Sud hujjatlariga ko‘ra, voqea 2026-yil 25-may kuni Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan. Yandeks xizmati orqali chaqirilgan taksi haydovchisi Sh.M. manzilga yetib kelganidan so‘ng avtomashinada uxlab qolgan yo‘lovchining ko‘kragiga teginib, uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi shahvoniy harakatlarni amalga oshirgan.

Sud majlisida haydovchi aybini tan olmagan. Uning ta’kidlashicha, yo‘lovchi spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan va uni uyg‘otish uchun harakat qilgan, biroq hech qanday axloqqa zid harakat sodir etmagan.

Jabrlanuvchi esa sudda taksi haydovchisi manzilga yetib kelganidan keyin uning ko‘kragidan ushlaganida uyg‘onib ketganini, shundan so‘ng uyiga kirib borib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganini ma’lum qildi.

Sud haydovchining harakatlari dastlab Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi bo‘yicha baholangan bo‘lsa-da, ularni “shahvoniy shilqimlik qilish” deb topib, ishni MJtKning 41¹-moddasiga qayta kvalifikatsiya qildi.

Chilonzor tuman sudi qarori bilan Sherzod Mamirov MJtKning 41-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi va unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Shuningdek, undan maxsus qabulxonada saqlash xarajatlari uchun 309 ming so‘m undirilishi belgilandi.