O‘rganishlar Vazirlar Mahkamasining 722-son qarori hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining 150-son buyrug‘i talablari asosida amalga oshirildi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda Taxiatosh tumani tibbiyot birlashmasida pullik tibbiy xizmatlar narxlarining shakllantirilishi va qo‘llanilishi tahlil qilindi.

Tahlillar davomida narxlar oshishiga ta’sir ko‘rsatgan qator omillar aniqlandi. Xususan, tushumlarning 2 foizini rag‘batlantirish jamg‘armasiga ajratish, amortizatsiya xarajatlarini hisobga olish, rentabellikning eng yuqori miqdorini qo‘llash, xronometraj me’yorlarini belgilangan tartibda kelishmasdan tasdiqlash hamda ayrim soliq xarajatlarini hisob-kitobga kiritish holatlari qayd etildi.

Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan 6 ta tibbiyot muassasasiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Shuningdek, qonunchilik talablari buzilishini bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda iste’molchilardan asossiz undirilgan 285,4 mln so‘m mablag‘ni 127 mingdan ortiq fuqaroga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Qo‘mita tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida pullik tibbiy xizmatlar narxlarini sun’iy oshiruvchi omillar bartaraf etildi. Natijada aholi uchun pullik tibbiy xizmatlar narxlarining o‘rtacha 5–10 foizga arzonlashishi ta’minlandi.