Jahon banki Fargʻona viloyati qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga kredit ajratadi

    Investitsiyalar 2 Fevral 2022 1458

    Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Jahon banki xalqaro eksperti Ivan Xorvat, Jahon bankining AKIS (Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi) loyihasi koordinatori Otabek Mansurov, shuningdek Jahon banki loyiha muhandisi Ibodullo Dadaxanovlardan iborat delegatsiyani qabul qildi.

    Uchrashuvda Fargʻona viloyatida qishloq xoʻjaligida qulay agrobiznes muhitini va yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, sohaga jahon tajribasi asosida bilim, innovatsiyalar va agroxizmatlar tizimini keng joriy etish, shuningdek, xizmat turlarini takomillashtirish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

    Qishloq xoʻjaligi viloyatda rivojlangan sohalardan biri boʻlishiga qaramay, zamonaviy texnologiyalarning va ilm-fan innovatsion yutuqlarining toʻla joriy etilmagani sababli baʼzi hududlarda samaradorlik va hosildorlik bugungi jahon standartlaridan past ekaniga eʼtibor qaratgan viloyat hokimi, qishloq xoʻjaligini isloh qilish oʻta dolzarblik kasb etayotganini va viloyat hokimligi Jahon bankining bu boradagi barcha loyihalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini qayd etdi.

    Jahon banki delegatsiyasi tomonidan bank loyihalari doirasida Fargʻona viloyatini qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalarni tatbiq etish boʻyicha transmintaqaviy innovatsion xabga aylantirish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.

    Jahon bankining kredit loyihasi bilan Fargʻona shahrida barpo etilayotgan viloyat AKIS Agroxizmatlar markazi bu boradagi mamlakatimizdagi ilk pilot loyiha boʻladi. Qurilish va taʼmirlash ishlari uchun 39,2 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, hozirgi kunda belgilangan loyiha asosida ishlar olib borilyapti va joriy yil iyun oyida markaz qurilishi yakunlanadi. Jahon banki tomonidan markazni jihozlash uchun qoʻshimcha 1 million dollar miqdorida mablagʻ ajratilishi bugungi uchrashuvda bank vakillari tomonidan maʼlum qilindi.

    Mazkur hududiy markaz tomonidan “yagona darcha tamoyili” asosida davlat-xususiy sherikchilik tamoyilida 500 dan ortiq agrosanoat majmuiga oid xizmatlar koʻrsatiladi. Shundan 40 dan ortiq yangi turdagi innovatsion texnologiyalar asosidagi qator xizmatlar, jumladan, geoaxborot tizimlari, dron xizmatlari, xalqaro standartlar, “Organic”, “Global G.A.P” va “Halol” sertifikatlari joriy etiladi. Xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan 5 turdagi zamonaviy laboratoriya, yaʼni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xavfsizligi, In-vitro koʻchatchiligi, tuproq, suv va fitosanitariya tahlil laboratoriyasi viloyatdagi fermer xoʻjaliklari hamda agrobiznes vakillariga xizmat koʻrsatadi.

    Jahon bankining Intensiv bogʻlar barpo etishga koʻmaklashish loyihasi doirasida Fargʻona viloyatining bogʻdorchilik va uzumchilik rivojlangan tumanlaridagi fermer xoʻjaliklarining jami 500 gektargacha boʻlgan bogʻlarini yangilashga ham kelishib olindi. Bunda har gektar uchun 30 ming dollar miqdorida kredit ajratiladi, Jahon banki nazoratida barcha zamonaviy texnologiyalar joriy etilgan, Yevropa standartlariga mos intensiv bogʻlar barpo etilib, 3 yilda hosilga kirgach, fermerlarga taqdim etiladi. Fermerlar sarflangan mablagʻning 10 foizini dastlabki toʻlov sifatida amalga oshirishadi, qolgan qismi uchun 7 yildan 10 yilgacha imtiyozli kredit taqdim etiladi.

    Shuningdek, Bagʻdod va Rishton tumanlarida urugʻchilik, urugʻli chigit tayyorlash loyihalari uchun 26,5 million dollar miqdorida Jahon banki kreditlari ajratiladigan boʻldi.

    Uchrashuv doirasida viloyatdagi har bir shahar va tumanda 1 000-1 500 tonnalik hajmdagi sovitkichli meva-sabzavot saqlash mini-omborlari tashkil etish uchun ham mahalliy tadbirkorlarga Jahon banki kreditlari taqdim etilishga kelishib olindi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.