Ko'chat ekib, bog' yaratish xalqimizga xos azaliy qadriyatlardan. Zero, o'zing yashab turgan joyni obod qilish ko'ngilni obod qiladi, turmush farovon va fayzli bo'ladi. Asrlar osha yashab kelayotgan ushbu ezgu an'ana bugun yangicha ma'no-mazmun kasb etayotgani yurtdoshlarimiz qalbida yaratuvchilik va bunyodkorlik tuyg'ularini yanada kuchaytirmoqda. Buning natijasida shahar va qishloqlarimiz tobora chiroy ochib, zamonaviy inshootlar qatori so'lim va xushmanzara istirohat bog'lari ko'paymoqda.
SHu kunlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimizning shundoq biqinida, Toshkent viloyatining Qibray tumanida yangi O'zbekistonga munosib bog' barpo etish ishlari boshlab yuborildi. Bunday “yashil hududlar” so'nggi yillarda har tomonlama yuksalishga yuz burgan Toshkent shahri uchun ayniqsa, muhim.
Prezidentimiz kuni kecha ushbu hududga tashrif buyurdi. SHu munosabat bilan bu erga parlament va hukumat a'zolari, Toshkent shahar jamoatchiligi, nuroniylar, ilm-fan, madaniyat va sport namoyandalari, yoshlar yig'ildi. Boqqa ilk ko'chatlar ekildi.
104 gektarlik yangi bog' nafaqat manzarasi, landshafti, balki mazmuni bilan ham alohida e'tiborga molik. Bog'ning umumiy ko'rinishi xuddi ulkan daraxtning beshta shoxini eslatadiki, bu Harakatlar strategiyasining besh ustuvor yo'nalishini ifodalaydi. SHunga monand bog' boshqa bog'lardan tubdan farq qiladi, zero, bu erni avvalo, yuksak madaniyat va ma'naviyat maskaniga aylantirish maqsad qilingan.
Bu erda odamlar tabiat qo'ynida miriqib dam oladigan so'lim hududlar yaratiladi. Kashtan, eman, chinor, lola, lipa bog'lari barpo etilib, dunyoning turli burchaklaridan keltiriladigan noyob manzarali daraxtlar, butalar, gullar ekiladi. Sun'iy ko'l, sport maydonchalari, bolalar o'yingohlari, favvoralar quriladi.
Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag'ishlangan Istiqlol majmuasi ham shu erda barpo etiladi.
Prezidentimiz ushbu majmuaning tarixiy-g'oyaviy ahamiyatini alohida ta'kidladilar.
-Bu yil milliy istiqlolimizning 30 yilligini keng nishonlaymiz. Aslida, bizning davlatchiligimiz 3 ming yillik tarixga ega. Bog' ana shunday buyuk tariximizni namoyon etadigan o'ziga xos majmua bo'ladi. Bu erga tashrif buyuruvchilar, ayniqsa, yoshlarimiz va xorijlik mehmonlar ana shu ulug'vorlikni his etadi, ruhiy quvvat oladi, - dedi davlatimiz rahbari.
Bu bog' O'zbekistonning yangi qiyofasini, ulkan salohiyatini, ko'pmillatli xalqimizning birdamligi va hamjihatligini aks ettiradigan majmua bo'lishi zarurligi ta'kidlandi. Davlatimiz rahbari bu muhtasham bog'ni “YAngi O'zbekiston” deb atashni taklif qildi.
Bugun yurtimizning qaysi hududiga bormang, keng ko'lamli qurilish- obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlariga guvoh bo'lasiz. Bu manzaralarni ko'rib, ko'z o'ngimizda boy tariximiz gavdalanadi. Buyuk sohibqiron Amir Temur davrida ham mashhur bog'lar yaratilgan, ularning har biri o'ziga xos va betakror nomlar bilan atalgan: “Bog'i baland”, “Bog'i behisht”, “Bog'i davlatobod”, “Bog'i dilkusho”, “Bog'i jahonnoma”, “Bog'i maydon”, “Bog'i nav”, “Bog'i chinor”, “Bog'i shamol”. Qarang, bog'larning nolanishiyoq ko'ngilda ajib tuyg'ular paydo qiladi, hayotga qiziqishni oshiradi, yaratuvchanlikka undaydi. YAngi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ham ana shunday tarixiy qadriyatlarimizga hamohangligi bilan qalbimizni g'urur-iftixorga to'ldiradi.
Prezidentimiz qo'llari bilan ilk niholi o'tqazilgan “YAngi O'zbekiston” bog'i yurtdoshlarimiz va xorijlik mehmonlar bilan gavjum bo'lishi, jajji bolajonlarning shodon qiyqirig'u kulgilariga to'lishi, yoshlar, otaxonu onaxonlar dam olib, madaniy hordiq chiqaradigan sevimli go'shaga aylanishiga shubha yo'q. Ushbu so'lim maskanda aholi salomatligini mustahkamlash va sog'lom turmush tarzini keng yoyish uchun yaratilgan qulayliklardan ham barcha birdek bahramand bo'ladi.
Xalqimiz manfaati yo'lida amalga oshirilayotgan bunday olijanob va ezgu ishlar yurtimiz taraqqiyoti, aholi farovonligi va turmush darajasining yuksalishiga xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Baxtiyor SAYFULLAEV,
Oliy Majlis Senatining YOshlar, madaniyat va sport masalalari qo'mitasi raisi