Ikki kun davom etgan TURKSOYga aʼzo mamlakatlar madaniyat vakillari ishtirokidagi muhokamalar oʻz nihoyasiga yetdi.
40-TURKSOY doimiy Kengashi yigʻilishida Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Bahodir Ahmedov ham nutq soʻzladi.
Yigʻilish doirasidagi muhokamada qator masalalar koʻrib chiqildi.
Dastlab, TURKSOY xalqaro tashkilotining 2023-yil davomida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan hisoboti tinglandi. Shundan soʻng, “TURKSOY nazari” loyihasi koʻrib chiqilib, shu asosda kelgusida turkiy dunyo madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan vazifalar va tashkilotda ish hajmining oshayotgani, hamkorlik doirasining kengayayotgani hisobga olinib, tuzilma tarkibini kengaytirish masalasi atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, kelgusi oʻn yillikka moʻljallangan “Yoshlar strategiyasi” doirasida TURKSOYga aʼzo davlatlar ijodkor yoshlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar yuzasidan fikr-mulohaza va takliflar almashildi. Bundan tashqari, 2025-yildan boshlab “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti” maqomini alifbo boʻyicha berish masalasi koʻrib chiqilib, bir ovozdan maʼqullandi. Eʼtiborlisi, turkiy dunyo davlatlari oʻrtasida tarixiy shaxslarni xotirlash, xususan, joriy yilda Abdulla Qodiriy tavalludining 130-yilligini keng nishonlashga oid tadbirlar rejasi belgilandi.
Shu bilan birga turkiy xalqlarning moddiy va nomoddiy madaniy merosi roʻyxatini tuzish boʻyicha ishchi komissiya tashkil qilishga kelishib olindi.