BMT maʼlumotlariga koʻra, dunyo aholisining qariyb 40 foizi toza ichimlik suvi etishmaydigan hududlarda yashaydi. 2025 yilga kelib har 10 kishidan 6 nafari yoki 5,5 milliard aholi chuchuk suv tanqisligidan aziyat chekishi mumkin. Mazkur muammoga qoʻshimcha ravishda taʼkidlab oʻtish joizki, yuqumli kasalliklarning 80 foizdan ortigʻi aynan ichimlik suv sifatining pastligi hamda suv taʼminotida sanitar–gigienik qoidalarning buzilishi bilan bogʻliq. Tabiiyki, bu global muammo insoniyatning toʻkis hayot kechirishiga, kelajak taraqqiyotga oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda.
Shu bois, jahon hamjamiyati insoniyat eʼtiborini doimiy ravishda mazkur muammoga qaratib kelayotir. Sayyoramizda har yili 22 mart – Butunjahon suv kuni sifatida nishonlanishi zamirida ham shu maqsad mujassam.
Aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash mamlakatimiz uchun ham oʻta dolzarb masaladir. Prezidentimizning 2018 yil 30 noyabrda “Oʻzbekiston Respublikasida ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi dolzarb vazifalarni amalga oshirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda. Mazkur qarorda belgilangan vazifalar izchillik bilan amalga oshirilishi natijasida birgina 2020 yilda mamlakatimizda markazlashgan ichimlik suv taʼminotini yaxshilash uchun 3, 4 trillion soʻm yoki 2017 yilga qiyoslaydigan boʻlsak, oʻn barobar koʻp mablagʻ ajratildi. Bu mablagʻdan maqsadli foydalanilishi natijasida aholining toza ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 73 foizga yetkazildi.
Ayni kunlarda Toshkent viloyati shahar va tumanlarining ichimlik suv taʼminoti tizimini rekonstruksiya qilish, Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga Jizzax viloyati ichimlik suv taʼminoti tizimini yaxshilash, Buxoro viloyati Olot va Qorakoʻl tumanlari aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, Oqsuv–Dehqonobod suv quvuri qurilishi orqali Dehqonobod tumani aholisining ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
—Soʻnggi 4 yilda suv tarmoqlarida rekonstruksiya ishlari toʻrt barobarga ortgan. 2017 yilda 1115 kilometr suv tarmogʻi modernizatsiya qilingan boʻlsa, 2020 yilda bu koʻrsatkich 4109 kilometrga etdi, – dedi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirining birinchi oʻrinbosari, “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov. – Bugungi kunda jamiyatimizning boshqa sohalari kabi aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash yoʻnalishidagi ishlarni tashkil etish borasida ham yangi tizim yaratildi. Oxirgi 4 yilda sohaga 4 trillion soʻmdan oshiq mablagʻ yoʻnaltirildi. Buning natijasida qariyb 3 million aholi toza ichimlik suv bilan taʼminlandi. Taqqoslash uchun aytadigan boʻlsak, 2006 –2016 yillarda, yaʼni oʻn yil ichida 2 million aholiga toza suv etkazib berilgan edi.
Hozirgi kunda obihayot taʼminoti boʻyicha sharoiti ogʻir boʻlgan uch ming uch yuzdan ortiq mahalladagi holat oʻrganilmoqda. Aholini markazlashgan suv bilan taʼminlash boʻyicha ishlab chiqilgan dasturlar avval deputatlar, keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi. Ular tomonidan tasdiqlangach, amaliy ishlar boshlanadi. Shu kunlarda boshqa sohalar kabi markazlashgan suv taʼminotini tashkil etishga qaratilgan ishlar ham mahallabay, xonadonbay tizimda tashkil etilyapti. Suv tarmogʻi xonadonlargacha olib kirilib, hisoblagich ham oʻrnatib berilmoqda.
Shu kunlarda Qibray tumanidagi Qodiriya suv tozalash va taʼminlash inshootida qurilish ishlari jadal surʼatlarda davom etyapti. Hozirda Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Toshkent tumanlari aholisining oltmish foizi toza ichimlik suv bilan taʼminlangan boʻlsa, yangi loyiha ishga tushgach bu koʻrsatkich 92 foizga etadi.
Aholini markazlashgan tarzda obihayot bilan taʼminlash boʻyicha yana bir yirik loyiha Buxoro viloyatining Olot tumanida amalga oshirilmoqda. Bu yerda sutkasiga 50 ming kub metr suvni tozalab aholi etkazib beradigan inshooti qurilyapti. Jahon bankining qiymati 139 million AQSH dollariga teng mazkur loyihasi yakunlanib, suv inshooti ishga tushgach, Olot va Qorakoʻl tumanlarida istiqomat qiladigan 267 ming aholi markazlashgan tarzda obihayot bilan taʼminlanadi. Bu yurtimizning chekka va ekologik sharoiti nisbatan murakkab boʻlgan hududi aholisi uchun juda katta qulaylikdir.
