O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarining malakasini oshirishga qaratilgan o'quvlarning ochilish marosimiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi. Aytish joizki, mazkur o'quvlar joriy yilning 5 noyabr` kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi o'rtasida tuzilgan o'zaro hamkorlik memorandumining ilk natijasidir.
Ushbu malaka oshirish o'quvlari O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash, mamlakatda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish maqsadida tashkil etilmoqda. Dastlab mazkur malaka oshirish o'quvlariga tanlov ommaviy axborot vositalari hamda O'zNNTMAning ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari orqali keng ommaga e'lon qilindi. Unda ishtirok etish maqsadida respublikamizning barcha viloyatlaridan 130 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarining arizalari kelib tushdi. Arizalar tanlov komissiyasi tomonidan ikki bosqichda saralandi. Tanlovda nazarda tutilgan talablar asosida 50 nafar nodavlat notijorat tashkilotlarining rahbarlari tanlab olindi.
Joriy yilning 22- noyabridan 3- dekabrga qadar davom etadigan mazkur malaka oshirish o'quvlari 72 soatlik maxsus o'quv reja asosida olib boriladi. O'quvlarda NNTlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat idoralari bilan ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, ta'sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, qolaversa, moliyaviy barqarorlikka erishish, xorijiy tajriba hamda rahbar xodimning shaxsiy kompetentligini oshirish masalalariga e'tibor qaratiladi. O'quvlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga Davlat boshqaruv akademiyasining sertifikatlari topshiriladi.
Tadbirda so'z olgan O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi vakillari ushbu malaka oshirish kurslari mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat va notijorat tashkilotlarining davlat va jamiyat qurilishning ustuvor masalalarini amalga oshirishda, erkin, ochiq, kuchli fuqarolik jamiyatini qurishda, jamiyat hayotini yanada erkinlashtirish va demokratlashtirishdagi ishtirokini faollashtirishiga xizmat qilishini alohida ta'kidlashdi.
Yuqorida qayd etilgan memorandumdan kelib chiqib, shu kabi qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari doirasida kelgusi yilda 100 nafar, 2023 -yilda 150 nafar, 2024- yilda 200 nafar hamda 2025- yilda 250 nafar nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini o'qitish reja qilingan.