Ta’lim sohasini isloh qilishning Milliy yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi

    Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, YUNISEF hamda Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik tashkiloti (GPE) yetakchiligida “Mahalliy ta’lim guruhi”ning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

    Unda 2023–2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi ta’lim sohasini isloh qilishning Milliy yo‘l xaritasi (National Compact)ni ishlab chiqish jarayoni va tavsifi, mazkur yo‘nalishda faoliyat olib boradigan tematik ishchi guruhlarni tasdiqlash, GPE “Multiplier” grantiga ariza berish jarayoni haqida so‘z yuritildi.

    Milliy yo‘l xaritasini ishlab chiqish jarayoni hamkorlar bilan birgalikda ushbu islohot dasturining amalga oshirilishini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Ta’lim sohasi uchun milliy kelishuvni ishlab chiqish nafaqat ta’lim sohasida ishtirok etuvchi turli manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish, balki loyihalarning takrorlanishi va resurslardan samarasiz foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik uchun eng tejamkor yechimlarni kengaytirish imkonini beradi.

    GPE “Multiplier” granti doirasidagi yangi loyiha infratuzilmani takomillashtirish va ta’lim sifatini oshirishga e’tibor qaratishi ko‘zda tutilgan. Sektorning tizimli o‘zgarishi GPE tomonidan qo‘shimcha ravishda moliyalashtiriladi.

    Shuni alohida ta’kidlash joizki, YUNISEF va boshqa hamkorlarning texnik ko‘magida o‘tgan yili maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim darajasida ta’lim sohasida muhim yutuqlarga erishildi.

    Jumladan:

    yangi davlat-xususiy sheriklik modellari yo‘lga qo‘yildi;

    ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga kuyiladinan talaьblar asosida maktabgacha ta’lim davlat dasturi qayta ko‘rib chiqildi;

    tarbiyachilar va ukituvchilarga mo‘ljallangan ilk maktabgacha onlayn platformalari ishga tushirildi;

    umumiy o‘rta ta’limda boshlang‘ich bosqichda matematika, ona tili va tabiiy fanlar bo‘yicha yangi darsliklarni joriy etish hamda o‘quv dasturlari islohotida muhim natijalarga erishildi;

    innovasiyalar va raqamli ta’limni kengaytirish imkoniyatlari yaratildi.

    GIGA loyihasi tashabbusi doirasida internetga ulanishning real vaqt rejimidagi monitoringi yanada kengaytirildi, bu esa internetga ulanishni va barcha 10 132 maktabda internet sifati va yufori tezligini taeminlash imkoniyatini yaratdi.

    Ma’lumot uchun: Milliy yo‘l xaritasi bu hukumat tomonidan tasdiqlanadigan, Mahalliy ta’lim guruhi rahbari va moliyalashtiruvchi institut tomonidan imzolanadigan va dalillarga asoslangan hujjat hisoblanadi. U ta’lim tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini va ularni amalga oshirish chora-tadbirlarini belgilaydi hamda investisiyalarni jalb etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.