Maʼlumotlarga koʻra, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida shu paytgacha bor yoʻgʻi ikki foiz aholi markazlashgan ichimlik suv tarmogʻidan foydalanib kelgan. Tumanda jadallik bilan amalga oshirilayotgan qiymati 252 milliard soʻmga teng Oqsuv –Dehqonobod toza suv taʼminoti loyihasi amalga oshirilgach, Dehqonobod tumanining 78 foizi yoki 116 ta qishloqdagi 112,8 mingdan ortiq aholi ichimlik suv bilan taʼminlanishi koʻzda tutilgan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Oqsuv –Dehqonobod suv tarmogʻi juda murakkab sharoitda barpo etilyapti. YAʼni, suv tarmoqlari baland togʻliklardan aholi yashash hududlarigacha boʻlgan uzoq masofaga tortib kelinmoqda. Aytishlaricha, bu loyiha ancha murakkab boʻlgani bois, ilgarilari bir necha bor loyihalashtirilgan, biroq amalga oshmay qolib ketgan. Bugungi kunda jamiyatimizda inson manfaatlari barcha narsadan ustun qoʻyilib amalga oshirilayotgan ezgu islohotlar tufayli bunday murakkab loyihalarni hayotga tatbiq etishning ham oqilona yechimi topilayotgani aholini behad mamnun etmoqda.
Zarafshon daryosidan Jizzax viloyati aholi punktlariga suv etkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyiha ham bugungi yaratuvchilik va bunyodkorlik ishlarimizning muhim koʻzgusidir. Ushbu loyiha doirasida sutkasiga yuz ming kub metr suv tozalash quvvatiga ega Uzunbuloq suv tozalash inshootida qurilishi ishlari yakuniga etmoqda. Bu erda zamonaviy texnologiyalar asosida tozalangan suv Baxmal, Gʻallaorol, Doʻstlik, SHarof Rashidov, Paxtakor, Mirzachoʻl tumanlari hamda Jizzax shahrigacha etib boradi va 600 ming aholining markazlashgan toza ichimlik suv taʼminoti yaxshilanadi. Jumladan, 65 ta qishloq aholisi ham toza suvdan bahramand boʻladi.
—Bu loyihani amalga oshirish uchun juda murakkab ishlar bajarilyapti, – deydi jizzaxlik mehnat faxriysi Saʼdullo Shukurov. – Zarafshon daryosining suvi 100 metr yuqoriga koʻtarilib suv inshootiga yoʻnaltirilmoqda. Buning uchun katta mablagʻ va resurslar sarflanayotir. Xalq manfaatini koʻzlab amalga oshirilayotgan bu ishlarning ahamiyatini barchamiz toʻliq anglab, suvning har tomchisini tejash asosiy vazifamizga aylanmogʻi lozim.
Aholini obihayot bilan taʼminlashdek bunday xayrli ishlar bu yil ham izchillik bilan davom ettirilmoqda. Bu yilgi investitsiya dasturida bu tadbirlarga 1 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratildi. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ dan maʼlum qilishlaricha, bu mablagʻ birinchi navbatda amalga oshirilayotgan loyihalarni yakuniga etkazishga yoʻnaltiriladi. Qolaversa, mahallabay oʻrganish davomida ishlab chiqilgan yangi loyihalarni amalga oshirish hisobiga, joriy yilda yana 700 ming aholi ilk bor toza ichimlik suvi taʼminotiga ega boʻladi.
Soʻnggi yillarda jadallik bilan amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar xalqimiz hayotiga yangi maʼno-mazmun baxsh etishi barobarida xalqaro miqyosda ham alohida eʼtirof etilayotgani yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning oʻziga xos eʼtirofidir. Xususan, ekologiya koʻrsatkichlari xalqaro reyting agentligi xulosasiga koʻra, mamlakatimiz 2021 yilda suv sifati boʻyicha jahon mamlakatlari reytingida 58- oʻrinni egalladi. 2016 yilda bu borada 136-oʻrinda boʻlganimizni nazarda tutsak, oʻsish surʼatlari yaqqol namoyon boʻladi. ekspertlar bu reytingni tuzishda ichimlik suvining sifati va aholini qamrab olish darajasini asosiy mezon etib belgilagan.
Yurtimizda bunday xayrli ishlar kun sayin kengaymoqda. Uning natijalari esa aholining salomatlik koʻrsatkichi yaxshilanayotgani, hududlarning ijtimoiy -iqtisodiy rivojlanish surʼatlarida yaqqol koʻzga tashlanayotir.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri