurashlar barchamizni sergaklantirmoqda.
Qayd etganimizdek, bugunni deb kechani, o‘tmishni deb kelajakni unutish taraqqiyotga to‘siq bo‘ladi. Jonajon ona tilimizni rivoj¬lantirmay, milliy tariximizni o‘rganmay, qadriyatlarimizga hurmat bajo keltirmay kelajak to‘g‘risida bong urish foydasiz. Shuning¬dek, hozirgi global olamda yakka yashashning ham iloji yo‘q. Dunyo hamjamiyati bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, yangi texnologiyalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, zamonaviy infratuzilmalar yaratish borasida hamkorlik qilish ham bugunning talabiga aylangan.
Buning uchun milliylik va umuminsoniylik tamoyillarining sog‘lom o‘zaro uyg‘unligiga erishish maqsadga muvofiq. Bunday uyg‘unlik milliylikka salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Aksincha, ma’rifatli dunyoning rang-barangligini ta’minlaydi. Odamlar, davlatlar, turli mafkuralar, tamaddunlar o‘rtasidagi ishonchni ta’minlaydi. Natijada milliy o‘zligimizni saqlab qolgan holda xalqaro jarayonlarda chuqur va keng integratsiya qilish imkoniga ega bo‘lamiz.
Davlatimiz rahbari kelgusi o‘n yillik mamlakatimiz uchun milliy yuksalish davri bo‘lishini ta’kidladi va inson qadrini yuksaltirishdagi 7 ta milliy dastur amalga oshirilishini ta’kidladi. Haqiqatan, kelgusi o‘n yillikda yangi O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining mutlaqo yangi davriga qadam qo‘yadi. Buning uchun, birinchidan, bizda barcha iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy-mafkuraviy imkoniyat mavjud. Ikkinchidan, bizda o‘tgan o‘n yillik taraqqiyot tajribasi bor. Uchinchidan, xalqimiz adolatli, xalqparvar siyosat, davlatga ishonch tufayli mazkur o‘zgarishlardan manfaatdor bo‘lib turibdi. Ana shularning barchasi milliy yuksalish davri mamlakatimiz va millatimiz taqdirida muhim bosqich bo‘lishiga ishonch uyg‘otmoqda.
Xo‘sh, milliy yuksalish davri natijasida yangi O‘zbekistonda qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi? Uni tasavvur etish qiyin emas deb o‘ylayman. Albatta, bu bo‘yicha hali davlat dasturlari qabul qilinadi, yangi davrning huquqiy asoslari takomillashtiriladi. Shu ma’noda, fikrimcha, yangi davrning asosiy sifat o‘zgarishlari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
Birinchidan, mamlakatimiz rahbari ilgari surgan ikkita eng ustuvor g‘oya — “Inson qadrini yuksaltirish” va “Davlat — inson uchun” g‘oyalarining ro‘yobi mukammal tarzda namoyon bo‘ladi. Hozir ayrim paytlarda mazkur g‘oyalarning amal qilish mexanizmi muayyan qiyinchiliklar, ba’zan ma’muriy to‘siqlar tufayli buzilish holatlari yuzaga kelayotgan bo‘lsa, yangi davrning oxiriga borib, bunday g‘oyalar har bir davlat tashkiloti, muassasalar faoliyatining asosiga aylandi.
Bundan tashqari, inson qadrini yuksaltirish va davlatning odamlarga g‘amxo‘rligi ham davlat tashkilotlari, ham jamiyat fuqarolarida anglangan ehtiyoj, bajarilishi shart bo‘lgan vazifaga aylanadi. Natijada milliy yuksalish davri oxiriga borib ijtimoiy adolat tamoyillariga amal qilish zaruratdan haqiqatga aylanadi.
Ikkinchidan, Konstitutsiyamizda insonning siyosiy va boshqa huquq hamda erkinliklarini amalga oshirish, davlat organlarining demokratik asosda shakllanishini ta’minlash, jamiyatning erkin siyosiy tizimini shakllantirishga ko‘maklashish, umuman demokratik erkinliklarni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati tuzilmalari rolini oshirishga keng e’tibor berilgan.
