Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, yeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va Ichki ishlar vazirligining qo‘shma loyihasi hamda 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan yeXHT loyihalarini O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi» doirasida hamda Buyuk Britaniyaning Metropolitan politsiyasi idorasi ko‘magida tashkil etilgan.

Mazkur trening Metropolitan politsiyasi vakillarining faol qo‘llab-quvvatlashi va bevosita ishtirokida bo‘lib o‘tyapti. Metropolitan politsiyasi — Buyuk Britaniyaning Katta London hududidagi politsiya xizmati bo‘lib, mamlakatdagi eng yirik politsiya bo‘linmasi hisoblanadi va Londonda huquq-tartibotni saqlash uchun mas'uldir.

Metropolitan politsiyasi bosh qarorgohi Londondagi Nyu-Skotlend-Yardda joylashgan. Metropolitan politsiyasi 1829 yilda ser Robert Pil tomonidan tashkil etilgan va uning tarkibida 40 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritadi. Ushbu xizmat Londonda jamoat tartibini saqlash bilan bir qatorda, terrorizmga qarshi kurash va qirol oilasi a'zolarini qo‘riqlash kabi bir qator umummilliy vazifalarni ham bajaradi.

Inson huquqlari uyida boshlangan treningda asosiy e'tibor tergov hibsxonalarida faoliyat yuritayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining qiynoqlar oldini olish va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga rioya etish sohasidagi salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Tadbirda qiynoqlar va shafqatsiz munosabatni taqiqlash inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarda hamda milliy qonunchilikda e'tirof etilgan asosiy huquq ekanligini qayd etildi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida qiynoq har qanday sharoitda va istisnosiz taqiqlanganligi ta'kidlandi.

Mazkur treningni bevosita amaliyotda faoliyat yuritayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun o‘tkazilishining dolzarbligi alohida e'tirof etildi.

Treningning birinchi kuni qamoqda saqlanayotgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlari va kafolatlariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning oldini olishning xalqaro-huquqiy va milliy normativ asoslari — BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi, unga Fakultativ protokol va qamoqda saqlanayotgan shaxslarni himoya qilishning asosiy kafolatlari bilan tanishdilar.

Ushbu masalalarni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Iqbolbek Abdumajidov hamda qamoqxona islohoti va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro maslahatchi, Xalqaro penitensiar jamg‘arma vakili Azamat Shambilov yoritib berdi.

Buyuk Britaniyaning Metropolitan politsiyasi vakillari Filip Maykl Endryus va Jon Norton Danturn qamoqda saqlash va vaqtinchalik ushlab turish joylariga oid inson huquqlari standartlarini, ushlab turilgan paytdan boshlab amal qiladigan asosiy himoya choralari — advokatdan foydalanish, tibbiy yordam, qarindoshlarni xabardor qilish, ro‘yxatga olish va hujjatlashtirishni, shuningdek qamoqda saqlash sharoitlarini boshqarish va hisobdorlik mexanizmlarini taqdim etdi.

Kun yakunida qiynoqlar va shafqatsiz muomala qo‘llanilishining xavf omillari bo‘yicha interaktiv muhokama o‘tkazilib, amaliy keyslar tahlil qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi  matbuot xizmati.