Bu borada qamrovli ishlar qilinyapti. Ammo bu jarayonda fuqarolarning ishtiroki ijtimoiy faollikka aylanishi sust kechyapti. Shu ma’noda, kelgusi o‘n yilda jamiyat tom ma’noda islohotlarning tashab¬buskoriga aylanadi. Ayniqsa, inklyuziv qarorlar qabul qilish amaliyoti kengayadi. Muayyan masalani hal etish, muammolarni aniqlash va hal etishda jamiyatdagi barcha manfaatdor tomonlarning ehtiyojlari, fikrlari va huquqlarini hisobga olgan holda inklyuziv qarorlar qabul qilish amaliyoti davlat va jamiyat hayotidagi shaffoflikni yanada oshiradi.
Uchinchidan, mamlakatimiz o‘z iqtisodiy imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanishga o‘tmoqda. Yalpi ichki mahsulot hajmi muttasil ortmoqda. Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash orqali yangi O‘zbekiston daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olishga intilmoqda. Bularning barchasi xalqimizning ko‘z o‘ngida ro‘y bermoqda va turmush tarzi, farovonligida aks etmoqda.
Milliy yuksalish davrida esa sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojlanadi. Mamlakatimiz rahbari qayd etganidek, bu yo‘nalishlarga milliy ruh beriladi. Natijada kreativ iqtisodiyot jamiyatda katta ijtimoiy harakatga aylanadi. Bu orqali 10 million yigit-qizimiz raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiriladi. Natijada O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashab-buslarni taklif qiladigan ta’sirchan markazga aylanadi.
To‘rtinchidan, odamlarning tafakkur tarzida jiddiy evrilishlar yuz beradi. Aslida, bunday o‘zgarishlar allaqachon bosh¬langan. Biroq xalqaro global o‘zgarishlar jamiyat ¬a’zolarining ongi va tafakkuriga yangidan yangi tahdidlar xavf solmoqda. Axloqsizlik ko‘rinishlari ko‘payib bormoqda. Qadriyatlar qadrsizlanmoqda. Bundan, shubhasiz, butun jamiyat jabr ko‘rmoqda.
Shuning uchun ham milliy yuksalish davrida ta’lim, ilm-fan, madaniyat, sog‘liqni saqlash, umuman ijtimoiy masalalarga e’tibor yanada kuchayishi tufayli yangi O‘zbekistonda yangicha ijtimoiy-ma’naviy muhit shakllanadi. Bunday muhitning asosini esa adolat, insonparvarlik, ezgulik, o‘zaro hurmat, ijtimoiy hamkorlik kabi fazilatlar egallaydi.
Albatta, yangi davrda ko‘zlangan yutuqlarga erishish oson bo‘lmaydi. Buning uchun tinimsiz izlanish, yangi iste’dodlarni topish, taraqqiyotning innovatsion usullariga amal qilish kerak.
Xo‘sh, shu nuqtayi nazardan milliy yuksalish davri ma’naviyatining muhim jihatlari nimalardan iborat bo‘ladi?
Birinchidan, har bir yangi davr o‘ziga xos va mos tarbiya hamda ma’naviyat tizimini talab qiladi. Milliy yuksalish davri jamiyatning har bir a’zosidan o‘z “ma’naviy cho‘qqisi”ni belgilab olishni talab qiladi. Insonning ma’naviy cho‘qqisi aql-zakovat va bilim bilan uyg‘unlashmas ekan, u quruq nasihatdan iborat bo‘lib qolaveradi. Quruq nasihat esa samarasi kam, vaqtni befoyda o‘tkazishdan iborat tadbirbozlik xolos.
Biz yangi ma’naviy yuksalish to‘g‘risida bong ursagu, iqtisodiyotda korrupsiya holatlariga yo‘l bersak, siyosatda befarq bo‘lsak, voqea-hodisalarni tahlil qilish amaliyotiga ega bo‘lmasak, ijtimoiy masalalarda hafsalasizlikka yo‘l qo‘ysak, ma’naviy hayotda davomiy mudrasak, bu bilan kelajak to‘g‘risidagi orzularimiz o‘y-xayoldan bo‘lak narsa bo‘lmay qoladi. Ma’naviy cho‘qqi — insonning o‘zini o‘zgartira olishga da’vat etadigan ma’naviy merosning real hodisaga aylanishi, jamiyat milliy ruhiyatining jonlanishi, ezgulik, go‘zallik va adolat haqidagi umumiy tushunchalarning shaxs faoliyatidagi hal qiluvchi mezonlar tarzda amal qilishi, asriy donishmandlik, madaniy merosdan foydalangan holda o‘zini jamiyatning hal qiluvchi kuchi sifatida namoyon etishga qodir bo‘lgan yetuklik darajasi.
Ikkinchidan, milliy yuksalish davrida biz ma’naviyatsizlik, yoshlar tarbiyasidagi xatolarni tuzatishga alohida e’tibor qaratishimiz zarur. “Ma’naviyatsizlik va axloqsizlik, — deydi davlatimiz rahbari, — har qanday jamiyatni tanazzul sari yetaklashi, davlat siyosati va boshqaruvini kuchsizlantirishi, korrupsiya, jinoyatchilik va axloqsizlik kabi illatlarning ildiz otishiga sabab bo‘lishi bilan bog‘liq misollarni insoniyat tarixidan ko‘plab keltirish mumkin”.
An’anaviy o‘zbek milliy ma’naviy kodining tiklanishi, uning adolat, insoniylik, ezgulik, vatanparvarlikka yo‘g‘rilgan g‘oyalar bilan yanada boyishi va mustahkamlanishi milliy yuksalish davrida yanada katta, salmoqli yutuqlarga erishishimizga imkon beradi.
Uchinchidan, biz hozirgacha asosan alohida olingan shaxsni, konkret ma’noda, har bir bola, yigit-qizni individual tarbiyalashga harakat qildik. Ularning har biriga “aqlli bo‘lish”, “kattalarga hurmat ko‘rsatish”, “yaxshilardan o‘rnak olish”, “keksalarga salom berish” va hokazolarni o‘rgatib keldik. Hech shubhasiz, yoshlar tarbiyasida bunday yondashuv kerak. Ammo endi bizga ko‘proq jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllangan, xudbin dunyoqarash o‘rnida vatan va millat taqdiriga mas’uliyat his etadigan, shaxsiy va jamoat manfaatlarini uyg‘unlashtirishga qodir yigit-qizlar zarur. Aynan ular bilan milliy yuksalish davrida oldimizga qo‘yilgan murakkab vazifalarni hal eta olamiz.
To‘rtinchidan, milliy yuksalish davri yoshlari iste’molchilik kayfiyatidan qutulib, bunyodkorlik salohiyatiga ega jamiyat a’zolariga aylanishi lozim. Bunday yoshlar xayolot dunyosidan chiqib, haqqoniy dunyoga kirib boradi. Qimtinib o‘tiradigan odamlardan yangilik yaratuvchi, tashabbuslar va yangi g‘oyalar ishlab chiquvchi, bahsga kiruvchi, tahlil qiluvchi, tafakkur qiluvchi shaxsga aylanadi.
Beshinchidan, kuchli milliy yuksalish kuchli ma’naviyatni talab qiladi. Milliy yuksalish davriga ma’naviy-ruhiy quvvat beradigan kuchli ma’naviyatning mohiyati nimalardan iborat? Nazarimizda, u, eng avvalo, masalaga amaliy-pragmatik nuqtayi nazardan munosabatda bo‘lishni taqozo etadi. Kimdandir eshitgan, qayerdadir o‘qigan va ko‘rgan narsalarini real hayotga, harakat va faoliyatga aylantirish kuchli ma’naviyatning ibtidosidir.
Kuchli ma’naviyat insonda ma’naviy-ruhiy ehtiyojni shakllantiradi. Ehtiyoj yo‘qlikda yetishmayotgan va qondirilganda yengillik hissini uyg‘otadigan xatti-harakatdir. U — shaxs faolligi manbai. U tufayli istak va taassurotlar paydo bo‘ladi. Milliy yuksalish davri ma’naviyati jamiyatda ma’naviy yuksalish bilan uyg‘un yuz beradi.
Darhaqiqat, milliy yuksalish davri oldimizga yuksak marralarni qo‘ymoqda. Ularni uddalash muayyan qiyinchiliklarni bartaraf etishni talab qiladi. Biroq mehnatkash va zahmatkash o‘zbek xalqi ming yilliklar qa’rida qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirmadi, deysiz! Milliy yuksalish oldimizdagi katta sinov, turli siyosiy, g‘oyaviy-mafkuraviy tartibsizliklar davrida o‘zlikni saqlab qolish, tenglar ichida teng bo‘lib, taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqib olishdir. Bu yo‘lda bizga hamroh, ishonchli maslahatchi, sodiq do‘st — kuchli ma’naviyat. Faqat kuchli ma’naviyat bilangina milliy yuksalish davri bunyod etiladi.
Abduxalil MAVRULOV,
tarix fanlari doktori, professor